Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston prezidenti davlat suverenitetini muqaddas qadriyat deb atadi

Qozog‘iston prezidenti davlat suverenitetini muqaddas qadriyat deb atadi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 25 oktyabr – Respublika kuni  munosabati bilan mamlakat xalqiga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

«Biz adolatli Qozog‘istonni barpo etishga kirishdik. Bu yuksak maqsadga faqat qozog‘istonliklarning jonbozligi bilan erishishimiz mumkin. Chunki davlatning bosh tayanchi va bebaho boyligi – uning xalqidir. Biz bu tuproqlarni jonidan ortiq ko‘rgan ajdodlarimiz o‘gitlariga sodiqmiz. Bizning Qozog‘istondan bo‘lak Vatanimiz yo‘q. Biz mustaqillik va davlatchiligimizni mustahkamlashni muqaddas burch deb bilamiz», – deyiladi tabrikda.

Qozog‘iston bu yil Respublika kunini 13 yillik tanaffusdan keyin ilk bor nishonlamoqda.

1990 yil 25 oktyabrda Qozog‘iston Davlat mustaqilligi to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilingan. Ushbu tarixiy hujjatda Qozog‘istonning mustaqil davlat sifatidagi siyosiy-huquqiy tamoyillari aks etgan. 2001 yilda ushbu sana davlat bayramlari ro‘yxatiga kiritilgan. 2009 yilda mamlakat birinchi prezidenti farmoni bilan Respublika kuni mazkur ro‘yxatdan chiqarilgan. Bu yildan prezident Q.To‘qayev taklifi bilan ushbu sana yana davlat bayrami sifatida nishonlanmoqda.

Qayd etish joizki, O‘zbekistonda ham jamoatchilik vakillari Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan sanani (1990 yil 20 iyun) davlat bayrami sifatida nishonlashni taklif etib keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring