«Yaxshisi hali oldinda» — dunyodagi eng keksa prezident yana saylanmoqchi

Kamerunning 92 yoshli prezidenti Pol Biyya sakkizinchi muddatga ham nomzodini qo‘ymoqchi, deb xabar berdi TRT Global. Prezident saylovi shu yil kuzida o‘tkaziladi.
Mamlakatni 43 yildan buyon uzluksiz boshqarayotgan Pol Biyya pensiyaga chiqishni xayoliga ham keltirgani yo‘q.
«2025-yil 12-oktyabridagi prezident sayloviga nomzodimni qo‘yaman. Ishonavering, mening qat’iyatim biz duch kelayotgan jiddiy chorlovlardan-da zalvorliroq. Birgalikda har qanday chorlovlarga bas kelamiz. Yaxshisi hali oldinda», — dedi Pol Biyya X ijtimoiy tarmog‘ida fransuz va ingliz tillarida yozgan murojaatida.
Biyya — o‘zi yetakchi Kamerun xalq-demokratik harakati partiyasidan amaldagi nomzod. Biroq yoshi, salomatligi va mamlakatni boshqara olish qobiliyati mubohasalarga sabab bo‘lyapti.
Agar saylovda yana yutsa, Kamerunni 99 yoshigacha boshqarishi mumkin. 2008-yilgi qonunga ko‘ra, bir odam mamlakatga necha muddat prezident bo‘lishi cheklanmagan. Shunday ekan, Biyyaning yo‘li ochiq.
Biroq so‘nggi oylarda eski safdoshlaridan bir nechtasi undan uzoqlashdi, oxirgi haftalarda esa ikki nafari umuman boshqa partiyalarga o‘tib ketdi — sobiq bosh vazir Bello Buba Maygari, sobiq vazir Issa Chiroma Bakari ham prezidentlik saylovida omadlarini sinab ko‘rishmoqchi. Bulardan tashqari, Biyyaning 2018-yilgi saylovdagi raqibi va tanqidchisi Moris Kamto, taniqli muxolifatchi Kabral Libii ham «kuzgi marafon»da 92 yoshli prezident bilan yonma-yon poygada qatnashishi kutilyapti.
Ma’lumot uchun: Pol Biyya (1933-yilda tug‘ilgan) 1982-yil noyabridan buyon Kamerunni uzluksiz boshqarib kelyapti. Bu qanchalik uzoq muddatligiga yaxshi misol — eng mashhur diktator Kim Chen In (KXDR) 1982-yilda tug‘ilgan.
Pol Biya — fransuzparast siyosatchi, biroq Xitoy bilan ham iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.
Parade jurnali 2009-yilda uni eng yomon diktatorlar reytingida 19-qatorga joylashtirgandi. 2019-yildan e’tiboran dunyodagi eng yoshi ulug‘ davlat rahbari hisoblanadi.
Kuni kecha Kamerunga qo‘shni Nigeriyaning sobiq prezidenti Muhammadu Buxoriy 82 yoshida vafot etgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter