Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kaspiy dengizida ayrim baliqlar yo‘q bo‘lish arafasida». Ekspert ekologik xatarga e’tibor qaratdi

«Kaspiy dengizida ayrim baliqlar yo‘q bo‘lish arafasida». Ekspert ekologik xatarga e’tibor qaratdi

Transchegaraviy daryo hisoblangan O‘xchuchay daryosi sanoat chiqindilari, og‘ir metallar va tuz birikmalari bilan ifloslantirilishi tufayli Janubiy Kavkaz mintaqasining hayvonot olami, o‘simlik dunyosi va ekotizimi xavf ostida qolmoqda, deydi Ozarbayjondagi «Ekolog-2010» ekologik targ‘ibot jamoat birlashmasi raisi Salim Balayev mahalliy matbuotda chop etilgan maqolasida.

Ozarbayjon Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi tizimidagi Biologik resurslar tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Kaspiy dengizida kechi, kutum, Kaspiy sazani, Sharq chapag‘i va shamayi kabi besh turdagi baliqlarning soni bir necha barobar kamaygan.

Qayd etilishicha, bular asosan chuchuk suv baliqlari bo‘lib, Ozarbayjon hududidan oqib o‘tuvchi daryolarda yashaydi, urug‘ qo‘yib, ko‘payib, undan keyingi hayotini Kaspiy dengizida davom ettiradi. Jumladan, O‘xchuchay daryosining asosiy qismi Armanistonning Sunik viloyatida (Ozarbayjonning Zangazur deb ataladigan tarixiy viloyati) joylashgan bo‘lib, uning quyi oqimi Zangilon viloyati hududidan oqib o‘tadi.

«Ekolog-2010» jamoat birlashmasi raisi Salim Balayevning xavotir bilan yozishicha, O‘xchuchay Armanistonda go‘yo sanoat chiqindilarini yig‘uvchi daryo rolini o‘ynamoqda. Qo‘shni davlatning janubiy hududida joylashgan Gajaron mis-molibden va G‘afan rudani qayta ishlash zavodlari daryoga ortiqcha og‘ir metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqizishi Kaspiyning hayvonot va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘xchuchay Ozarbayjonning Armaniston tomonidan ishg‘ol qilingan Zangilon viloyatida joylashgani sababli 1993 yildan keyin bu daryoda monitoring o‘tkazish imkonsiz bo‘lgan. Oradan 27 yil o‘tgach, ya’ni 2020 yili hudud ishg‘oldan ozod qilingach, ekologlar tomonidan daryoda monitoring o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi va xavotirli faktlar o‘rtaga chiqdi. Hisobotlarga ko‘ra, daryoda mis-molibden birikmasi miqdori me’yordan ikki barobar, temir to‘rt barobar, nikel esa yetti barobar ko‘p bo‘lgan, ifloslanish natijasida daryoning rangi ham o‘zgarib ketgan. Ozarbayjonning «Qizil kitobi»ga kiritilgan o‘n minglab tilla va shirbit baliqlarining ommaviy nobud bo‘lishi kuzatilgan.

Rasmiy Boku xalqaro tashkilotlarga O‘xchuchay ekologik inqirozi xususida rasmiy bildirgi yuborgan.

«Ekolog-2010» jamoat birlashmasi raisi S.Balayevga ko‘ra, Armaniston tomonidan Ozarbayjonga qarshi olib borilayotgan «ekologik terror»ni to‘xtatish uchun xalqaro tashkilotlar amaliy harakat qilishi lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring