«Navalniyning jasadini berishmayaptimi, demak, yashiradigan narsa bor» — ekspertlar
Navalniyning onasi yana Salekxarddagi o‘likxonaga borgan. Ular siyosatchining jasadi bor yoki yo‘qligini aytishmayapti, deb xabar bermoqda BBC.
Aleksey Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish bugun, dushanba kuni ertalab siyosatchining onasi va advokatlari Salekxarddagi o‘likxonaga yana borishganini ma’lum qildi.
«Ularning ichkariga kirishiga ruxsat berilmagan. Advokatlardan biriga kuch ishlatilgan. Alekseyning jasadi bor-yo‘qligini so‘rashganda, xodimlar javob berishmayapti», deb yozadi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Bir kun oldin «Mediazona» kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlarni tahlil qilib, onasining koloniyaga kelishi arafasida Navalniyning jasadini Salekxardga olib o‘tishi mumkin bo‘lgan Federal jazoni ijro etish xizmati kortejini ko‘rgan. Bu 16 fevraldan 17 fevralga o‘tar kechasi yarim tunda sodir bo‘lgan.
Navalniy o‘limidan so‘ng o‘tgan uch kun ichida uning oilasiga jasad berilmadi. Siyosatchining safdoshlari jasad uning qarindoshlaridan ataylab yashirilgan deb hisoblashmoqda.
O‘tgan hafta oxirida Xarp koloniyasiga kelgan Navalniyning onasi va advokatlari Salekxard o‘likxonasiga borishgandi. Ammo u yerda siyosatchining jasadi yo‘qligini aytishgan. Tergov bo‘limi esa o‘lim sabablarini aniqlash davom etayotgani va bir hafta ichida tergovni yakunlamasliklarini aytishgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Yamalo-Nenets avtonom okrugi federal jazoni ijro etish xizmati muxolifatchi Aleksey Navalniy vafot etgani haqida xabar berdi.
G‘arb davlatlari yetakchilari 47 yoshda yorug‘ dunyo bilan xayrlashgan muxolif siyosatchining o‘limida Rossiya rahbariyati, xususan, Vladimir Putinni ayblamoqda.
Navalniy bir yil avval qamoqxonadan yo‘llagan murojaatida imperiyachilik kayfiyati Rossiyani halokatga yetaklashidan ogohlantirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter