Misr muzeyida fir’avn Amenemopetning tilla bilaguzugi yo‘qoldi

Qohiradagi Misr milliy muzeyining restavratsiya bo‘limida fir’avn Amenemopetga tegishli bo‘lgan bilaguzuk yo‘qoldi. Bu haqda Misr qadimiy yodgorliklar vazirligiga asoslanib CBS News xabar berdi.
Fir’avn Amenemopet miloddan avvalgi 993–978-yillarda hukmronlik qilgan. Bilaguzuk taxminan 3 ming yil avval yasalgan. U sof oltindan ishlangan, lazurit bilan bezalgan, og‘irligi 600 gramm atrofida. Bilaguzukning yo‘qolgani inventarizatsiya paytida ma’lum bo‘ldi, ammo artefaktni oxirgi marta qachon ko‘rishgani noma’lum.
Muzeyda ichki tekshiruv boshlandi, aybdorlar hali topilgan emas. Barcha aeroportlar, dengiz portlari va quruqlikdagi o‘tish joylariga o‘g‘irlik haqida xabar berib, yo‘qolgan bilaguzukning fotosuratlarini yuborishdi.
Qohiradagi milliy muzeyda 17 mingdan ortiq eksponat, jumladan, fir’avn Amenemopetning mashhur dafn niqobi saqlanadi. Restavratsiya bo‘limida yana biror narsa yo‘qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun to‘liq ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter