Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur seriyali qotil qamoqdan ozod etiladi

Mashhur seriyali qotil qamoqdan ozod etiladi

Snoutaundagi tashlandiq bank binosi.

Foto: The Guardian

15-sentyabr kuni Avstraliya sudi jami 11 kishini o‘ldirganlikda ayblanib hukm qilingan uchta seriyali qotildan biri — Jeyms Vlassakis qamoqdan ozod etilishi mumkinligi haqida qaror chiqardi. Bu haqda New York Post xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, mahkumning qurbonlari yetti yil davomida o‘ldirilgan. Ulardan aksariyatining jasadlari 1999-yilda Janubiy Avstraliya shtati poytaxti Adelaidadan shimolda joylashgan Snoutaun shaharchasida kislota to‘ldirilgan bochkalar ichidan topilgan.

Janubiy Avstraliya Apellyasiya sudining uch nafar sudyasi o‘tgan oyda shartli ozod qilish komissiyasi tomonidan chiqarilgan qarorni tasdiqladi. Unga ko‘ra, uch mahkumlar orasida eng yoshi — Jeyms Vlassakis qamoqdan shartli ravishda ozod etiladi.

Hozirda 46 yoshni qarshilagan Vlassakis 1998 yilda jinoyat yo‘liga kirganida atigi 18 yoshda edi. U to‘rt kishini, jumladan, o‘gay akasi va o‘gay otasini o‘ldirganini bo‘yniga olgan.

Keyinchalik u tergov bilan hamkorlik qilib, ayblov tomonining asosiy guvohiga aylandi. Sud unga kamida 26 yil qamoq muddati bilan umrbod jazo tayinladi. Bu muddat o‘tgan yilning avgust oyida yakuniga yetdi. O‘sha yilning dekabrida unga shartli ravishda ozodlikka chiqishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, shtat hukumati bu qarorni bekor qilishga erishgan edi.

Snoutaundagi tashlandiq bank binosidan bo‘laklangan jasadlarning topilishi va 2003-yilda yakunlangan bir yillik sud jarayoni butun mamlakatni larzaga keltirdi. Ushbu mudhish voqealar asosida ko‘plab kitoblar yozildi va 2011-yilda «Snoutaun» badiiy filmi suratga olindi.

Shartli ravishda ozod qilish komissiyasi raisi Frensis Nelsonning aytishicha, Vlassakis «qilmishidan doimo qattiq pushaymon bo‘lib, afsus chekib kelgan». Ta’kidlanishicha, mahkumda ruhiy buzilish aniqlanmagan va u qamoqda o‘zini «namunali» tutgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring