Xirosimaga atom bombasini tashlagan uchuvchining kundaligi sotuvga qo‘yildi
Xirosimaga atom bombasini tashlagan «Enola Gay» bombardimonchi samolyoti uchuvchilaridan biri — Robert Lyuisning kundaligi Kaliforniyada 950 ming dollarga sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Washington Post nashri xabar berdi.
Kundalik muqovasida: «Robert A. Lyuisning mulki... 1945-yil 6-avgust kuni Xirosimaning bombardimon qilinishi», deb yozilgan. Qaydlar orasida birinchi atom bombasi tashlanganidan keyin yozilgan mashhur: «Xudoyim, biz nima qilib qo‘ydik?» (My God, what have we done?) degan jumla ham bor.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, antikvar Den Uitmor ushbu kundalikni uning «badavlat egasi topshirig‘iga binoan» sotmoqda. Bu lot beshinchi marta kimoshdiga chiqarilmoqda. Ilk bor u 1971 yilgi auksionda 37 ming dollarga sotilgan edi. O‘sha savdoda Robert Lyuis shaxsan qatnashgan (u 1983 yilda vafot etgan).
«Bu, ehtimol, Ikkinchi jahon urushi davriga oid eng muhim hujjatlardan biridir. Ko‘p jihatdan bu XX asrda butun dunyo uchun burilish nuqtasi bo‘lgan», — dedi Uitmor Washington Post bilan suhbatda.
Ma’lumot uchun: 1945-yil 6-avgustda AQSh harbiy-havo kuchlari Xirosimaga «Kichkintoy» deb nomlangan uran bombasini tashlagan. Oradan uch kun o‘tib, Nagasakiga «Baqaloq» nomli plutoniy bombasi tashlangan.
Portlash oqibatida Xirosima deyarli butunlay vayron bo‘lgan, o‘sha lahzaning o‘zida 70 mingdan 80 minggacha kishi halok bo‘lgan. 1945-yil oxiriga kelib, nurlanishni ham hisobga olganda, qurbonlar soni 166 ming kishiga yetgan. Nagasakidagi ikkinchi portlash esa 70 ming aholining yostig‘ini quritgan. Atom bombalari tashlanganidan so‘ng bir necha kun o‘tib, 14 avgustda Yaponiya rasman taslim bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter