NATO, Rossiya, Ukraina, Xitoy harbiy maqsadlarda 2023-yilda qancha sarfladi?
2023-yil yakunlari bo‘yicha jami jahon harbiy xarajatlari 2 trln 443 mlrdga yetib, real ko‘rsatkichlarda 6,8 foizga oshdi. Dunyo harbiy xarajatlari ketma-ket to‘qqizinchi yil o‘sib, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bu 2009-yildan beri eng katta yillik o‘sish. Stokgolm tinchlik muammolari instituti (SIPRI) o‘tkazgan tadqiqotda shundan xulosaga kelindi.
2009-yildan buyon birinchi marta harbiy xarajatlar SIPRI tasnifi bo‘yicha barcha besh jo‘g‘rofiy mintaqada oshdi, eng jiddiy o‘sish Yevropa, Osiyo va Okeaniya hamda Yaqin Sharqda qayd etildi.
«Harbiy xarajatlarning misli ko‘rilmagan darajada oshishi global tinchlik va xavfsizlikning yomonlashuviga bevosita javobdir. Davlatlar harbiy kuchga ustuvor ahamiyat berishmoqda, bu bilan ular shundoq ham beqaror geosiyosiy va xavfsizlik landshaftida harakat-reaksiya halqasini yuzaga keltirish xavfini tug‘dirishmoqda», — dedi SIPRI Harbiy xarajatlar va qurol ishlab chiqarish dasturi katta ilmiy xodimi Nan Tyan.
Qayd etilishicha, harbiy maqsadlarda eng ko‘p xarajat qilgan davlatlar ro‘yxatida AQSh, Xitoy va Rossiya yetakchilik qilmoqda. Shuning qatorida, birinchi o‘nlikka kirgan mamlakatlarning barchasi o‘tgan yili harbiy xarajatlarini oshirgan.
Rossiya
Rossiyaning harbiy xarajatlari 24 foizga oshib, qariyb 109 milliard dollarni tashkil etdi, ya’ni Ukraina bilan munosabatlar sovuqlashgan 2014-yildan buyon 57 foiz oshgan. 2023-yilda Rossiya harbiy xarajatlari umumiy davlat xarajatlarining 16 foizini tashkil etdi.
Ukraina
Ukraina harbiy xarajatlari 2023-yilda 51 foizga keskin o‘sib, 64,8 milliard dollarga ko‘tarilganidan so‘ng, eng ko‘p mablag‘ sarflagan dunyodagi mamlakatga aylandi. Mamlakat umumiy davlat xarajatlarining 58 foizi mudofaaga yo‘naltirilmoqda. Qolaversa, Ukraina 2023-yil davomida G‘arbdan kamida 35 milliard dollar harbiy yordam oldi, bunda AQShning ulushi — 25,4 milliard dollar. Ushbu yordam va Ukrainaning o‘z harbiy xarajatlarini qo‘shganda Rossiya harbiy xarajatlarining taxminan 91 foizini tashkil etmoqda.
NATO
Qo‘shma Shtatlar — NATOda eng yirik budjet egasi (68 foiz), ammo yevropalik a’zolarning ulushi ham oshib boryapti. 2023-yilda NATOning 31 a’zosi birgalikda 1 trln 341 milliard AQSh dollari sarfladi, bu global harbiy xarajatlarning 55 foizi demakdir. AQShning harbiy xarajatlari yillik kesimda 2,3 foiz oshib, 916 milliard dollarni tashkil etdi. 2023-yilda NATOga a’zo Yevropa mamlakatlarining umumiy ulushi 28 foizni tashkil etdi, bu oxirgi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qolgan 4 foiz Kanada va Turkiyaga to‘g‘ri kelgan.
Xitoy
Xitoy 2023-yilda harbiy xarajatlarga taxminan 296 milliard dollar ajratdi, bu 2022-yilga nisbatan 6 foiz ko‘p. Qatorasiga 29 yildirki, Chin yurti harbiy xarajatlarini oshirmoqda. Osiyo va Okeaniya mintaqasidagi harbiy xarajatlarning yarmi Xitoyga to‘g‘ri kelmoqda, deb yozdi SIPRI.
Jahon mudofaa xarajatlari 2023-yilda birinchi marta 2 trillion dollardan oshgani haqida yaqinda Defence One xabar bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter