Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyadagi mashhur Tomioka ipak fabrikasiga 150 yil to‘ldi

Yaponiyadagi mashhur Tomioka ipak fabrikasiga 150 yil to‘ldi

Yaponiyaning Tomioka shahridagi shoyi ishlab chiqarish bo‘yicha davlat sanoat fabrikasi va unga yondosh ob’yektlar «Kunchiqar yurt»da bu turdagi korxonalar orasida eng qadimiysi va eng but saqlangani hisoblanadi.

Tomiokaning tarixiy markazi, Gumma prefekturasi hududidagi mazkur noyob korxona mamlakat poytaxti Tokio shahridan taxminan 100 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan.

Fabrika 1872 yil iyulda ishga tushirilgan bo‘lib, uni bunyod etish ishlari o‘shandan bir yil muqaddam boshlangan. Qurilish materiallari va texnik jihozlar Fransiyadan keltirilgan. U butun mamlakatda shu turdagi korxonalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilgan. O‘sha davr uchun eng zamonaviy bo‘lgan 150 ta uskunada bir vaqtning o‘zida 400 kishi mehnat qilgan.

1893 yilda fabrika xususiylashtirilib, «Mitsui» korxonasiga berilgan. 1939 yilda esa mulkdor yana o‘zgarib, «Katakura Industries Co» kompaniyasi qo‘liga o‘tgan.

Fabrika hududidagi tarixiy yodgorliklar hozirgi davrimizga qadar juda yaxshi saqlangani sababli Hukumat uni 2005 yilda Yaponiyadagi tarixiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritadi. Fabrika majmuasi Sharqiy Osiyodagi sanoat inqiloblari davridagi dastlabki va eng yaxshi saqlangan yodgorlik hisoblanadi va o‘sha davr rivojlanish shiddatini yorqin ifoda etib beradi.

Bu yerda to‘rtta inshoot bor. Tajriba fermasida ipak qurtini yetishtirish jarayonlari amalga oshiriladi. Muzlatilgan omborda esa qurt urug‘i beziyon saqlanadi. Ipak fabrikasining o‘zida ipak tolasi g‘altakka o‘ralgandan keyin qayta ishlanadi. Shuningdek, bu yerdan Ipakchilik texnologiyasini o‘qitish kasbiy bilim yurti o‘rin olgan.

Aynan ushbu fabrikada boshlangan an’analar tufayli Yaponiya jahondagi eng yirik eksportchilardan biriga aylangan. Mahsulotning asosiy qismi Fransiya va Italiyaga sotilgan. Fabrika 1987 yilga qadar faoliyat ko‘rsatgan.

Aynan u tufayli ipakchilikda innovatsiyalar uchun yaxshi sharoitlar yaratildi, eksport mahsuloti sifati va hajmlari keskin oshdi. Natijada 1909 yilga kelib, Yaponiya ipak xom-ashyosini eksport qilish bo‘yicha Xitoydan o‘zib, jahonda yetakchiga aylandi.

Bu yerga kelayotgan sayyohlar Yaponiyada ipakchilik sanoati tarixi bilan yaqindan tanishish, qadimiy jihozlarda o‘zlari ipak tolasini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

2014 yil 21 iyunda fabrika YuNESKOning Butunjahon moddiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Shu tarzda u ushbu ro‘yxatdan joy olgan Yaponiyadagi 18 ta ob’yektdan biriga aylandi.

Sarvinoz Ahmedova,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring