Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qatliom, ishtahasi karnay «sariq ajdar», olimlardan ogohlantirish (foto)

Qatliom, ishtahasi karnay «sariq ajdar», olimlardan ogohlantirish (foto)

Joriy hafta olis Ekvadordan Yaqin Sharqqa qadar – dunyo bo‘ylab g‘alayon, norozilik namoyishi va siyosiy ziddiyatlar kuzatildi. Xabar.uz hafta davomida ro‘y bergan hodisalarga karikaturalar orqali nazar tashlaydi.

1. 11-yanvar kuni Haagadagi Xalqaro jinoyat sudida Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi da’vosi ko‘rila boshladi. JAR mahkamaga kiritgan va bir qator davlatlar rasman dastaklagan da’voga ko‘ra, Isroil G‘azoda falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblanmoqda. Da’vogar Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyoti zudlik bilan to‘xtatilishi kerak deb hisoblaydi. Shuningdek, Isroil harbiylari sodir etgan genotsid jinoyatini bandma-band taftish etish va aybdorlarni jazolash so‘ralgan. JAR oziq-ovqat, suv, dori-darmon va yonilg‘idan mahrum qilingan, boshpanasidan haydaldan 2,3 million g‘azoliklarni uy-joyiga qaytarish va ularga munosib yashash sharoiti yaratishni talab qilmoqda. Rasmiy Tel-Aviv aybsizligi haqida bayonot bergan.

Karikatura: Tjeerd Royaards

2. 13-yanvar kuni Tayvanda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida iqtidordagi Demokratik taraqqiyot partiyasi nomzodi 64 yoshli Uilyam Lay (Lay Sinde) g‘alaba qozondi. U Xitoydan iqtisodiy qaramlikka barham berish va AQSh bilan yaqinlashish tarafdori. Saylovda asosiy raqib bo‘lgan Gomindan partiyasi vakili Xou Yui esa Xitoy bilan yaqinlashish kerak degan pozitsiyada. Tayvandagi saylovni butun dunyo sinchkovlik bilan kuzatdi. Xitoy rahbariyati yangi saylangan prezident Uilyam Layni ayirmachi deb biladi. Rasmiy Pekin Tayvan mustaqillik e’lon qilgudek bo‘lsa, urush ochmoqchi.

Karikatura: Paresh Nath

3. 12-yanvar tunida AQSh va Buyuk Britaniya husiylar («Ansorulloh») boshqaruvidagi Yaman shimoliga raketa zarbalari berdi. Harbiy amaliyotga Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Niderlandiya ko‘mak bergan. Vashington va London bu husiylarning Qizil dengizdagi savdo kemalariga uyushtirgan hujumlariga javob ekanini bildirgan. G‘arb davlatlari husiylarga qarshi harbiy amaliyotni qo‘llab-quvvatlagan. Rossiya, Eron qoralagan. Xitoy tomonlarni vazminlikka chaqirgan. Husiylar Isroil G‘azoda falastinliklarga qarshi urushni to‘xtatmas ekan, Qizil dengizda mazkur davlatga aloqador savdo kemalariga hujum uyushtirishda davom etishini ma’lum qilgan. 

Karikatura: Awantha Artigala

4. Tinch okeani sohilida joylashgan Ekvador davlatida joriy hafta notinch kechdi. Mafiya va jinoiy guruhlarning g‘alayoni ortidan mamlakat prezidenti Daniel Noboa 8-yanvar kuni mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat joriy qildi. Qamoqxonalardan boshlangan isyon shaharlarga yoyildi. Jinoiy to‘dalar avtomobillarga o‘t qo‘ydi, qo‘lbola bombalarni portlatdi, mahalliy telekanalni bosib oldi, odamlarni garovga oldi. Ekvador rahbariyati tartib-intizomni ta’minlash uchun butun armiyani oyoqqa turg‘azdi. 

Karikatura: Ramón Díaz Yanes

5. Afrika sharqidagi Somali va Efiopiya o‘rtasida jiddiy diplomatik ziddiyat yuzaga keldi. Bunga esa Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali va Somalilend rahbari Muso Bihi Abdi o‘rtasida tuzilgan bitim sabab bo‘ldi. Bitimda Efiopiya Somalilendning mustaqilligini tan olishi, Somalilend esa buning evaziga Efiopiyaga dengiz portlaridan foydalanish imkonini berishi ko‘zda tutilgan. Somali bu bitimni o‘z suverenitetiga tahdid deb baholab, qo‘shni Efiopiyaga keskin norozilik bildirdi. 3,5 million nufusli Somalilend 1991-yilda Somalidan mustaqillik e’lon qilgan. Ammo xalqaro hamjamiyat uni Somalining tarkibiy qismi deb biladi. 

Karikatura: Simon Regis

6. Yevropa Ittifoqining Kopernik nomidagi Iqlim o‘zgarishlari xizmati 9-yanvar kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2023-yil eng issiq yillardan biri bo‘ldi. Yillik o‘rtacha havo harorati 1,48 darajaga ko‘tarildi. Bu esa Parij bitimiga muvofiq belgilangan 1,5 lik chegaraga bir qadam qolganini anglatadi. Olimlar odamzot, hayvonot va nabototning havo harorati ko‘tarilishiga moslashuvi og‘ir kechishidan ogohlantirmoqda. 

Karikatura: Nahid Maghsoudi

7. Olmon dehqonlari ittifoqi (DBV) tomonidan uyushtirilgan fermerlarning norozilik namoyishlari davom etmoqda. Germaniya hukumati budjet mablag‘larini tejash maqsadida fermerlarning soliq imtiyozi va dizel yonilg‘isi bo‘yicha chegirmani bekor qilmoqda. Bu orqali 480 million yevroni tejash rejalashtirilgan. Moliyaviy imtiyozlar bekor qilinishidan norozi fermerlar mamlakat bo‘ylab norozilik aksiyalari o‘tkazmoqda. Namoyishlar doirasida katta yo‘llar traktorlar bilan to‘sib qo‘yilgan. 

Karikatura: Marian Kamensky

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring