Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Omadsiz ixtirolar muzeyi: kulgili xatolar ortidagi katta saboq

Omadsiz ixtirolar muzeyi: kulgili xatolar ortidagi katta saboq

foto: Xabar.uz

Odatda muzey deganda ko‘z oldimizga insoniyatning eng yuksak yutuqlari, mahorat namunalari, qadimiy haykallar, mashhur rassomlar yoki tarixiy buyumlar keladi. Yana muzey deganda o‘tmishni saqlaydigan sokin binolarni tasavvur qilamiz. Aslida esa muzeylar faqat qadimiy eksponatlar joy olgan maskangina emas, ular jamiyat nimani qadrlashi, nimani unutishdan qo‘rqishi va kelajakka nimani olib o‘tishni istashini ko‘rsatadigan xotira joylari hamdir.

Keyingi paytlarda turli muzeylarning ko‘payishi ham bejiz emas. Ayniqsa ixtirochilarning kulgili tajribalari va hatto muvaffaqiyatsizliklariga bag‘ishlangan muzeylar ham borki, ular jamiyatning yutuqlaridan ko‘ra, yashirmasdan tan olingan xatolarini yaxshiroq tasvirlab beradi.

Shvetsiyada tashkil etilgan «Muvaffaqiyatsizliklar muzeyi» (Museum of Failure) ham ana shunday g‘oyalardan biri. Bu yerda dunyoni o‘zgartirishi kutilgan, ammo omadsizlikka uchragan mahsulotlar, ixtirolar va loyihalar jamlangan. Shved psixologi Samuyel Vestning 2017-yilda ushbu muzeyni tashkil etishdan maqsadi innovatsiya va biznesdagi omadsizliklarni o‘rganish bo‘lgan.

Muzey asoschisining fikricha, innovatsiyalarni muvaffaqiyatsizliklarsiz tasavvur qilish mumkin emas va ularga to‘g‘ri yondashish kerak, chunki xatolarsiz biron bir tayinli narsa yaratilmagan bo‘lardi. To‘plangan eksponatlar bizga o‘z xatolarimizni shunchaki inkor etmay, ulardan saboq olish kerakligini eslatib turadi. Bu tarixning eng qiziq joyi shundaki, odamlar faqat muvaffaqiyatni ko‘radi, ammo ushbu muzey ko‘rinmay qolgan yiqilishlarni ham esga soladi. Balki shuning uchun «Muvaffaqiyatsizliklar muzeyi»dagi ayrim eksponatlar kulgili emas, aksincha inson sabri va qayta urinish qobiliyati haqidagi hikoyaga o‘xshaydi.

Muzeydagi eng mashhur eksponatlardan biri Google Glass. Bir paytlar u texnologiya dunyosi inqilobi sifatida taqdim etilgan edi. Kompaniya bu aqlli ko‘zoynak inson hayotini butunlay o‘zgartiradi, odamlar telefon o‘rniga axborotni o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi, deb ishongan. Ammo amalda jamiyat bu g‘oyaga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. Ko‘pchilik uni noqulay, hatto odamlarni kuzatish vositasi sifatida qabul qildi. Milliardlab sarmoya qilingan loyiha oxir-oqibat muzey eksponatiga aylandi.

foto:https://www.youtube.com/@theemackers

Muzeydagi yana bir g‘alati va eng ko‘p muhokama qilingan eksponatlardan biri Colgate kompaniyasining muzlatilgan lazanyasi. Ha, tish pastasi bilan tanilgan brend bir paytlar oziq-ovqat bozoriga ham kirishga uringan. Kompaniya mashhur nom odamlarda ishonch uyg‘otadi, deb o‘ylagan. Ammo natija mutlaqo teskari chiqqan. Chunki odamlar Colgate nomini ko‘rishi bilan tish pastasini eslardi, shuning uchun mahsulot bozorda o‘z o‘rnini topolmagan.

foto:https://www.reddit.com/

Ba’zan eng katta kompaniyalar ham odamlar buni albatta yaxshi ko‘radi, deb ishongan g‘oyalari bilan omadsizlikka uchraydi. Va ehtimol, aynan shu xatolar keyinchalik ularga bozorni yaxshiroq tushunishni o‘rgatadi.

Muzey g‘oyasini eng yaxshi ochib beradigan misollardan biri Dyson kompaniyasi asoschisi Jeyms Dayson tarixi. Bugun uning changyutkichlari innovatsiya ramzi sifatida qabul qilinadi. Ammo bu muvaffaqiyat ortida minglab omadsiz urinishlar bor. Jeyms Dayson oddiy changyutkichlar tez tiqilib qolishi va quvvati pasayishidan norozi bo‘lgan. U butunlay boshqacha texnologiya yaratishga kirishadi. Lekin g‘oya birdaniga ishlab ketmaydi. U ketma-ket minglab prototip tayyorlaydi. Ayrim manbalarga ko‘ra, u 5 mingdan ortiq namuna yaratgan.

Tasavvur qiling, har safar yangi model, yangi umid va yana o‘zini oqlamagan natija. Ko‘pchilik uchun bir-ikki omadsizlikning o‘zi yetarli bo‘lardi. Ammo Dayson to‘xtamagan, keyinchalik aynan shu tajribalari orqali kompaniyasi dunyoga taniladi.

Darhaqiqat, xatolarsiz o‘sish yo‘q. Va balki ushbu muzeyning eng katta vazifasi ham shu, o‘tmishni saqlash emas, insonni o‘z tajribasiga boshqacha ko‘z bilan qarashga o‘rgatish.

Coca-Cola Blak klassik kola va kofe essensiyasining aralashmasi. Ishonmasligingiz mumkin, lekin bu ichimlik  negadir hech kimga yoqmagan. Ya’ni xaridorlar bu ichimlikdan so‘ng o‘zlarini kuvvatlangan emas, aldangandek his qilishdi. Ishlab chiqaruvchilarning fikricha, mahsulot klassik kolaning yangi va yaxshilangan varianti bo‘lishi kerak edi. Aksincha u iste’molchilarning haqiqiy isyoniga sabab bo‘ldi, odamlar «eski va yomonroq» ta’mni qaytarishni talab qilishdi.  

foto: https://it.wikipedia.org/ 

CueCat shtrix-kod skaneri kompyuterga ulanardi. Bu nima uchun ixtiro qilingan deysizmi? Kompyuterda saytlar nomini qo‘lda termaslik, balki ularni jurnallar va boshqa raqamli bo‘lmagan axborot tashuvchilardan skanerlab olish uchun yaratilgan edi.  

Afsuski, bu qurilma texnologiya tarixidagi eng keraksiz ixtirolardan biri hisoblanadi. Foydalanuvchi jurnalda biror maqola yoki reklamani ko‘rib, undagi kodni skanerlashi, buning uchun esa kuchukcha shaklidagi skaner kompyuter loyihasiga sim bilan ulangan bo‘lishi kerak edi. Iste’molchilar juda tez tushunib yetishdi: simli qurilmani olib, kodga to‘g‘rilab skanerlashdan ko‘ra, brauzer qidiruvga sayt nomini  qo‘lda yozib qo‘ya qolish ancha oson va tezroq edi. Kuchli moliyalashtirilgan bu loyiha bir zumda sindi.

foto: https://en.wikipedia.org/wiki/ 

Rejuvenique ajinlarga qarshi niqob bo‘lib, ular bilan kuchsiz tok zaryadi orqali kurashadi. Potensial xaridorlardan quyidagicha savollar tushgan: «Niqobni taqqanda odamni bog‘lab qo‘yish kerakmi?» va «Dod-voy solish muammo hisoblanadimi?». Ishonavering, bu niqobni taqqan odam xuddi dahshatli filmlardagi jinoyatchilarni eslatardi.

foto:https://museumoffailure.com/ 

Yana bir («Bic»  kompaniyasi) ayollar uchun o‘ylab topilgan ixtiro sharikli ruchkalar seriyasiga ham omad kulib boqmadi. Tabiiyki, ular boshqa ruchkalardan hech narsasi bilan farq qilmasdi va faqatgina asosli salbiy qarashlarga uchradi, jamiyat buni juda katta istehzo bilan kutib oldi. Bu ruchka haqida butun dunyodagi ayollar (va erkaklar) internetda kinoya va pichingga to‘la fikrlar qoldirishdi.

foto:https://museumoffailure.com/ 

1996 yilda mototsikl ishlab chiqaruvchi Harley Davidson kompaniyasi «tamaki notalari» bo‘lgan Hot Road atirlari bilan ham shug‘ullanib ko‘rgan. Harley-Davidson aslida erkinlik, kuch, mototsikl zanjirlari, benzin va charm hidi demakdir. Kompaniya o‘z brendini kengaytirmoqchi bo‘lib, parfyumeriya bozoriga kirganda, ularning mijozlari buni brendning qadrsizlanishi deb qabul qildi. Hech bir jiddiy bayker tamaki va yog‘ notalari bo‘lgan atir sepib, o‘zidan xuddi ustaxonadan chiqqandek hid taratishni istamadi.  

foto:Parfumo

Twitter Peek qurilmasi 2009-yilda, o‘sha paytdagi hali yosh va tajribasiz Twitter kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan. Bu cho‘ntak qurilmasi faqat birgina ishni qila olardi — Tvitterga kirish va tvit yozish. Smartfonlar shiddat bilan rivojlanayotgan o‘sha paytlarda faqatgina Tvitterda yozishga mo‘ljallangan, boshqa hech qanday funksiyasi (hatto oddiy qo‘ng‘iroq yoki to‘liq internet brauzeri) bo‘lmagan qurilmani 200 dollarga sotib olish aqlga sig‘masdi. Buning ustiga, qurilma ekrani shu qadar kichik ediki, u bor-yo‘g‘i 20 ta belgini ko‘rsatardi, qolganini o‘qish uchun esa tugmani tinimsiz bosish kerak edi. Smartfonlar bepul Twitter ilovasini taklif qilayotgan bir paytda, bu qurilma tezda unutildi.

foto:https://museumoffailure.com/exhibition/twitter-peek

Nokia N-Gage smartfoni o‘zining g‘alati dizayni va tugmachalarining noqulay joylashuvi bilan hammani hayratda qoldirgan. Birinchidan, o‘yin kassetasini (kartasini) almashtirish uchun telefonning orqa qopqog‘ini va hatto batareyasini sug‘urib olish kerak edi. Ikkinchidan, undan telefon sifatida gaplashish uchun uni quloqqa qiri bilan (yonboshlatib) tutish kerak edi. Texnologiya yaxshi edi, lekin foydalanishdagi noqulaylik uni sindirdi.

foto:https://ru.wikipedia.org/wiki/

Kodak DC40 raqamli fotoapparati hatto 1995-yil uchun ham u qadar sifatli tasvir bermasdi. Lekin asosiy muammo shunda ediki, o‘sha paytdagi boshqa barcha apparatlarda raqamli displey bor edi, bunda esa yo‘q.  DC40 modelida olingan rasmni ko‘rish uchun displeyning yo‘qligi va xotirasi bor-yog‘i 48 ta rasmga yetishi (narxi 1000 dollar) foydalanuvchilarni g‘azablantirdi. Odamlar raqamli fotodan aynan tezkorlik va natijani shu zahoti ko‘rishni kutishgandi, Kodak esa ularni yana rasmni kompyuterda ochib ko‘rguncha kutishga majbur qildi.

foto:https://en.wikipedia.org/wiki/Kodak_DC 

Sony Betamax videomagnitofoni o‘tgan asrning 70-yillarida tezkor va juda sifatli qurilma hisoblangan. Biroq, Betamax formati ommaboplikda VHS formatiga yutqazib qo‘ydi. Betamax kassetalari bor-yo‘g‘i bir soatlik video yoza olardi. Shunga qaramay, Sony kompaniyasi ushbu pleyerni naq 2002 yilgacha ishlab chiqardi.  

foto:https://museumoffailure.com/exhibition/sony-betamax

Ikkiga ayrilgan nog‘ora tayoqchalarining ixtiro qilishayotganda kashfiyotchilar nimalarni nazardan qochirdi ekan? Ko‘rinishdan qiziq, lekin amaliyotda mutlaqo yaroqsiz bo‘lgan ixtironing barbod bo‘lishiga uchta asosiy sabab bor: nog‘ora chalishda tayoqchaning vazni va markaziy muvozanati (balansi) juda muhim hisoblanadi. Uchi ikkiga bo‘lingan tayoqchaning og‘irlik markazi buzilgan, bu esa zarba berish paytida uni qo‘lda to‘g‘ri ushlab turishni va harakatni nazorat qilishni qiyinlashtirgan.

Professional nog‘orachilar tezlikka erishish uchun tayoqchaning nog‘ora yuzasidan qayta sakrash kuchidan foydalanishadi. Ikkiga ayrilgan uchlar esa qayta sakrash energiyasini yutib yuborgan va kuchni so‘ndirgan. Natijada, tezlikni oshirish uyoqda tursin, oddiy sur’atda chalish ham qo‘llarni charchatadigan bo‘lib qolgan. Bu tayoqchalar nog‘oraga tekkanda aniq va tiniq bitta tovush o‘rniga, bir-biriga ulanib ketgan, noaniq va «xira» ovoz   chiqargan. Bu esa musiqachiga kerakli aniqlikni bermagan.

foto:https://museumoffailure.com/

Xullas, yaratuvchilar «mexanik ravishda tezlikni ikki barobar oshiramiz» deb o‘ylashgan, lekin fizika qonunlarini hisobga olishmagan...

Shvetsiyadagi bu muzey bizga bir oddiy, ammo muhim haqiqatni eslatadi: muvaffaqiyatsizlik yo‘lning yakuni emas, balki yangi va yaxshiroq yo‘lning boshlanishi. Eng muhimi, xato qilishdan qo‘rqmaslik, balki o‘sha xato ichidan yangi bilimni topib ola bilishdir.

Muzey asoschisi Samuyel Vest ta’kidlaganidek, agar kompaniyangiz muvaffaqiyatsizliklardan qochayotgan bo‘lsa, demak u yangilik yaratishdan to‘xtagan.

Siz muvaffaqiyatsizlikni nishonlashingiz kerak, chunki u sizga qaysi yo‘ldan yurmaslik kerakligini ko‘rsatadi.

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring