«O‘zmilliybank» AJ hamda «Ipak yo‘li» jamg‘armasi o‘rtasida 395 million dollarlik loyihalar bo‘yicha kelishuv imzolandi
O‘zbekistonda yirik infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik kengaymoqda. Shu doirada «O‘zmilliybank» AJ Xitoyning Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan qiymati 395 million AQSh dollarigacha bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga yuqori darajadagi tashrifi doirasida imzolandi.
Mazkur hujjat 9–10 sentyabr kunlari Gonkongda bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-sammiti doirasida rasmiylashtirildi. Sammit investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydon sifatida o‘tkazildi.
Kelishuvga muvofiq, «O‘zmilliybank» va Ipak yo‘li jamg‘armasi O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda tanlaydi, ularni baholaydi hamda moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqadi. Keyinchalik tanlangan loyihalarni Ipak yo‘li jamg‘armasining uzoq muddatli kredit liniyalari hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlik doirasida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, zamonaviy pullik tezyurar avtomobil yo‘llarini qurish bilan bog‘liq loyihalar ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Mazkur kelishuv 2026 yilga mo‘ljallangan Davlat investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan hamohang. Unga ko‘ra, «O‘zmilliybank» zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 milliard AQSh dollari ekvivalentida mablag‘ jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan erishilgan yangi kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, u O‘zbekiston–Xitoy strategik sherikligi doirasida, jumladan, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida aniq investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ma’lumot uchun, «O‘zmilliybank» AJ 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi tizimli ahamiyatga ega eng yirik banklardan biri hisoblanadi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 12 milliard AQSh dollaridan, kredit portfeli 9 milliard dollardan, jami kapitali 1,6 milliard dollardan oshgan. Bankning sof foydasi 160 million AQSh dollarini tashkil etgan.
Ipak yo‘li jamg‘armasi esa Xitoy Xalq Respublikasining davlat investitsiya jamg‘armasi bo‘lib, 2014 yilda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter