Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malta Mariya Zaxarovaning vizasini bekor qildi – sabab ma’lum

Malta Mariya Zaxarovaning vizasini bekor qildi – sabab ma’lum

Malta Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning vizasini bekor qildi. U 5-6 dekabr kunlari mamlakat poytaxti Valletta shahrida o‘tadigan YeXHT tashqi ishlar vazirlari kengashida qatnashishi ko‘zda tutilgan edi.

Rasmiy Moskva M.Zaxarova tadbir arafasi vizadan mahrum qilinganini misli ko‘rilmagan hodisa deb baholagan.

«Malta hukumati tomonidan Rossiya TIV rasmiy vakili M.V.Zaxarovaga avvalroq berilgan vizaning tadbir arafasida «bizga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra» degan vaj bilan bekor qilinishi misli ko‘rilmagan hodisa sanaladi», – deyiladi Rossiya TIV bayonotida.  

Germaniya matbuoti xabariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi davlatlari, ya’ni Estoniya, Latviya va Litva Malta hukumatidan M.Zaxarovaga berilgan vizani bekor qilishni so‘ragan. 

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 2022 yil fevral oyidan buyon rasmiy Moskvaning jarchisi sanalgan M.Zaxarovaga nisbatan Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiya joriy etilgan. Jumladan, uning YeI hududiga kirishi man etiladi.

Dastlab Malta hukumati YeXHT tadbiri sabab istisno tariqasida M.Zaxarovaga viza bergan. Ammo YeI qonunchiligiga ko‘ra, a’zo davlatlar boshqa a’zo davlat bergan viza yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega. Boltiqbo‘yi davlatlari ana shu huquqdan foydalangan holda M.Zaxarovaning vizasini bekor qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Garchi Rossiya uchoqlari YeI hududiga kirishi man etilgan bo‘lsa-da, mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov istisno tariqasida Malta hududiga kiritilgan. Bu Lavrovning Ukraina bosqinidan keyin YeI hududiga ilk tashrifidir.

Vizasi bekor qilingan Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova so‘nggi yillarda O‘zbekistonga nisbatan ham diplomatik madaniyatdan yiroq bayonotlar bergani ma’lum. Jumladan, u joriy yil 25 sentyabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani 188-maktabda kuzatilgan kichik bir holat yuzasidan O‘zbekistondan «rasmiy tushuntirish» so‘ragandi.

O‘z navbatida, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov rus diplomatiga javoban O‘zbekistonning «ichki ishlari haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘z ishlari bilan shug‘ullanish»ni tavsiya qilgandi.

M.Zaxarova 2020 yil may oyida O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan munozarali bayonoti bilan ham jamoatchilikda kuchli e’tiroz uyg‘otgan edi.

2020 yil iyun oyida esa voiz xonim Ruminiya siyosatdonlarida mustaqil fikr yo‘qligini iddao qilishi ortidan yana bir diplomatik mojaroga sabab bo‘lgan.

O‘sha yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin aynan Zaxarovaning kinoyali posti sabab Serbiya rahbari Aleksandr Vuchichdan uzr so‘rashga majbur bo‘lgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring