Koreyada bolalar kitob bayramini intiqib kutishadi...
Janubiy Koreyada boshlang‘ich maktabda kuzda kitobxonlikka oid juda ko‘p tadbirlar bo‘ladi. Shunday tadbirlardan biri haqida aytib bermoqchiman. Bolalar uni juda katta xursandchilik bilan kutadilar.
Avallo, bu kun bolalarga chinakam bayram kabi e’lon qilinadi. Bu bayramning nomi «Book market» yoki «Kitob bozori». Oddiy eshitilgani bilan u bolalar uchun o‘zgacha bir ma’no beradi.
Bu kuni bolalar nafaqat kitob sotadilar va sotib oladilar, balki haqiqiy marketolog ham bo‘lishlari kerak. Har bir bolajon uyidan 5 dona kitob olib keladi (yangi bo‘lishi shart emas). Bu kitobni sotishi uchun eng zo‘r reklama posterini yasaydi – 1-2 sinf bolajonlari!
So‘ng sinfxonada stollar bozor shakliga keltiriladi va bolajonlar o‘z kitob rastalarida sotuv mexanizmlarini ishga tushiradilar. Muhimi shundaki, siz kitob sotilgan pulgagina (kompyuterdan chiqarilgan sun’iy tangalar) yangi kitob sotib olishingiz mumkin. Bolalar guruhga bo‘lingan holda buni amalga oshiradilar.
Ertalabdan hamma maktabga shoshadi. Chunki o‘quvchilar kitob bayramining passiv ishtirokchilari emas, balki jarayon boshqaruvchilari sifatida namoyon bo‘ladilar. Hammasi yaxshi kitobga ega bo‘lish uchun bor hunarlarini ishga solishadi.
Natijada pedagogik jihatdan juda katta samara, albatta. Yuzaki yutuq esa yana kitobga mehr, yana kitobga yaqinlashish, yana kitobni bayram bilan bog‘lash.
Nazarimda bunday oson bayramlarni bizning o‘qituvchilar ham sinflarida amalga oshirishlari mumkin. Haqiqattan oson va har tomonlama yuqori samaraga ega tadbir.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter