Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham Rossiyadagi ehtimoliy o‘lat holati ortidan chegara nazoratini kuchaytirdi

Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham Rossiyadagi ehtimoliy o‘lat holati ortidan chegara nazoratini kuchaytirdi

Qozog‘iston va Qirg‘iziston Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘ta xavfli infeksiya gumoni bilan bog‘liq holat ortidan davlat chegaralarida sanitariya-karantin nazoratini kuchaytirdi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Irkutsk viloyatidagi vaziyatni kuzatayotganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, mamlakatga infeksiya kirib kelish xavfi dastlabki baholash bo‘yicha past. Chegara o‘tkazish punktlarida sanitariya-karantin nazorati amalga oshirilmoqda, hozircha yuqori harorat yoki o‘ta xavfli infeksiya alomatlari bo‘lgan yo‘lovchilar aniqlanmagan.

Qirg‘izistonda ham barcha sanitariya-karantin punktlari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi. Mutaxassislar chegaradan o‘tayotgan odamlar, transport vositalari va yuklarni nazorat qilmoqda. Bu choralar infeksiyaning mamlakatga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin O‘zbekiston tomoni ham tegishli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan edi.

Yuqoridagi tadbirlarga RF Irkutsk viloyatining Shelexov shahrida o‘latga qarshi kurash instituti xodimining vafoti sabab bo‘lmoqda. Marhuma bilan muloqotda bo‘lgan 197 kishi tibbiy kuzatuvga olingan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ularda kasallik belgilari aniqlanmagan va laboratoriya tekshiruvlari manfiy chiqqan.

Shu bilan birga, Rossiya Rospotrebnadzori 4-oktyabr kuni Irkutsk viloyatida o‘lat holatlari aniqlanmaganini bildirgan. Vafot etgan ayolning o‘limi sababi hozircha «etiologiyasi aniqlanmagan pnevmoniya» sifatida ko‘rsatilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring