Nega biz birgina ilmiy tadqiqotga ko‘r-ko‘rona ishonmasligimiz kerak?
Yangiliklar lentasini varaqlar ekansiz, fan va salomatlikka oid xabarlar sizni tez-tez chalg‘itishi mumkin: bir hafta kofe foydali deyilsa, keyingi hafta u yurakka zarar deb aytiladi.
Aeon nashrida chop etilgan tahliliy maqolada ta’kidlanganidek, vaqt o‘tishi bilan yangi ilmiy tadqiqotlarning bir-biriga zid bo‘lib tuyulishi bizni qaysi dalillarga ishonishni bilmaslik holatiga solib qo‘yadi.
Muammo shundaki, aksariyat OAVlar va jurnalistlar har bir yangi tadqiqotni umumiy bilimlar to‘plamidan ajratgan holda, yagona sensatsiya sifatida taqdim etadi...
Paratsetamol va shov-shuvli sarlavhalar
Birgina misol, 2025-yilning sentyabr oyida AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika sohasi xodimlari homiladorlikda paratsetamol qabul qilish bolada autizm xavfini oshirishi mumkinligi haqida ogohlikka chaqirdi. Inqilobiy sarlavhalar zudlik bilan dunyo bo‘ylab tarqaldi.
Ammo mutaxassislar fanga chuqurroq nazar tashlaganida, mutasaddilar faqat ayrim tadqiqotlarni tanlab olib, yuzlab boshqa ishonchli manbalarni e’tiborsiz qoldirgani ayon bo‘ldi. Bir necha oy o‘tib, olimlar mavjud barcha ma’lumotlarni umumlashtirib, yirik sharh e’lon qilishdi: paratsetamol va autizm o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniq bog‘liqlik yo‘q. Ammo bu vaqt ichida minglab homilador ayollar eng xavfsiz hisoblangan og‘riq qoldiruvchi doridan behuda vahimaga tushib, uning homilaga salbiy ta’siri borligiga ishonib ulgurishgan edi.
Har yili dunyo bo‘ylab qanchadan-qancha ilmiy maqolalar, tadqiqotlar nashr etiladi. Birgina 2025 yilning o‘zida dunyo bo‘yicha 7 milliondan ortiq ilmiy maqola chop etildi — bu kuniga 19 000 tadan ziyod demakdir. Bunchalik ulkan axborot ummonida puxta metodologiyaga ega tadqiqotlar bilan bir qatorda, shoshma-shosharlik bilan qilingan va tasdiqlanmagan xulosalar ham suzib yuribdi.
Xo‘sh, tadqiqotga tayanish xavfli bo‘lsa, haqiqatni qanday aniqlash mumkin? Bu savolga 1976 yilda ma’lumotlar tahlilchisi Jin Glass javob topdi. O‘sha davrda psixoterapiyaning foydasi haqida qarama-qarshi qarashlar ko‘p edi. Ayrim olimlar shunchaki ovozlarni sanash usulidan foydalanishgan: psixoterapiya yordam berdi degan tadqiqotlar sonini, yordam bermadi deganlari bilan solishtirishgan. Ammo bu usul ishonchsiz edi, chunki u ta’sirning kuchini e’tiborga olmasdi.
Jin Glass va uning turmush o‘rtog‘i 370 dan ortiq tadqiqotlarni yig‘ib, ularning natijalarini yagona standart o‘lchovga keltirish va oraliq o‘rtacha qiymatni hisoblash usulini ishlab chiqishdi. Bu turli valyutalarni dollarga o‘girib, umumiy summani hisoblashga o‘xshardi. Glass bu usulni meta-tahlil (tahlillar tahlili) deb atadi.
Shu tarzda tizimli sharh tushunchasi mustahkamlandi. Bu shunchaki bitta tadqiqotga suyanish emas, balki dunyo bo‘ylab shu mavzudagi barcha e’lon qilingan va qilinmagan manbalarni yig‘ib, ularning sifatini saralash va yagona, xolis xulosaga kelishdir.
Asossiz maslahat va 50 ming chaqaloq fojiasi
Tizimli sharhning qanchalik muhimligini tibbiyot tarixidagi eng ayanchli xatolardan biri yaqqol ko‘rsatib beradi.
1957-yilda mashhur pediatr Benjamin Spok o‘zining bestseller kitobida ota-onalarga chaqaloqlarni chalqancha emas, balki qorni bilan uxlatishni tavsiya qildi. O‘nlab yillar davomida millionlab ota-onalar ushbu maslahatga amal qilishdi. Faqat 1980-1990 yillarga kelibgina, bu holat go‘daklarning to‘satdan o‘limi sindromiga sabab bo‘layotgani aniqlandi.
Fojianing eng yomon tomoni shundaki, agar olimlar alohida maqolalarni kutib o‘tirmasdan, mavjud dalillarni ilgariroq sintez qilishganida, qorni bilan uxlatish va go‘daklar o‘limi o‘rtasidagi xavfli bog‘liqlik 1970 yildayoq ma’lum bo‘lardi. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, dalillar o‘z vaqtida umumlashtirilganda, kamida 50 000 nafar chaqaloqning hayotini saqlab qolish mumkin edi.
Bu voqeadan so‘ng tibbiyotda Cochrane Collaboration kabi xalqaro tizimli sharhlar tarmog‘i shakllandi. Bugungi kunda shifokorlar qo‘llaydigan tashxis va davolash ko‘rsatmalari aynan shunday aniq dalillar poydevoriga tayanadi.
Bu tajriba boshqa sohalarda qanday ishlamoqda?
Dalillarni sintez qilish faqat tibbiyot bilan cheklanib qolgani yo‘q: Buyuk Britaniyaning «Ta’lim jamg‘armasi» (EEF) minglab pedagogik tadqiqotlarni sintez qilib, maktablar uchun eng samarali metodikalarni aniqladi. Masalan, o‘quvchilarga «metakognitsiya»ni (qanday qilib to‘g‘ri o‘rganishni tushunish) o‘rgatish bir o‘quv yilida qo‘shimcha 8 oylik progress berishi isbotlandi.
Iqlim va ekologiyada esa iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ekspertlar guruhi minglab ekologik tadqiqotlarni birlashtirib, inson omilining global isishga ta’sirini shubhasiz dalillar bilan isbotlab berdi.
Kelajak va Sun’iy intellekt
Tizimli sharhlarning yagona katta kamchiligi — ularga ketadigan vaqtdir. Bitta tizimli sharhni tayyorlash va barcha tadqiqotlarni qayta tekshirish o‘rtacha 2-3 yil vaqt oladi.
Bugungi kunda sun’iy intellekt ushbu jarayonni tezlashtirish uchun sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelajakda AI millionlab maqolalarni saralab, bir soniyada ishonchli sintezni taqdim etishi mumkin. Ammo hozirgacha mavjud AI vositalarida gallyusinatsiya (soxta ma’lumot to‘qish) xavfi yuqoriligicha qolmoqda.
***
Yangiliklar lentasidagi navbatdagi «sensatsiya» yoki «inqilobiy kashfiyot»ni o‘qiganingizda to‘xtab, o‘zingizga savol bering: «Bu shunchaki alohida olingan bitta tadqiqotmi yoki butun ilmiy hamjamiyatning umumlashtirilgan xulosasimi?»
Fanga va o‘z salomatligimizga oid to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun shov-shuvli sarlavhalar ortidan quvmay, mavjud bilimlarning to‘liq manzarasiga qarashni o‘rganishimiz kerak.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter