Tailandning eng yosh bosh vaziri lavozimidan vaqtincha chetlatildi

Tailand bosh vaziri Pxetxongtxan Chinnavat 1-iyul kuni vaqtincha lavozimidan chetlatildi. Chinnavatning Kambodja bosh vaziri Xun Sen bilan telefondagi muloqotidan norozi bir guruh senatorlarning petitsiyasidan so‘ng Konstitutsion sud shunday qarorga keldi.
Petitsiya ko‘rib chiqilish davrida Chinnavatning Vazirlar mahkamasidagi Madaniyat vaziri lavozimi saqlanib qoladi.
Ikki mamlakat o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqach, Chinnavat va Xun Sen o‘rtasida tarjimonlar ishtirokida telefonda muloqot bo‘lib o‘tgan.
Suhbat davomida tailandlik bosh vazir kambodjalik hamkasbiga xuddi «amakisi» kabi murojaat qilgan va nima istasa «tashkil qilish»ni taklif etgan. Qolaversa, Chinnavat o‘z mamlakati harbiylari sha’niga ham yaxshi gaplar aytmagan.
Eslatib o‘tamiz, ikki mamlakat chegarasidagi otishmada kambodjalik askar halok bo‘lgan.
Bosh vazirning raqibga yon bosishi ham hukmron partiya, ham muxolifatdagilarning jahlini chiqardi. 28-iyun kuni Bangkokdagi namoyishda odamlar Chinnavatni iste’foga chiqarishni talab qilishdi.
38 yoshli Pxetxongtxan Chinnavat — Tailand tarixidagi eng yosh hamda ammasi Yinglak Chinavatdan keyin ikkinchi ayol bosh vazir, o‘tgan yili saylangan. U Chulalongkorn universiteti siyosiy fanlar fakultetida sotsiologiya va antropologiya bakalavri darajasini olgan, so‘ngra Britaniyaning Surrey universitetida «xalqaro mehmonxona biznesi» mutaxassisi diplomini qo‘lga kiritgan.
Chinnavat professional faoliyatining katta qismi oilasining mehmonxonalardan tortib telekommunikatsiyalargacha bo‘lgan ulkan biznes-imperiyasi bilan bog‘liq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter