Jahon banki AQSh, yevrozona va Xitoy iqtisodiyotlari uchun yomon prognoz berdi

Jahon banki yetakchi iqtisodiyotlar — AQSh, yevrozona va Xitoy bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini pasaytirdi.
AQSh iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha 2019-yil uchun prognoz 2,5 foizdan (iyun prognozi) 2,3 foizga pasaytirilgan. 2020-yilda ko‘rsatkich yanada pasayib 1,6 foizga, 2021-yilda esa 1,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
«Kelib tushayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashuvi savdo bojlarining oshishi va sarmoyalarga bosim o‘tkazayotgan iqtisodiy siyosatdagi mavhumlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», — deyishmoqda Jahon banki mutaxassislari.
Yevrozona iqtisodiyotidagi o‘sish darajasi bu yil 1,1 foiz (iyun prognozida 1,2 foiz edi) bo‘lishi kutilmoqda. 2020-yilda ham o‘zgarmaydi — 1,1 foiz, 2021-yilda esa 1,2 foiz darajasiga chiqishi mumkin.
«Yevrozonadagi faollik, ayniqsa, ishlab chiqarish sohasida, 2018-yilda sezilarli darajada pasaygandi. Sanoat ishlab chiqarishi va tashqi savdo sezilarli pasayishni namoyon etayotgan bir paytda, iste’molchilar faolligidagi susayish alomatlari endi paydo bo‘lmoqda», — deyiladi sharhda.
Xitoy iqtisodiyotidagi o‘sish bu yil 6,1 foizni tashkil etadi (iyundagi prognozga nisbatan 0,1 band past). Keyingi yillarda ko‘rsatkich sezilarli ravishda pasayadi: 2020-yilda — 5,9 foiz (6,1 foiz o‘rniga), 2021-yilda — 5,8 foiz (6 foiz o‘rniga).
Bu mamlakat iqtisodiyotidagi susayishni ekspertlar AQSh bilan o‘rtadagi savdo urushiga bog‘lashmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter