Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putindan sulh mujdasi. Ekspertlar bu harbiy hiyla ekanini aytmoqda

Putindan sulh mujdasi. Ekspertlar bu harbiy hiyla ekanini aytmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin vositachilar orqali G‘arb davlatlariga Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatishga roziligi haqida mujda yo‘llamoqda. Bu haqda The New York Times nashri Rossiya va AQShdagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Kreml avval ham Kiyev bilan muzokaralarga tayyorligini bildirgan. Ammo bu galgi sulh shartlari avvalgilaridan farq qiladi. Putin endilikda Vladimir Zelenskiy ma’muriyatini boshqaruvdan chetlatishni talab qilmayotir. Poytaxti Kiyev bo‘lgan suveren Ukraina davlati ham saqlab qolinadi. Ammo Putin qo‘yayotgan shartga ko‘ra, 2022 yil fevraldan keyin bosib olingan Ukraina hududlari (Zaporoje, Xerson, Donetsk, Lugansk) Rossiya ixtiyorida qolishi kerak. Ya’ni rasmiy Moskva urushni hozirgi pozitsiyada yakunlamoqchi va Ukrainaga bosib olingan hududlarni qaytarish niyatidan yiroq.

«U (Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) hozirgi pozitsiyada to‘xtashga tayyor. Ammo u bir odim ham ortga chekinmaydi», – degan Kremlga yaqin manba NYT bilan suhbatda.

Qayd etilishicha, Rossiyada prezident saylovi boshlangunga qadar Ukraina bilan otashkesimga erishilishi Putin uchun qulay imkoniyat tug‘diradi. Rasmiy propaganda Ukrainaning to‘rt viloyati qisman egallanganini uzil-kesil g‘alaba sifatida taqdim etib, Putinning tushib borayotgan reytingini ko‘tarishga harakat qilishi mumkin.

Ekspertlar Kiyev Moskva taklif etayotgan sulh shartlariga ko‘nmasligini aytmoqda. Chunki bunga ko‘nish mamlakatning 20 foiz hududi bosib olinganini rasman tan olishni anglatadi.

AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) Putinning sulh haqidagi taklifi harbiy hiyla ekanini aytmoqda.

Ayni paytda G‘arb mamlakatlarining Ukrainaga moliyaviy, harbiy qo‘llab-quvvatlashi biroz susaygan. Urushni o‘rganish instituti tahlilchilariga ko‘ra, sulh haqidagi mujda orqali Putin G‘arb siyosatchilarini chalg‘itishga urinmoqda. Bu taklif ortidan G‘arbda Rossiya bilan kelishuvga erishish lozim degan kayfiyat yanada kuchayadi va siyosatchilar Ukraina ma’muriyatidan murosaga borishni talab qila boshlaydi. Sulh tuzilgan taqdirda ham Kremlga ishonib bo‘lmaydi, u biroz kuch yig‘ib, qayta oyoqqa turib olishi bilan Ukrainaga navbatdagi bosqinni uyushtiradi, deb hisoblaydi ISW.

Avval xabar berganimizdek, Putin 14 dekabr kungi matbuot anjumanida Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot» maqsadlari o‘zgarmasligi, Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlarga erishganidagina tinchlik bo‘lishi haqida gapirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring