Yigirma sakkiz davlat Isroilga talab qo‘ydi

G‘azo sektorida davom etayotgan qonli urush zudlik bilan to‘xtalishi va Isroil xalqaro huquq me’yorlariga rioya etishi kerak. Yevropa Ittifoqi komissari hamda Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Italiya kabi jami yigirma sakkiz davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan tarqatilgan bayonotda shunday talab ilgari surilgan.
Avvalroq AP agentligi G‘azo sektoridagi insonparvarlik ko‘magi olgani borgan falastinliklar o‘qqa tutilayotgani, gumanitar yordam shoxobchalari “ommaviy qatlgoh”larga aylangani haqida xabar bergan edi.
28 davlat nomidan yoyinlangan bayonotda ana shu fojiaviy holatga ham e’tibor qaratilgan.
“G‘azodagi tinch aholining azob-uqubatlari yanada kuchaydi. Isroil hukumati qo‘llayotgan ko‘mak modeli xavfli bo‘lib, u beqarorlikka sabab bo‘lmoqda, G‘azo aholisining insoniy qadr-qimmatini poymol etmoqda. Biz ko‘mak miqdorining kamligi, qolaversa, suv, oziq-ovqat kabi asosiy ehtiyojlarini qondirishga uringan tinch aholi vakillari, jumladan, bolalarning shafqatsiz o‘ldirilishini qoralaymiz. 800 dan ziyod falastinlik ko‘mak topish yo‘lida o‘ldirilishi dahshatlidir. Isroil hukumatining tinch aholiga gumanitar ko‘mak yetkazishni rad etishi nomaqbul”, – deyiladi bayonotda.
Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Italiya kabi davlatlar Isroil hukumatidan G‘azo sektoriga insonparvarlik ko‘magi kiritish bo‘yicha cheklovni zudlik bilan bekor qilish, BMT kabi tuzilmalar faoliyatiga imkon berishni talab etgan.
Bayonotda G‘azo aholisini muttasil majburiy ko‘chirish, umuman, Falastinning ishg‘ol ostidagi yerlarida hududiy yoki demografik o‘zgarishlar qilish aslo mumkin emasligi ta’kidlangan.
“Biz ixtilof tomonlari va xalqaro hamjamiyatni ushbu dahshatli ziddiyatni zudlik bilan, shartlarsiz to‘xtatish va doimiy otashkesim o‘rnatish maqsadida kuchlarni birlashtirishga chaqiramiz. Xunrezlikni yana davom ettirishni oqlab bo‘lmaydi”, – deyiladi bayonotda.
Hujjatga Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Kanada, Kipr, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Islandiya, Irlandiya, Italiya, Gretsiya, Yaponiya, Latviya, Litva, Malta, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Sloveniya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar vazirlari hamda YeIning tenglik, tayyorgarlik va inqirozlarni boshqarish bo‘yicha komissari imzo chekkan.
Isroil ayni paytda G‘azo sektorini to‘laqonli qamalda tutib turibdi. Hududga suv, oziq-ovqat va dori-darmon kirishi butkul to‘xtatilgan.
Joriy yil may oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron G‘azo sektorida gumanitar inqiroz chidab bo‘lmas darajaga yetgani haqida bayonot bergandi.
May oyida Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada G‘azodagi harbiy harakatlarni to‘xtatmas ekan, Isroilga nisbatan sanksiyalar joriy etilishidan ogohlantirgandi.
Iyun oyida Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Norvegiya Isroil hukumatidagi ikki radikal siyosatchi – Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichga qarshi sanksiya joriy qildi.
Tahlillarga qaraganda, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida davom etayotgan urushda kamida 59029 nafar falastinlik halok bo‘ldi.
Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari G‘azodagi urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar “XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan” degan xulosaga kelgan.
Co‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, salkam 660 kundan buyon davom etayotgan urushda G‘azo sektoridagi binolarning 88 foizi vayron qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter