Rossiya O‘zbekiston bozoridan qozoq donini siqib chiqarmoqchi
Hozirda Qozog‘iston Tojikiston va O‘zbekiston don importining 90 foizini ta’minlaydi. Biroq, Rossiya bu bozorlarni faol rivojlantirish niyatida. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Don eksportchilari ittifoqi rahbari Eduard Zernin shu hafta Toshkentda bo‘lib o‘tgan Kaspiy va Markaziy Osiyo don forumidagi nutqida ma’lum qildi.
Mutaxassislar Markaziy Osiyo bozorlarida aholi sonining ortib borishi hamda iqlimning qurg‘oqchilligi kuchayishi fonida kelgusi ikki-uch yil ichida bug‘doyga bo‘lgan talab uchdan bir qismga oshishini taxmin qilmoqda.
Rossiya tomoni ishlab chiqarish hajmining o‘sishi hamda sanksiyalar cheklovlari tufayli sobiq bozorlarga chiqishning murakkablashishi natijasida hosil bo‘layotgan ortiqcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari oqimini bu yerga yo‘naltirish rejalarini yashirmayapti. Kelgusida Qozog‘iston ushbu hududdagi bozorlarda o‘z ulushini saqlab qolish uchun Rossiya bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi.
Qozog‘iston don ittifoqining rasmiy vakili va eksperti Yevgeniy Karabanov joriy mavsumda Qozog‘istonning bu raqobat kurashida transport infratuzilmasi zaifligi pand berayotganini aytadi.
– Markaziy Osiyo va Afg‘onistondagi xaridorlarimiz don va un mahsulotlarini yetkazib berishimizni kutayotgan bir paytda biz normal eksportni yo‘lga qo‘ya olmayapmiz, – deydi Yevgeniy Karabanov. – Ayni paytda Rossiya ushbu mintaqa bozoriga kirib kelmoqchi. Xaridorlarimiz transport infratuzilmamizning hal bo‘lishini kutishmoqda. Ammo bu tez orada sodir bo‘lmasa, ular kutishdan charchashadi va shunchaki Rossiya tomonga og‘ishni boshlaydilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter