Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyalik bolalar ko‘p suv ichishga bog‘cha yoshidan odatlanadi

Yaponiyalik bolalar ko‘p suv ichishga bog‘cha yoshidan odatlanadi

foto: farpost.ru

Yaponlar termosni «Suito», deyishadi. Ya’ni issiqni issiq sovuqni sovuq ushlab turadigan idish.

Xullas, ana shu «issiq-sovuq» idish Yaponiyadagi bolalarga bog‘chadaligadayoq majburiy berib qo‘yiladi. Har bitta bolada shu idish bo‘lishi shart. Oddiy ko‘chaga o‘ynagani chiqsa ham hamma Yapon bolasining qo‘lida ko‘rishingiz mumkin. Ertalab uydan chiqayotganda to‘ldirib berib yuborasiz, tugab qolsa, bog‘cha opalari qaytadan to‘ldirib qo‘yishadi. Natijada, bola kun bo‘yi juda ko‘p suv ichadi. Bu matohni ko‘tarib yurish odati, Yaponlarda bog‘cha, maktab, universitet hattoki ishlaydigan kap-katta odamlarda ham shakllangan.

Bog‘chadan, maktabdan o‘rganib katta bo‘lgan yaponiyalik ishxonasida ham o‘sha matohni ko‘tarib yuradigan, ko‘p-ko‘p suv ichadigan bo‘ladi.

Xullas, oddiy suv ichish odati Yaponiyaning har bitta burchagida sezilib turadi.

Xohlagan yemakxonaga kiring, birinchi bo‘lib muz solingan suv olib keladi. Dasturxon tuzatishda ham kola, fanta, soklar emas, suvga urg‘u beriladi. Bu odatni bizda ham shakllantirish kerak. Bizda oddiy suvni ko‘p ichishni odatga aylantirishmagan. Xohlagan birorta bolaga nima olib beray desangiz, «Kola», «Sok», «Kompot» deydi. Yaponning bolasi «Suv» deydi.

Ba’zida chanqab ketib, nimadir, masalan kolami yoki sokmi olay desam, shu yerda tug‘ilib, odatlarini o‘zlashtirgan o‘g‘lim: «Suv oling» deydi.

Siz ham oshxonaga kirganingizda, nima ichimlik buyurtma qilishingizni bir eslab ko‘ring-a.

Tanadagi suv miqdorini balansda ushlab turish uchun ko‘p suv ichish kerakligini men aytmasam ham, hamma biladi. Ammo, madaniyat sifatida shakllanishi uchun bolalikdan, bog‘chalarimizdan boshlash kerak. Balki, Yaponlarning uzoq yashashining siri ko‘p suv ichishidadir, balki biz ham yoshlikdan ko‘p suv ichishga odatlansak, aholimiz orasida semizlik, yurak xastaliklari kabi kasalliklar kamayarmidi...

                                          Bahodir Iskandarov facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring