Zaxarova yana katta sahnada! O‘zbekiston ichki ishiga aralashgan diplomat xonim bu gal Ruminiyaga aql o‘rgatdi
Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ruminiya milliy mudofaa strategiyasi xususida munozarali fikrlar bildirishi ortidan yana bir diplomatik mojaro kelib chiqdi.
12-iyun kuni Rossiyaning Buxarestdagi elchisi Valeriy Kuzmin Ruminiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
Suhbat chog‘i mezbon mamlakat tashqi ishlar vazirligi Dan Nekuleesku rus elchisiga Rossiyaning Ruminiya milliy mudofaa strategiyasida alohida zikr etilishi hayratomuz holat emasligini qayd etdi. Rasmiy Buxarestga ko‘ra, Rossiya tomoni so‘nggi yillarda mintaqada beqarorlikni yuzaga keltirishga qaratilgan siyosat yuritmoqda. Shu bois Ruminiya xalqaro huquq va Yevroatlantika (NATO) qadriyatlariga sodiq holda, mudofaa yo‘lini tutmoqda.
Ta’kidlanishicha, rasmiy Buxarest Kreml chinakam ma’noda o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik istagida bo‘lsagina u bilan muloqot qilishi mumkin.
Xo‘sh, Ruminiya tashqi siyosat mahkamasi nimadan norozi bo‘lmoqda?
Gap shundaki, joriy yil 11-iyun kuni Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ruminiya milliy mudofaa strategiyasini qabul qilish orqali mintaqada taranglik va ishonchsizlik muhiti yuzaga keltirishga urinayotganini aytdi. Qayd etilishicha, yangi strategiya Qora dengiz havzasida NATO va AQSh ishtirokining kuchayishiga olib keladi.
Milliy mudofaa strategiyasida Rossiya Ruminiya va mintaqa uchun jiddiy xavf sifatida talqin etilgan. M.Zaxarova esa, bu jihatdan Buxarestni ko‘chirmakashlikda (plagiat) aybladi va Ruminiya siyosatdonlarida mustaqil fikr yo‘qligini iddao qildi.
Ruminiya prezidenti devoni tomonidan ishlab chiqilgan milliy mudofaa strategiyasi joriy yil 2 iyun kuni parlament tasdig‘iga yuborildi. Hali rasman kuchga kirib ulgurmagan hujjatda Rossiya Ruminiya milliy xavfsizligiga tahdid tug‘dirayotgani ta’kidlangan. Bunga esa Ruminiyaga qo‘shni mamlakatlarda Rossiya harbiy ta’siri oshirilayotgani asos o‘laroq ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova joriy yil may oyida ham O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan munozarali bayonot bergan edi. Xususan, diplomat xonim rus tilini O‘zbekiston rasmiy doiralarda to‘laligicha saqlab qolish mamlakat fuqarolari manfaatlariga to‘g‘ri kelishini da’vo qilgan edi.
Ushbu iddao keskin e’tiroz uyg‘otgan va O‘zbekiston ichki ishiga aralashuv o‘laroq baholangan edi. Darvoqe, ushbu munozarali bayonotdan ko‘p o‘tmay, M.Zaxarova Rossiya prezidenti tomonidan «tashqi siyosiy kursning realizatsiyasiga qo‘shgan hissasi uchun» orden bilan taqdirlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter