Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kissinjer Ukraina borasida pozitsiyasini o‘zgartirdi

Kissinjer Ukraina borasida pozitsiyasini o‘zgartirdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonga safari chog‘i AQSh sobiq davlat kotibi Henri Kissinjer bilan ham muzokara o‘tkazdi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak uchrashuv mazmundor o‘tganini bildirgan. 

«Suhbat chindan ham juda chuqur va mazmundor kechdi. Kissinjer Rossiyadagi hozirgi holatni ifodalovchi ko‘plab aniq ta’riflar keltirdi», – deb yozgan A.Yermak.

Devon rahbari AQSh diplomatiyasi oqsoqoli avval Ukrainaning NATOga kirishiga qarshi bo‘lgani, endi esa pozitsiyasini o‘zgartirganini qayd etgan.

«Ushbu ziddiyatga qadar (Rossiya bosqini nazarda tutilmoqda – tahr.) Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi edim. Negaki, a’zolik biz hozir guvoh bo‘lib turgan jarayonga (urush nazarda tutilmoqda – tahr.) olib kelishidan xavotirlangan edim. Holat shu darajaga yetgan ekan, betaraf Ukraina g‘oyasi o‘z ahamiyatini yo‘qotdi», – degan H.Kissinjer.

Joriy yil 27 may kuni 100 yoshga to‘lgan Kissinjer 1973–1977 yillarda AQSh davlat kotibi lavozimida faoliyat yuritgan, Vetnamdagi urushni to‘xtatishga qo‘shgan hissasi uchun 1973 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

Uzoq yillar Ukrainaning Shimoliy alyansga kirishiga muxolif bo‘lgan siyosatchi Kiyev Kreml ta’sir doirasida qolishini yoqlagan. Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishini ham oqlab, Moskvaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni tanqid qilgan.

2022 yil may oyida Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumida Kissinjer Kiyev urushni yakunlash uchun Rossiyaga hududlar borasida yon berishi kerakligini aytgan. Mazkur bayonot G‘arb jamoatchiligining keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Keyingi vaqtlarda Ukraina borasida og‘ir-vazmin pozitsiyaga o‘tayotgan Kissinjer nihoyat mamlakat NATOga kirishi lozim degan xulosaga kelgan.

Avval xabar berganimizdek, oqsoqol diplomat Rossiya va Xitoyning qilo‘tmas do‘st bo‘lishi G‘arb manfaatlariga zid ekanini ochiq e’tirof etib, bu masalada oqilona siyosiy yondashuv ishlab chiqishni tavsiya etgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring