Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir «tekinxo‘r» yuqori lavozim egasi ishdan bo‘shatildi — Yaponiya

Yana bir «tekinxo‘r» yuqori lavozim egasi ishdan bo‘shatildi — Yaponiya

Foto: «ANIbox»

Yaponiyada navbatdagi yuqori lavozim egasi ishdan bo‘shatildi. Bosh vazir Yosixide Suga bilan orasi qalinligi aytilayotgan bu rahbar biznes vakillari hisobidan bepul ovqatlangan, deyiladi NHK telekanali xabarida.

Umummilliy ishlar va kommunikatsiyalar vazirining sobiq o‘rinbosari Yasuxiko Tanivaki davlat xizmatchilari axloqi to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun dushanba kuni vazirlik kotibiyatiga o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, u NTT telekommunikatsiya korporatsiyasi rahbariyati hisobidan ovqatlangan.

«Kiodo» agentligiga ko‘ra, Tanivaki 2018-yilning sentyabridan 2020-yilning iyul oyigacha bo‘lgan oraliqda tadbirkorlar hisobidan 107 ming iyena (1000 dollar)ga uch marta qornini to‘yg‘azgan.

Mojaro o‘tgan hafta, Tanivaki bosh vazir Suganing Yaponiyada mobil aloqa tariflarini pasaytirish rejasida ishtirok etayotgani xabar qilinganidan so‘ng yuzaga kelgan.

Tanivaki, shuningdek, yana o‘nlab amaldorlar qatorida bosh vazir Suganing o‘g‘li yuqori lavozimda ishlayotgan «Tohokushinsha Film» kompaniyasi hisobidan uyushtirilgan tekin ziyofatda qatnashgani ham ma’lum bo‘lgan.


O‘g‘li amaldorlar bilan ovqatlangani uchun Yaponiya Bosh vaziri kechirim so‘radi


Tanivakining qilmishi uchun Umummilliy ishlar va kommunikatsiyalar vaziri Ryota Take kechirim so‘radi:

«Bu yana takrorlangani, jamoatchilikning davlat xizmatiga ishonchi poymol etilganidan qattiq afsusdamiz. Kechirishingizni so‘rayman».

Yaponiyaning davlat xizmatchilari axloqi to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, o‘ziga taklif etilgan ovqat puli 10 ming iyena (100 dollar)dan oshsa, amaldor rahbariyatiga xabar berishi shart.

Ilgariroq vazirlikning global strategiya bo‘limi direktori Eydzi Makiguti va Yaponiya vazirlar kengashi matbuot kotibi Makiko Yamada ham NTT kompaniyasi hisobidan ziyofatda qatnashgani ochilgandi. Garchi har ikkisi ham ovqatga pulni yonlaridan to‘lashganini iddao etishgan bo‘lsa-da, qayta hisoblash ovqatlar ular to‘lagandan ancha qimmatligini ko‘rsatdi.

Tekinga ovqatlangan matbuot kotibi Yamada o‘tgan hafta ishdan olingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring