«Tahdid ohangidagi so‘zlarni qabul qilmaymiz» – Ozarbayjon AQShga javob qaytardi

Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojiyev AQSh mulozimlarining aksilozarbayjon ruhidagi bayonotlariga javob qaytardi.
TIV tarqatgan xabarga ko‘ra, joriy yil 31 oktyabr kuni AQSh Senatidagi muhokama payti Davlat kotibi Entoni Blinken boshqa masalalar qatorida ziddiyat oqibatida Armanistonda yuzaga kelgan gumanitar ehtiyojlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish haqida gapirgan. 2 noyabr kuni esa Davlat departamenti OAVga Armanistonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qat’iy dastaklashini ma’lum qilgan.
Mazkur bayonotlarga javoban rasmiy Boku vakili O.Hojiyev o‘n yillar davomida vositachi bo‘lganiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Ozarbayjonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini bu qadar qat’iy rag‘batlantirmagani, shuningdek, boshpanasidan ayrilgan ozarbayjonlik qochqinlarga gumanitar ko‘mak ko‘rsatishga e’tibor qaratmaganini qayd etgan.
«Qolaversa, AQSh xalqaro majburiyatlari, jumladan, BMT Xavfsizlik kengashining 4 rezolyusiyasiga muvofiq, Armaniston qurolli kuchlarini Ozarbayjonning ishg‘ol ostidagi hududlaridan chiqishga da’vat etmadi, shuningdek, arman ayirmachi rejimining tugatilishini talab qilmadi», – deydi Ozarbayjon TIV matbuot kotibi.
Ta’kidlanishicha, Vashington Ozarbayjon hududida noqonuniy ma’muriyatning faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, Armanistonni yanglish yo‘lga boshladi.
«Agar AQSh Ozarbayjon, shuningdek, xalqaro tinchlik va barqarorlikka boshqacha yondashganda edi, tahdidlarni kuch bilan bartaraf etishga hojat qolmas, masala (qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan Qorabog‘ taqdiri nazarda tutilmoqda – tahr.) tinch yo‘l bilan hal etilar edi. Aynan AQSh ishtirokidagi vositachilik harakatining muvaffaqiyatsizligi, shuningdek, Armanistonning ishg‘ol siyosatidan voz kechmagani Ozarbayjonni o‘z yerlarini harbiy yo‘l bilan qaytarib olishga undadi. Shu bois va boshqa qator dalillarga ko‘ra, o‘tmishdagi ixtilofni tinch yo‘l bilan hal etish borasida harakatsizligi uchun AQSh ham javobgardir», – deyiladi bayonotda.
Rasmiy Boku Yerevanning siyosati mintaqadagi tinchlikka to‘siq bo‘lishidan ogohlantirgan.
«Ozarbayjon bilan tahdid ohangida so‘zlashish nomaqbuldir. Ozarbayjonga qarshi har qanday harakat ijobiy natija keltirmaydi va bunday harakatlarga munosib javob beriladi», – deydi TIV vakili Oyxon Hojiyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter