O‘yinchoq to‘pponcha bilan talonchilik qilgan erkak 40 yil qamoqda o‘tirdi

AQShda bolalar suv to‘pponchasi bilan sodir etilgan talonchilik uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan jinoyatchi ozodlikka chiqmoqda. New York Post xabariga ko‘ra, u bir necha o‘n yillar qamoqda bo‘lgan.
70 yoshli Rolf Kestel 1981-yilda sodir etgan jinoyati uchun qamoqqa hukm qilingan. Erkak Arkanzas shtatining Fort Smit shahridagi tamaddixonaga kirgan va xodimlarni to‘pponchaga o‘xshash narsa bilan qo‘rqitib, undan pul berishlarini talab qilgan.
Kestel o‘shanda 264 dollarni (zamonaviy kurs bo‘yicha taxminan 792 dollar) talon-taroj qilgandi.
Erkak qo‘lga olinganida, u hisobchini o‘yinchoqli to‘pponcha bilan qo‘rqitgani ma’lum bo‘lgan.
Shunga qaramay, amerikalik qurolli talonchilik uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U umrining 40 yilini panjara ortida o‘tkazdi.
Inson huquqlari tashkilotlari Kestelni ozod qilish uchun ko‘p yillar kurashdilar. Bundan tashqari, o‘yinchoq to‘pponcha bilan pullari o‘marilgan oshxona hisobchisi ham erkakning ozod qilinishini qo‘llab quvvatlagan.
«Men tun bo‘yi o‘tirdim va o‘yladim. Bu odam hali ham qamoqda ekaniga ishonolmadim. U o‘z jinoyati uchun kerak bo‘lganidan o‘n baravar yuqori haq to‘ladi», - dedi u.
21 sentyabr kuni Arkanzas jazodan ozod qilish kengashi matbuot kotibi Kestelning iltimosnomasi ma’qullanganini va tez orada qamoqdan ozod qilinishi mumkinligini tasdiqlagan.
«Tizim buzilgan. Men Rolfning ozod qilinganidan xursandman, lekin 16-asrdan beri takrorlanib kelayotgan qamoqqa olish haqidagi qarashlarimiz o‘zgarishi kerak. Afsuski, qamoqxonalar shunga o‘xshash «bo‘rilar» bilan to‘la», - deydi Kastelni ozod qilish uchun kurashgan va u haqida hujjatli film suratga olgan rejissyor Kelli Duda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter