Navalniyning o‘limi yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazilishi kerak – Borrel
Rossiya rahbariyati muxolifat siyosatchi Aleksey Navalniyning to‘satdan ro‘y bergan o‘limi yuzasidan mustaqil, shaffof xalqaro tergov o‘tkazishga ruxsat berishi lozim. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel tomonidan berilgan bayonotda so‘z boradi.
«Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muxolifatdagi siyosatchisi Aleksey Navalniyning o‘limi haqidagi xabardan darg‘azab bo‘ldi. Buning uchun javobgarlik pirovardida prezident Putin va Rossiya hukumati zimmasiga tushadi», – deyiladi YeI nomidan berilgan bayonotda.
Borrel Navalniyga avvalroq Rossiya Federatsiyasi rasman qo‘shilgan Kimyoviy qurolni taqiqlash haqidagi konvensiyada man etilgan «Novichok» turkumidagi modda qo‘llash orqali suiqasd uyushtirilgani va u davolanishdan keyin Rossiyaga qahramonona qaytganini yodga olgan.
Diplomatga ko‘ra, Navalniy soxta siyosiy hukmlar bilan Sibirdagi qattiq rejimli koloniyaga tashlangan, dunyodan ajratib qo‘yilgan, hatto uning advokatlariga bosim va tahdid o‘tkazib kelingan.
«Yevropa Ittifoqi uning zaharlanishi, qonuniy siyosiy va korrupsiyaga qarshi faoliyati uchun unga nisbatan qo‘llangan barcha siyosiy uydirma qarorlarni bir necha marotaba keskin qoralagan va hech qanday shartlarsiz zudlik bilan ozod etishga chaqirgan», – deydi YeI bosh diplomati.
Ta’kidlanishicha, Navalniy butun hayoti davomida Rossiya bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurashdi va misli ko‘rilmagan jasorat va o‘z mamlakati hamda xalqiga sadoqat namunasini namoyish etdi. Shu sababli ham Putin va uning rejimi Ukrainaga tajovuzkorona urushi sharoitida va mart oyida bo‘ladigan prezident saylovi oldidan undan qo‘rqar edi.
YeI Navalniyni xotirlash tadbirlarida qatnashgani uchun qamoqqa olinganlar, shuningdek, Rossiya tutqungohlaridagi Yuriy Dmitriyev, Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Aleksey Gorin, Kseniya Fadeyeva, Aleksandr Skochilenko, Ivan Safronov kabi siyosiy mahkumlarni zudlik bilan, shartlarsiz ozod qilishga chaqirgan.
«Yevropa Ittifoqi o‘z sheriklari bilan keng hamkorlikda Rossiyaning siyosiy rahbariyati va hukumatini javobgarlikka tortish va o‘z xatti-harakatlariga, shu jumladan, sanksiyalar vositasida javob berishga majburlash uchun barcha chora-tadbirlarni ishga soladi», – deydi J.Borrel.
Navalniyning kutilmagan o‘limi Rossiyadagi kuchayib borayotgan tizimli qatag‘onlarning yana bir alomati deb baholangan.
Avval xabar berganimizdek, 16 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Yamalo-Nenets avtonom okrugi federal jazoni ijro etish xizmati muxolifatchi A.Navalniy vafot etgani haqida xabar berdi.
G‘arb davlatlari 47 yoshda yorug‘ dunyo bilan xayrlashgan siyosatchining o‘limida Rossiya rahbariyati, xususan, Putinni ayblamoqda
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter