Isroilning harakatini 85 davlat qoraladi
BMTga a’zo 85 davlat Isroilning ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda amalga oshirayotgan xalqaro huquqqa zid harakatlarini keskin qoraladi.
“Biz Isroilning G‘arbiy Sohilda noqonuniy nazoratni kengaytirishga qaratilgan biryoqlama qarorini qat’iy ravishda qoralaymiz. Bunday qarorlar Isroilning xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlariga zid va ular zudlik bilan bekor qilinishi kerak. Shu munosabat bilan biz anneksiyaning har qanday shaklini qabul qilmasligimizni bildiramiz”, – dedi Falastinning BMTdagi elchisi Riyoz Mansur 85 davlat va bir qator xalqaro tashkilotlar nomidan bergan bayonotida.
Ta’kidlanishicha, Falastinning Isroil tomonidan 1967 bosib olingan yerlari, jumladan, Iordan daryosining G‘arbiy Sohili va Sharqiy Quddusning maqomi, demografik tarkibi o‘zgartirilishi nomaqbuldir.
Tel-Aviv ma’muriyatining biryoqlama harakatini tanqid qilganlar safida Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Pokiston, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlar, Yevropa Ittifoqi, Arab davlatlari ligasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar bor.
Gap shundaki, bir necha kun muqaddam Isroil ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning S zonasidagi yerlarni ro‘yxatga olishni boshladi.
Falastin ma’muriyatiga ko‘ra, yerni ro‘yxatga olish va Isroil mulki deb e’lon qilish amalda G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish va xalqaro huquqqa zid ravishda qurilgan yahudiy manzilgohlariga qonuniy tus berishni anglatadi.
Peace Now tashkilotiga ko‘ra, S zonasi G‘arbiy Sohilning 60 foizini tashkil etadi.
BMT bosh kotibi Antonio Guterrish ham Isroilning yerni ro‘yxatga olish tadbiri falastinliklarni mulkidan mahrum qilishga olib borishidan ogohlantirgan.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi. Hozirga qadar mazkur hududda 160 ta manzilgoh qurilgan va 700 ming nafar yahudiy aholisi joylashtirilgan.
Tel-Aviv hukumati xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, G‘arbiy Sohilda noqonuniy manzilgohlarni ko‘paytirishga harakat qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti 2025 yil iyul oyida G‘arbiy Sohil “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” ekani iddao qilgan holda, hududni qo‘shib olish haqida hujjat qabul qilgan edi. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.
BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupatsiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT tizimidagi Xalqaro sud 2024 yilda Isroilning G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorini bosib olganini yana bir karra noqonuniy deb e’lon qildi va okkupatsiyani to‘xtatishni buyurdi.
So‘nggi vaqtlarda G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlari ham kuchaygan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter