Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Narkomanlar soni 10 yilda 23 foizga oshdi –  BMT

Narkomanlar soni 10 yilda 23 foizga oshdi –  BMT

So‘nggi 10 yil ichida jahon bo‘yicha giyohvandlik moddalariga ruju qo‘ygan shaxslar soni 296 million nafarga yetdi. Xavfli o‘sish ko‘rsatkichi 23 foizni tashkil etgan. Bu haqda BMTning giyohvandlik moddalari va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hisobotida so‘z boradi.  

Ekspertlar narkomanlar safi kengayganini Yer aholisi soni o‘sgani bilan izohlagan. Ammo ushbu xatarli illatning kuchayishiga birinchi navbatda sun’iy narkotiklar ishlab chiqarish ortgani sabab bo‘lgan. Arzon, oson va tezkor usulda ishlab chiqarilayotgan ajal urug‘lari jahon bo‘ylab noqonuniy ravishda pullanmoqda.

Hisobotda giyohvandlik moddalari domiga asosan yoshlar tushib qolayotgani qayd etilgan. Masalan, Afrikada ushbu xastalikdan davolanayotgan bemorlarning 70 foizi 35 yoshga bo‘lgan aholi vakillaridir. Ammo dunyo miqyosida muolajaga ehtiyojmand narkomanlarning 20 foizi davolanish imkoniga ega, xolos.

Ekspertlarga ko‘ra, Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatga kelganidan beri geroin ishlab chiqarishda asosiy xomashyo bo‘lgan qora dori yetishtirish qisqargan. Ammo Afg‘oniston keng tarqalgan sun’iy giyohvandlik moddasi – metamfetamin ishlab chiqarishda hamon asosiy o‘rinda turibdi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken xalqaro hamjamiyatni sintetik giyohvandlik vositalari – opioidlarga qarshi kurashda birgalikda harakat qilishga undagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring