Jonli efirda urushni to‘xtatishni talab qilgani ortidan qamalgan Ovsyannikova so‘roq tafsilotlarini ochiqladi

Ostankino sudi M.Ovsyannikovaga jarima jazosi tayinladi.
Rossiyaning «Birinchi kanal»i muharriri Marina Ovsyannikova to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir vaqtida Ukrainadagi urushni to‘xtatishni talab qilib plakat ko‘tarib chiqqach, ko‘z ochib yumguncha dunyoga mashhur bo‘lib ketdi. Ushbu xatti-harakati ortidan qamoqqa olingan va ma’muriy ish doirasida jarimaga tortilgan jurnalist «Novaya gazeta» nashriga bergan intervyusida huquq-tartibot idoralari unga nisbatan olib borgan so‘roq tafsilotlarini ochiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya huquq idoralari Marina Ovsyannikova G‘arb mamlakatlari maxsus xizmati bilan hamkorlik qiladi degan gumonga borgan.
«Ular mendan qaysi maxsus xizmat bilan aloqador ekanim haqida so‘ray ketishdi. Huquq idoralari bergan ilk savol shu bo‘ldi. Hech kim oxirgi lahzagacha «Birinchi kanal»ning oddiy xodimi ekanim, na MI-6, na Federal tergov byurosi, na «Mossad» – biror bir maxsus xizmatga aloqam yo‘qligiga ishonmadi», – deydi Ovsyannikova.
Jurnalist shunchaki fuqarolik pozitsiyasi va e’tiqodiga ko‘ra urushga qarshi chiqqanini qayta-qayta aytganiga qaramay, huquq idoralari konspirologik farazlarni ilgari surgan.
Uzoq yil Rossiya davlat telekanalida faoliyat yuritgan jurnalist «boshini kundaga qo‘yib», jonli efirda urushga qarshi chiqqani xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortdi, dunyoning yetakchi gazetalari birinchi sahifasida uning suratlari bosildi. M.Ovsyannikova hatto jasoratda fransiyalik qahramon Janna d’Arkka mengzaldi. Bunga munosabat bildirgan jurnalist o‘zini qahramon sanamasligini aytgan.
«Yo‘g‘-ye, men o‘zimni qahramon deb bilmayman. Albatta, bu jasoratli qadam bo‘lishi mumkin. Aslida, men o‘zimni ko‘proq charchagan va holdan toygan odam deb bilaman. O‘g‘lim ta’biricha, men oilamiz hayotini izdan chiqargan insonman. Lekin men unga gohida hayotimiz to‘g‘ri o‘zanga tushishi uchun qaltis harakatlar ham qilishga to‘g‘ri kelishini tushuntirdim», – deydi endilikda «Birinchi kanal»ning sobiq muharriri.
Ovsyannikova suhbat asnosida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning siyosiy boshpana berish haqidagi taklifini rad etgani, ammo farzandlari hayotidan xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Marina Ovsyannikova 14 mart kuni «Vremya» dasturining jonli efirida Ukrainada kechayotgan urushga qarshi bayonot berdi. U boshlovchi Yekaterina Andreyeva ortida kadrda paydo bo‘lib, «Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi» deb yozuvni ko‘tarib chiqdi.
Ovsyannikovani qonunga xilof ravishda ommaviy norozilik aksiyasi o‘tkazganlikda aybdor deb topgan Ostankino tuman sudi unga 30 ming rubl miqdorida jarima tayinladi.
Shuningdek, unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining mamlakat harbiylari haqida «ommaviy ravishda yolg‘on axborot tarqatish» moddasi bo‘yicha tekshiruv davom etayotgani aytilmoqda.
Jahon miqyosida aks sado bergan bu voqeaga Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham munosabat bildirib, hodisani «bezorilik» deb atadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter