Lukashenko saylovni avgustdan yanvarga ko‘chirgani sababi aytildi

Ertaga, 26-yanvar kuni Belarus Respublikasida prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu mamlakatni 1994 yildan buyon boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko uchun yettinchi saylovdir.
2020 yil 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovda Lukashenko 80 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani e’lon qilingandi. Ammo saylov natijasi soxtalashtirilganini aytgan ko‘p sonli aholi hamda muxolifat norozilik namoyishlari o‘tkazgan va Lukashenkoning iste’fosini talab qilgan edi. G‘arb mamlakatlari o‘shanda saylovi natijalarini tan olmagandi.
«Bu gal Lukashenko namoyishchilar ko‘chaga chiqmasin deya, saylov o‘tkazish vaqtini iliq avgustdan sovuq yanvarga ko‘chirdi. Ammo qulay ob-havo sharoitida ham hozir kuchli diktaturaga qarshi norozilik bildirishga hech kim jur’at qilmasa kerak. 70 yoshli hukmdorning real siyosiy muxoliflari yo qamoqda o‘tiribdi, yo xorijda. Postsovet Belarusning ko‘pchilik aholisi taniydigan prezident yettinchi mandatni olishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi», – deb yozdi Euronews.
Nashrga ko‘ra, Lukashenkoning hokimiyatda turishida Rossiyani chorak asrdan beri idora etib kelayotgan Vladimir Putinning xizmati katta.
«Lukashenko o‘z boshqaruvi mobaynida Rossiyaning subsidiyalari va siyosiy ko‘magiga tayanib keladi. Shu sabab (Rossiyaga) 2022 yilda Ukrainaga Belarus hududi orqali bostirib kirishga izn berildi. Keyin esa mamlakat hududida Rossiyaning taktik yadro quroli joylashtirilishiga rozilik bildirildi», – deb yozdi nashr.
«Yevropaning so‘nggi diktatori» deb ataladigan Lukashenko ma’muriyati 2020 avgust oyidagi saylovdan keyin minglab odamni hibsga olgani, mustaqil OAVni yopgani aytiladi.
Bu gal prezident saylovida jami besh nafar nomzod (ularning biri ayol) qatnashmoqda. Markaziy saylov komissiyasi Aleksandr Lukashenkodan tashqari Oleg Gaydukevich (Belarus liberal-demokratik partiyasi raisi), Anna Kanopatskaya (Qonun tashabbuslari jamoat markazi rahbari), Sergey Sirankov (Belarus kommunistik partiyasi MQ birinchi kotibi) va Aleksandr Xijnyakni (Respublika mehnat va adolat partiyasi raisi) davlat rahbari lavozimiga nomzod sifatida ro‘yxatga olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter