Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ubuntu: «Men borman, chunki biz bormiz» yoxud nima uchun afrikalik bolalar ovqat talashmaydi?

Ubuntu: «Men borman, chunki biz bormiz» yoxud nima uchun afrikalik bolalar ovqat talashmaydi?

foto: Xabar.uz

Bir antropolog Afrika qabilasidagi bolalarni o‘yin o‘ynashga taklif qildi. U meva solingan savatni daraxtning yoniga qo‘yib, e’lon qildi: «Kim birinchi bo‘lib daraxtga yetib kelsa, meva solingan savatga ega bo‘ladi». U yugurishga ishora qilganida, bolalar bir-birining qo‘lidan ushlab yugurishdi va keyin birgalashib shirin mevalardan zavqlanishdi. Ajablangan olim bolalardan nega bunday qilganlarini so‘radi, chunki ularning har biri sovg‘ani yolg‘iz o‘zi olishi mumkin edi. Bunga bolalar javob berishdi: «Obonato!» yoki «Ubuntu» – hamma xafa joyda, bir kishi baxtli bo‘lishi mumkinmi?  Ya’ni ularning tilida bu «Hamma borligi uchun men borman» degan ma’noni anglatadi. Ubuntu – bu Afrika axloqiy ta’limoti, odamlarning ishonchiga va ularning munosabatlariga asoslangan o‘ziga xos gumanistik falsafa.

«Ubuntu» so‘zi afrikaning zulu va xosa tillariga tegishli bo‘lib «boshqalarga nisbatan insonparvarlik» va «butun insoniyatni birlashtiruvchi jamoaviy harakat kuchiga ishonish» deb tarjima qilinishi mumkin. Shunga o‘xshash atamalar ko‘plab Afrika dialektlarida mavjud, ular boshqalarga nisbatan saxiylik, xushmuomalalik va insoniylikni ham anglatadi. Afrikada kimnidir maqtamoqchi bo‘lsangiz, oddiygina aytishingiz mumkin: «Falon odamning ubuntusi bor». Bu uning saxovatli, mehmondo‘st, do‘stona, g‘amxo‘r va rahm-shafqatga to‘la ekanligini anglatadi. Va u boshqalar bilan bor narsasini baham ko‘radi.

1980 yilda Zimbabvelik tarixchi, jurnalist va yozuvchi J. T. Samkange ubuntu tamoyillarini tizimlashtirishga harakat qildi. U uchta asosiy narsani aniqladi. Birinchisi inson bo‘lish – o‘zgalardagi insoniylikni tan olish orqali o‘zining insoniyligini tasdiqlash va shu asosda boshqalar bilan hurmatli munosabatlar o‘rnatishdir. Ikkinchisi agar kimdir boylik va boshqaning hayotini saqlab qolish o‘rtasidagi yakuniy tanlovga duch kelsa, u holda hayotni saqlab qolishni tanlov qilish kerak. Uchinchisi podshoh o‘z maqomi, shu jumladan, u bilan bog‘liq barcha vakolatlar uchun xalqining irodasiga qarzdor.

Liberiyalik tinchlik faoli Leyma Roberta Gbovi Ubuntu prinsipining eng mashhur ta’rifini berdi: «Men borman, chunki biz bormiz». Ushbu qisqa va aforistik ta’rif chuqur ma’noga to‘la: men yakka holda mavjud emasman. Va mening mavjudligim men tomonidan belgilanmagan (yoki faqat men emas). Biz bir-birimiz bilan shunchalik bog‘liqmizki, biz ulkan tirik butunning tirik qismimiz. Va har birimiz qanday bo‘lsak, har birimiz mavjudmiz, chunki biz bir butunmiz. Mening shaxsiy mavjudligim butunning mavjudligi bilan shartlangan, men uning bir kichik bo‘lakchasi lekin ajralmas qismiman. Tan olishingiz kerak, bunday fikrni darhol qabul qilish oson emas!

Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati, arxiyepiskop Desmond Tutu «Kechirimsiz kelajak yo‘q» kitobida shunday deb yozgan edi: «Ubuntuga ega odam boshqalar uchun ochiq va sodiq, boshqalarga o‘zining ajralib turgan qobiliyati bilan tahdid qilmaydi va boshqalarni kamsitish yoki qiynoqqa solishdan chekinadi.»

Keyinchalik, 2008-yilda, o‘z nutqlaridan birida, Tutu shunday dedi: «Mamlakatimizdagi tushunchalardan biri ubuntu – inson bo‘lishning mohiyatidir. Ubuntu, xususan, siz alohida holda inson sifatida mavjud bo‘lolmasligingizni aytadi, biz bir-birimiz bilan bog‘liq ekanligimizni aytadi. Aslida biz bir-birimiz bilan bog‘langanimizda qilayotgan ishimiz butun dunyoga ta’sir qiladi.»

Nelson Mandela, Janubiy Afrikaning birinchi qora tanli prezidenti, quyidagi misolni keltiradi: «Mamlakat bo‘ylab sayohat qilgan sayohatchi qishloqda to‘xtaydi va ovqat yoki ichimlik so‘rashga hojat qolmaydi. U to‘xtashi bilan odamlar unga ovqat beradilar, unga g‘amxo‘rlik qiladilar.   Yana bir jihati ubuntu odamlar yakka holda boyib ketish kerak emasligini aytadi. Atrofingizdagi jamoadan yaxshiroq bo‘lishingiz mumkinmi? Ya’ni  savol shundaki, siz atrofingizdagi jamiyatni yaxshilash uchun o‘zingizni boyitasizmi, yoki faqat o‘zingiz uchung boyiysizmi?»

Ubuntusi bor odam: «Axir men qanday qilib baxtli bo‘la olaman, agar boshqalar baxtsiz bo‘lsa?» Go‘yoki bu qabilalar shunday bir baxt sirini biladiki – bu sirni o‘zini «rivojlangan», «sivilizatsiyalashgan» deb hisoblovchi jamiyatlar allaqachon yo‘qotib qo‘ygan.

Keniyalik adabiyotshunos Jeyms Ogudening fikricha, ubuntu zamonaviy dunyoda keng tarqalgan individualizmga qarshi kurashuvchi vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ubuntu tiklovchi adolat va jamiyatga yo‘naltirilgan axloqni targ‘ib qiladi. «Odamlar sifatida biz insoniy qadriyatlarimizni chuqur o‘rganishimiz, shifo berish va bo‘shliqni bartaraf etish uchun ulardan eng yaxshisiga intilish qobiliyatiga egamiz», deydi Ogude. Bu g‘oya nafaqat insonga, balki daryolar, o‘simliklar va hayvonlar dunyosi bilan munosabatlarimizga ham taalluqlidir. Tabiatning markaziy ustunini tan olganimizda va ifodalaganimizda, uning ma’nosi yanada kengayadi: men – biz borligimiz uchun, biz – yer borligi uchun bormiz. Tabiatning farovonligini bizning farovonligimizdan ajratib bo‘lmaydi.  

Ubuntu konsepsiyasining yagona ta’rifi yo‘q, lekin uning yadrosi insoniyat atrofida aylanadi. Bu g‘oya shundan iboratki, inson faqat boshqalar baxtli bo‘lsagina baxtli bo‘ladi, boshqa birovning azobini ko‘rsa, o‘zi ham azob chekadi. Shunday qilib, biz hammamiz bir-biriga bog‘langanmiz va hech kimga hasad qilish yoki hech kimdan qasos olish kerak emas. Ubuntu yordamida moddiy va nomoddiy narsalar bilan bo‘lishish, kechirish va boshqalarga nisbatan adolatsizlik qilmaslikdir. Shaxsiy rivojlanishga erishish uchun avvalo, boshqalarning rivojlanishiga yordam berishingiz kerak.

Ilk odamlar Afrikada yashaganligini hisobga olsak, bu Ubuntu biz kabi eski ekanligini anglatadi. Aslida ubuntu tamoyillari butun insoniyat genining bir qismi. Ajdodlarimizda hamdardlik, mehr-oqibat va hamjihatlik yuksak darajada bo‘lgan.

Ubuntuni shunday o‘xshatish bilan umumlashtirish mumkin: «Menda sigir va sizda  idish bor, demak ikkalamiz ham sut ichishimiz mumkin». Bu oddiy misol bo‘lsa-da, uning qamrovi juda katta. Bu mo‘l-ko‘llik, qadrlash va hamkorlikda birga yashashimiz mumkinligini ko‘rsatadi.

Ehtimol, ubuntu nima uchun Afrikadagi qishloqlarda ochlik va tanlov yetishmasligiga qaramay, o‘zlarini baxtli his qilishlarini, ko‘pincha tabassum qilishlarini tushuntiradi. Afrika qishloqlariga sayohat qilgan har bir kishi bu jamoalarning donoligi, hamdardligi, kamtarligi, g‘amxo‘rligi va quvnoqligidan hayratda qoladi.

Aksincha qulay turmush tarziga qaramay, har kuni ko‘plab tanlovlar mavjud bo‘lsa-da, ba’zi odamlar kulishni unutganini ko‘ramiz. Har bir insonning borlig‘ida bo‘shliq bordek.  

Afrikaning qishloqlarida insoniylik yuzasidan har kimga qalbini, uyini ochadi, borini birga baham ko‘radi. Ular o‘zlariga yordam kerak bo‘lsa, yordam berilishiga ishonishadi. Bu so‘ramasdan, iltifotsiz va evaziga hech narsa kutmasdan sodir bo‘ladi. Ubuntu e’tibor yoki tanlov emas. Bu go‘zal, ilhomlantiruvchi va chuqur bog‘langan jarayon. Qabul qiluvchilar beruvchiga aylanadi va aksincha. Ishonch asosni tashkil qiladi.

Afrikadagi bolalarning boshqa joylardan jo‘natilgan yordam, oziq-ovqatlarga navbatda turishi yangilik emas. Bu holat ko‘p sayyohlar va antropologlarni hayratga solgan. Bolalar har qanday holatda – oziq-ovqat, o‘yinchoqlar va hatto suhbatlashishda ham navbat bilan harakat qilishadi. Ularda «men birinchi» degan da’vo kam uchraydi.

Masalan butun dunyoda kuzatayotganimiz kiyimlar yoki oziq ovqatlarga aksiya ketayotgan joyda talash-talashni ko‘ramiz. Afrika xalqi esa o‘z ubuntusi bilan bizga o‘rnak bo‘layotgandek. 

Ubuntu aslida biz unutgan qadriyat emasmi?

Ubuntu go‘yoki bizga «birinchi bo‘lish shart emas» deb o‘rgatayotgandek. U «yolg‘iz g‘olib bo‘lish» emas, «birga baham ko‘rib quvonish» muhim ekanini esga soladi. Ya’ni bir inson baxti boshqalar baxti bilan bog‘liq.
Men baxtli bo‘lishim uchun sen ham baxtli bo‘lishing kerak. Va men borligim sen bor bo‘lganing uchundir.

Ubuntu insoniyatga nima uchun kerak? Bu dunyodagi har xil vaziyatlarda omon qolish uchun kerak. Ochlik va yo‘qchilik, urush, tabiiy ofatlar boshimizga kulfat keltirganida yanada jipslashish uchun kerak. Afrikani qiyin ahvoldan saqlayotgan narsa ham shu ubuntudir.

Afrikada odamlar ko‘p narsadan mahrum – toza suv, barqaror ish, tinchlik, hatto oddiy dori-darmon. Lekin ularda bir narsa bor: ubuntu. Va ehtimol, aynan shu ubuntu ularni hamon inson qilib turibdi.

Ubuntu insoniylikni eslashning, inson bo‘lib qolishning so‘nggi imkoniyatidir.
Sizning-chi, sizning ubuntungiz bormi?

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring