Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi tarix darsliklariga kiritiladi

Zelenskiy: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi tarix darsliklariga kiritiladi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy so‘nggi dron hujumlari bilan bog‘liq «O‘rgimchak to‘ri» nomli harbiy operatsiyaning muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu operatsiya Ukraina tarixidagi eng uzoq masofani qamrab olgan va tayyorgarligiga qariyb ikki yil ketgan.

«Bir yil, olti oy va to‘qqiz kun — rejalashtirishdan amaliy natijagacha. Bu eng uzoq masofali amaliyotimiz bo‘ldi», – dedi Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida.
Uning ma’lum qilishicha, 1-iyun kuni amalga oshirilgan FPV-dron hujumlari doirasida Rossiyadagi qator harbiy aerodromlar – «Dyagilevo» (Ryazan), «Olenya» (Murmansk), «Belaya» (Irkutsk) va «Ivanovo» (Ivanovo viloyati) nishonga olingan. Operatsiya davomida 117 ta dron va shuncha dron operatori faol ishtirok etgan.
«Endilikda buni ochiq aytish mumkin: operatsiyamiz ofisi Rossiya hududida, FSB boshqarmasining binosi yaqinida joylashgan edi», – dedi Zelenskiy o‘zining kechagi murojaatida.

Ukraina tomonining bayonotiga ko‘ra, hujumlar natijasida 41 ta rus harbiy samolyoti yo‘q qilingan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa hujumni tasdiqlagan holda, faqatgina Murmansk va Irkutskda ayrim aviatsiya texnikasiga shikast yetganini ma’lum qilgan. Qolgan aerodromlardagi «terroristik hujumlar» bartaraf etilgani aytilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring