Xitoydagi osmono‘par binolar dunyoda eng yaxshi deb topildi (foto)
Oktyabr oyining oxirida Londonda Vertikal urbanizm bo‘yicha kengash dunyoning eng yaxshi osmono‘par binolarini taqdirladi. Kengash Xitoydagi «Sany Irootech Headquarters» majmuasini 2026-yildagi dunyoning eng yaxshi baland binosi deb tan oldi.
Hakamlar hay’ati bu inshootlarning kuchli shamolga dosh berish va seysmik yuklamalarga moslashish imkonini beruvchi g‘ayriodatiy tashqi yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini alohida qayd etdi.
«Sany Irootech Headquarters» majmuasi «Skidmore, Owings & Merrill» (SOM) me’morchilik byurosi hamda Pekin arxitektura loyihalash instituti hamkorligida loyihalangan. Majmua Guandun provinsiyasining gavjum port shahri Guanchjouda joylashgan bo‘lib, balandligi 204 va 186 metrli ikkita osmono‘par binodan iborat.

Har ikki inshootning fasadlari ochiq olti burchakli panjarali konstruksiya bilan o‘ralgan bo‘lib, uning elementlari diagonal bo‘yicha joylashgan va asimmetrik naqsh hosil qilgan. Shuningdek, fasad qismiga yashil o‘simliklar chiroy berib turibdi.

Binolarning og‘irlik tushuvchi karkasi beton bilan to‘ldirilgan po‘lat quvurlar tizimidan iborat. Har beshta qavatdan to‘rttasining og‘irligi tashqi konstruksiyaga tushadi. Buning natijasida ichki qismda ustunlardan voz kechilib, tabiiy yoritishni ta’minlashga va erkin rejalashtiriladigan bo‘sh maydonlarni yaratishga erishilgan.

Osmono‘par binolarning ichida ofislar, mehmonxona va turarjoylar joylashgan. Har besh qavatda ko‘kalamzorlashtirilgan terrasalar ko‘zda tutilgan. Ular ochiq havodagi jamoat joylari vazifasini bajaradi, shu bilan bir vaqtda ichki xonalarni soya qilib, fasadlarning quyosh nuridan qizib ketishini kamaytiradi.
Binolarda passiv sovitish tizimlari ham qo‘llaniladi. Xususan, havoning tabiiy aylanishini ta’minlaydigan ochiladigan ventilyasiya tirqishlari va shishali eshiklar mavjud. Bundan tashqari, minoralar orasida ko‘tarilgan stilobat barpo etilgan bo‘lib, buning evaziga yer sathida bog‘lar va san’at asarlari joylashgan jamoat maydoni uchun joy bo‘shatilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter