Pentagon noqonuniy migratsiyaga qarshi Meksika chegarasiga 10 ming askar yuboradi

Pentagon noqonuniy immigratsiyani nazorat qilish uchun Meksika chegarasiga 10 ming askar yuboradi.
Bu haqda The Washington Post gazetasi AQSh bojxona va chegarani himoya qilish xizmati (USCBP) hujjatlariga tayanib xabar bermoqda.
AQShning yangi prezidenti Tramp o‘zining birinchi farmonlaridan birida AQSh-Meksika chegarasida favqulodda holat e’lon qildi va Pentagonga u yerga qo‘shinlar, uchuvchisiz samolyotlar va boshqa jihozlarni yuborish, shuningdek, chegara devori qurilishini qaytadan boshlashni buyurdi.
AQSh Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Robert Salessesning aytishicha, birinchi to‘lqin chegaraga kamida 1500 quruqlik qo‘shinini jo‘natish va u yerda shu kunga qadar joylashtirilgan 2500 askarni qo‘shishni o‘z ichiga oladi.
«Bu faqat boshlanishi. Yana minglab qo‘shinlarni chegaraga jo‘natish masalasi muhokama qilinmoqda», – deb yozadi nashr amerikalik amaldorlardan biriga tayanib.
Shuningdek, Pentagondagi brifingda yuqori martabali amaldorlardan biri bu raqam 10 mingga yetkazilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. Bu Trampning birinchi prezidentlik muddati (2017-2021) davridagidan ko‘proq bo‘lib, o‘shanda chegaradagi qo‘shinlar soni 2018-yilga kelib 8000 nafarga yetgan. Jo Bayden (2021-2025 yillar) davrida esa bu son 2500 nafarga qisqartirilgan edi.
Bundan tashqari, chegarani kuzatish uchun razvedka samolyotlari va dronlar yuboriladi.
Chegaraga joylashtirilgan qo‘shinlar huquqni muhofaza qilish vazifalarini bajarmaydi, deydi Pentagon rasmiylari. Ular, asosan, qo‘shimcha to‘siqlar qurish va chegarada sim to‘siqlar qurish bilan shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Trampning inauguratsiyasi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. U lavozimga kirishgach, 200 ga yaqin farmon, memorandum va buyruqlarni imzoladi. Tramp, shuningdek, Meksikadan noqonuniy migratsiya kuchayishi munosabati bilan AQSh chegaralarida favqulodda holat e’lon qildi. U, shuningdek, AQSh-Meksika chegarasida chegara devori qurilishini davom ettirishni buyurgan.
AQSh bojxona va chegarani himoya qilish xizmati, gazetaning yozishicha, 10 ming o‘rinli to‘rtta yangi va 700 dan 1000 kishigacha joylashadigan yana 14 ta muassasa ochish orqali hibsxona sig‘imini ikki baravar oshirishga tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi harbiy bazalardan qamoqda saqlash joylari sifatida ham foydalanishi mumkin, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter