«Tolibon» Afg‘onistonda ayollarning huquqlari nega cheklanayotganini tushuntirdi
«Tolibon» hukumati Afg‘onistonda ayollarning huquqlari yaxshilanmayotganiga sabab — G‘arb sanksiyalari ekanini ma’lum qildi. Bloomberg yozishicha, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Amirxon Muttaqiy «Tolibon» G‘arb sanksiyalarini olib tashlashda ayollarning huquqlaridan dastak sifatida foydalanishni istaganini, biroq yangi hukumat yetakchilari o‘zgarishlar uchun rag‘bat ko‘rmayotganini ma’lum qilgan.
Ya’ni «Tolibon» hukumati G‘arb sanksiyalari yumshatilmayotgani qasdiga ayollarning huquqlarini tobora cheklamoqda. Ayniqsa, Afg‘onistonda xotin-qizlarning davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishiga taqiq qo‘yilishi — cheklovlarning eng ayovsizi bo‘ldi.
«Afg‘oniston sanksiyalar ostida, banklarimiz sanksiyalangan, tadbirkorlarimiz mashaqqat chekishmoqda. Ular hatto oziq-ovqat va yoqilg‘i olib kirish uchun chetga pul o‘tkaza olishmaydi», — dedi Muttaqiy Kobulda BMT bosh kotibining o‘rinbosari Amina Muhammad bilan xotin-qizlar huquqlari masalasidagi uchrashuvda.
«BMT bu borada men o‘z rahbarlarim va xalqimga aytishga loyiq nima ishlar qildi?», — savol berdi u suhbatdoshiga.
Bloomberg Afg‘onistonda so‘nggi yigirma yilda ayollar erkinliklari borasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar «Tolibon» tomonidan yo‘qqa chiqarilganini, mamlakat 90-yillar so‘ngidagi repressiv boshqaruvga qaytganini yozgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter