Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zga sayyoraliklar yuborgan» sirli ustun Afrika davlatida ham paydo bo‘ldi. Kalavaning uchi topilgandek...

«O‘zga sayyoraliklar yuborgan» sirli ustun Afrika davlatida ham paydo bo‘ldi. Kalavaning uchi topilgandek...

Foto: Reuters

Kongo demokratik respublikasi poytaxti Kinshasa shahrida ham sirli metall ustun paydo bo‘ldi. Aholi o‘zga sayyoraliklar yoki shayton yuborgan degan shubha-gumon bilan 3,7 metrlik ustunni toshbo‘ron qildi hamda yoqib yubordi. 

So‘nggi oylarda dunyoning turli nuqtalarida – AQShdan to Ruminiyaga qadar sirli-jumboqli ustun paydo bo‘lib odamlarning aqlini shoshirmoqda. Kinshasa shahrida esa uch qirrali ustun yakshanba kuni bo‘y ko‘rsatgan. Aholi bundan vahimaga tushgan.

«Biz uchburchak metall ob’yektni ko‘rib taajjubda qoldik. Chunki u masonlar, illyuminatlar kabi sirli jamiyatlar haqidagi hujjatli filmlarni yodga soldi», – deydi kinshasalik Serj Ifulu.

Ustunni yovuz kuchlar yuborgan degan xulosaga kelgan olomon toshbo‘ron qilib unga o‘t qo‘ygan. Mahalliy kommuna rahbari Beyon Geben BBC nashriga ob’yekt parchasi laboratoriyaga yuborilgani, tadqiqotlardan keyin yakuniy xulosa aytilishini ma’lum qilgan. Poytaxt gubernatori Jentini Mgobila esa sirli ustunning paydo bo‘lishida kommuna rahbari B.Gebenning qo‘li borligini aytgan. Gubernatorga ko‘ra, kommuna rahbari shu yo‘l bilan shov-shuv qo‘zg‘ab, e’tibor qozonishni ko‘zlamoqda. Ammo B.Geben ustunning paydo bo‘lishiga zarracha aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.

2020 yil noyabr oyida AQShning Yuta shtati cho‘llarida uchburchak shaklidagi metall ob’yekt topildi. O‘shandan beri sirli ustunlar sayyoramizning turli shaharlarida paydo bo‘lib qolmoqda. Dunyo ahli dastlab jumboqning tagiga yeta olmay sarosimaga tushgani rost. Ammo tez orada kalavaning uchi topilgandek bo‘ldi. O‘zini oshkor etishni istamagan ijodkorlar jamoasi sirli ustunlar ularning ijodiy loyihasi ekanini bildirdi. Masalan, Buyuk Britaniyaning Uayt oroli va  La-Mansh bo‘g‘ozida o‘rnatilgan ustun 29 yoshli Tom Danford tomonidan yasab o‘rnatilgani taxmin qilinmoqda.

Ushbu ijodiy tashabbus dunyo bo‘ylab fleshmobga aylanib ketdi. Fevral oyi boshida Turkiyaning Gebeklitepe majmuasida ham ana shunday ustun paydo bo‘ldi. Unda qadimiy turkiy alifboda matn ham yozilgan edi. Ko‘p o‘tmay ushbu ustun Turkiyaning fazoviy dasturi targ‘iboti uchun qo‘llangan original reklama usuli ekani ma’lum bo‘ldi. Sirli ustunlar sayyohlar hamda ilmiy fantastika muxlislariga manzur bo‘layotgani bor gap.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring