Shri-Lanka sobiq prezidenti hibsga olindi

Shri-Lanka sobiq prezidenti Ranil Vikramasinghe hibsga olindi, deb xabar berdi Associated Press.
Mamlakatning sobiq rahbari davlat pulini sovurishda gumon qilinmoqda — unga prezidentlik davrida xorijga chiqish bilan bog‘liq uchta ayblov qo‘yilgan, deyiladi politsiya bayonotida.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 76 yoshli sobiq prezident xorijga 23 marta safar qilgan, buning uchun 600 million rupiydan ortiq yoki taxminan 2 mln dollar xarajat qilingan.
Vikramasinghega qo‘yilayotgan asosiy ayblovlardan biri uning 2023-yilda Kubadagi G77 sammitidan qaytishda Buyuk Britaniyada to‘xtab o‘tgani bilan bog‘liq. O‘shanda u rafiqasi bilan Vulverhempton universitetidagi marosimda qatnashgan. Shri-Lanka politsiyasining ta’kidlashicha, bu davlat mablag‘lari evaziga uyushtirilgan shaxsiy tashrif bo‘lgan. Vikramasinghe ayblovlarni rad etmoqda.
Ranil Vikramasinghe iqtisodiy inqiroz va xalq isyoni tufayli mamlakatdan qochib ketgan Gotabaya Rajapaksaning o‘rniga 2022–2024-yillarda Shri-Lanka prezidenti bo‘lgan. Sobiq davlat rahbari hibsga olinishi Shri-Lanka tarixida birinchi marta yuz bermoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter