Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Siyosatdan chetlatilgan Nazarboyev hozir qaysi mamlakatda ekani ochiqlandi

Siyosatdan chetlatilgan Nazarboyev hozir qaysi mamlakatda ekani ochiqlandi

Foto: AP

Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Arkadiy Dubnov «Facebook»dagi sahifasida Qozog‘istonning sobiq prezidenti, ommaviy noroziliklar ortidan mamlakatni tark etgan Nursulton Nazarboyev ayni paytda Xitoyda ekani haqida yozdi.

Bu ma’lumotga rasmiy idoralar hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

Siyosatshunos A.Dubnov Nazarboyevning jiyanlari – yaqingacha Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan general Samat Abish hamda milliarder Qayrat Sotiboldi hibsga olinganini ham ma’lum qilgan.

30 yil davomida Qozog‘istonga rahbarlik qilgan N.Nazarboyev 2019 yili prezidentlikni topshirib, Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini saqlab qolgan edi. Ammo mamlakatni ostin-ustun qilgan namoyishlardan keyin, joriy yil 5 yanvar kuni Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirishga majbur bo‘ldi. Bu orada N.Nazarboyev Rossiyaga, Qirg‘izistonga, BAAga ketgani xususida taxminlar o‘rtaga chiqdi. 7 yanvar kuni esa Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Nazarboyev bilan telefonda suhbatlashganini ma’lum qildi. Ammo sobiq prezidentning qayerda ekani ochiqlanmadi.

Suyultirilgan gaz narxi oshishiga qarshi chiqqan namoyishchilar N.Nazarboyevning butkul siyosatdan ketishini talab qildi. Birinchi prezidentning Toldiqo‘rg‘on shahrida o‘rnatilgan haykali esa namoyishchilar tomonidan sindirib tashlandi.

Mamlakat poytaxti Ostona shahri 2019 yilda Nazarboyev sharafiga Nursulton deb qayta nomlangani ma’lum. Xorij matbuotiga ko‘ra, Qozog‘iston hukumati ayni paytda Nursulton nomini tilga olmayotir. Bu xususda gap ketganda, «mamlakat poytaxti» kabi nisbatan betaraf jumlalar qo‘llanmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 7 yanvar kuni o‘tkazilgan maxsus yig‘ilishda fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanishi, ammo jangarilarga qarata ogohlantirmasdan o‘t ochilishini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring