Qozog‘iston sha’niga nojo‘ya gaplar aytgan rossiyalik jurnalistning mamlakatga kirishi taqiqlanadi
Rossiya propagandasining yalovbardorlaridan sanalgan jurnalist Tigran Keosayanning Qozog‘istonga kirishi taqiqlanadi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aybek Smadiyarov ma’lum qildi.
«Rossiyalik jurnalist Tigran Keosayanning haqoratli va noxolis so‘zlari hayratlanarli. Uning bayonotida Rossiya jamiyati va siyosiy tuzumining ma’lum bir qismining qarashlari aks etishi mumkin, ammo bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ruhi va mazmuniga, davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday so‘zlar yaxshi qo‘shnichilik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va strategik sheriklik muxoliflariga qo‘l keladi. O‘ylaymanki, u Qozog‘istonga kirishi mumkin bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi», – dedi Qozog‘iston TIV vakili.
Ukraina urushini tish-tirnog‘i bilan himoya qilib kelayotgan Tigran Keosayan YouTube kanalida Qozog‘iston sha’niga nomaqbul so‘zlar aytgan.
Qozog‘istonda 9 may paradi, Georgiy lentasi kabi Kreml propagandasining muhim unsurlariga munosabatdan qoniqmagan Keosayan rasmiy Nursultonga «Ukrainadagi vaziyatni diqqat bilan kuzating» deya po‘pisa qilgan. Propagandachi jurnalist o‘zining jazavali chiqishida boshqa postsovet respublikalariga ham tahdidomuz ogohlantirish bergan.
Darvoqe, joriy yil yanvar oyida «Russia Today» («Rossiya segodnya») davlat axborot agentligi bosh muharriri, jurnalist Tigran Keosayanning turmush o‘rtog‘i Margarita Simonyan ham Qozog‘iston hamda sobiq Ittifoq davlatlarining mustaqilligini shubha ostiga olgandi.
Rossiyalik ayrim siyosatdonlarning Qozog‘istonga «katta og‘alik» ruhidagi da’voyu iddaolari bilan chiqishi yangilik emas.
2020 yil dekabr oyida Rossiya davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning «Bolshaya igra» «Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir», – deya da’vo qilgandi.
2021 yilning yanvarida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Egemen Qazaqstan» gazetasida chop etilgan «Mustaqillik barchasidan qadrli» deb nomlangan maqolasida Rossiya yuqori siyosiy doiralarida bot-bot yangrayotgan hududiy da’volarga munosabat bildirgandi.
«Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan muqaddas zaminimiz – bizning bebaho boyligimizdir. Ushbu hududni qozoqlarga xorijdan birov peshkash qilmagan. Bizning bugungi tariximiz 1991 yoki 1936 yillar bilan o‘lchanmaydi. Ona xalqimiz ushbu zaminda Qozoq xonligi davrida, undan avvalroq Oltin o‘rda, Turk xoqonligi, xunlar va saklar davrida umrguzaronlik qilgan. Muxtasar aytganda, tariximiz ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladi», – deb yozgan edi Q.To‘qayev.
Joriy yil yanvar oyida Qozog‘istonda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan kunlarda ham bir guruh rossiyalik deputatlar yana qo‘shni mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi bayonotlar berdi.
C.Calim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter