Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Marhum siyosatchining tilla tishi tantanali tarzda dafn etildi

Marhum siyosatchining tilla tishi tantanali tarzda dafn etildi

Dafn marosimi mustamlakachilikka qarshi namoyishga aylanib ketdi.

Foto: Reuters

Afrika qit’asi markazida joylashgan Kongo davlatida noan’anaviy dafn marosimi o‘tkazildi: mamlakat mustaqilligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan davlat arbobi Patris Lumumbaning tilla tishi hurmat bilan tuproqqa qo‘yildi.

Gap shundaki, 1960-yillarda mustaqil Kongo davlatiga rahbarlik qilgan Lumumba mustamlakachilar tomonidan qatl etilgan, jasadi esa kislotada eritib yuborilgan edi. Uning bir dona tilla tishi tasodif tufayli saqlanib qolgan.

Poytaxt Kinshasada milliy qahramonga hurmat bajo keltirish va uni ramziy ma’noda so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ko‘p sonli aholi yig‘ildi. Marosimda Kongo prezidenti va yuqori martabali mulozimlari ham ishtirok etdi.

Patris Lumumba (1925-1961) nafaqat Kongo, balki butun Afrikada mustaqillik uchun kurash timsoliga aylangan. Belgiyaning mustamlaka siyosatiga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan siyosatchi 1960 yili 34 yoshida Kongoning birinchi bosh vaziri sifatida ish boshlagan. Ammo bir necha oy o‘tib davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatdan chetlatilgan. 1961 yilda Katanga muzofotida qatl etilgan. Lumumbaning jasadi avval maxfiy ravishda dafn etilgan, keyinroq Belgiya politsiyachilari tomonidan bo‘laklarga bo‘linib, kislotada kuydirib tashlangan.

Siyosatchining sirli o‘limi tafsilotlari uzoq yillar jamoatchilikka noma’lum bo‘lib keldi. Lumumbaning oilasi Bryussel hukumatiga murojaat yo‘llagach, oradan 41 yil o‘tib Belgiya parlamenti komissiyasi qatl tafsilotlarini ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Lumumba Belgiya ofitserlari buyrug‘i bilan Katanga askarlari tomonidan o‘ldirilgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, kongolik arbobning qatl etilishidan Belgiya qiroli Boduen xabardor bo‘lgan. Bryussel hukumati Lumumbaga qarshi guruhlarga moliyaviy, harbiy ko‘mak ham ko‘rsatgan.

Patris Lumumba butun Afrikada mustaqillik kurashi ramziga aylagan.
Foto: Getty Images

Siyosatchining tilla tishi Belgiya politsiyasining o‘sha vaqtdagi komissari Jerar Soete tomonidan o‘lja sifatida saqlab qo‘yilgan. Oradan yillar o‘tib, sobiq komissar Kongo bosh vazirining jasadini yo‘q qilish operatsiyasi haqida so‘zlab berar ekan, tilla tishdan ham gap ochgan. Shu tariqa Kongo ma’muriyati talabi bilan Belgiya marhumning tishini qaytarishga rozilik bergan.

Hududi bo‘yicha Afrikada ikkinchi yirik mamlakat sanalgan Kongoda 1908-1960 yillarda Belgiya mustamlakachilari hukm yuritgan. Mamlakat 1960 yilda mustaqillik e’lon qilganidan keyin ham Belgiya u yerda o‘z ta’sirini saqlab qolishga uringan. Kuchli notiq va ashaddiy tanqidchi bo‘lgan Lumumba esa mustamlakachilarning bu boradagi urinishlarga to‘sqinlik qilgan. Shu tariqa bo‘ysunmas siyosatchi jismonan mahv etilgan. Darvoqe, oradan yarim asr o‘tib, 2002 yili Belgiya hukumati marhum bosh vazirning yaqinlaridan qatl uchun rasman uzr so‘ragan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring