Yangi hayot eshigini ochgan mahalla
Mahalla — bu shunchaki men yashaydigan hudud emas, balki ajdodlarimizning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlar, mehr-oqibat va hamjihatlik mujassam bo‘lgan aziz go‘shamdir. O‘ylaymanki, har birimiz hayotimizni yanada mazmunli va farovon qilishni istasak, eng avvalo, o‘z mahallamiz ravnaqiga hissa qo‘shishimiz lozim.
2026-yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb nomlanishi ham mahallalarni mamlakatimiz taraqqiyotining strategik tayanchiga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Davlat dasturida mahallalarning ichki infratuzilmasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikning oldini olish va davlat xizmatlari samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi. Bugungi Yangi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan islohotlar samarasi faqat qabul qilingan qarorlar yoki ajratilgan mablag‘lar bilan emas, balki odamlarning kundalik hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi.
Yangi muhit va moslashish jarayoni
Men uchun ham shunday muhim burilishlardan biri — bundan bir necha yil oldin viloyatdan Toshkent shahriga ko‘chib kelishim bo‘ldi. Oldimda mutlaqo yangi hayot — shahar, qo‘shnilar va hali kashf etilmagan imkoniyatlar turardi. Inson o‘zi ko‘nikkan muhitdan uzoqlashib, notanish hayotga qadam qo‘yar ekan, qalbida umid bilan birga xavotir va yangi sharoitga moslashish mas’uliyati ham turadi. Yangi joyga ko‘nikish, odamlar bilan munosabat o‘rnatish mendan muayyan vaqt va sabr talab qildi.
Biroq vaqt o‘tishi bilan atrofimdagi muhitga boshqacha nigoh bilan qaray boshladim. E’tiborimni bir jihat o‘ziga tortdi: men yashay boshlagan hudud nomlarida ham yangilanish ruhi mujassam edi — Yangi O‘zbekiston, Yangihayot tumani, Yangi Choshtepa mahallasi...
Bu nomlardagi «yangi» so‘zi men uchun kundalik hayotimda tobora chuqurroq ma’no kasb eta boshladi. Go‘yo men ham hayotimning yangi bosqichiga kirib kelgan, o‘zgarishlar va imkoniyatlar ostonasida turgan edim. Men ham ular bilan birga yangilandim. Agar inson o‘z hayotiga yangicha nazar bilan qaray boshlasa, kechagi qiyinchiliklar bugungi tajribaga, bugungi tajriba esa ertangi imkoniyatlarga aylanishi mumkin ekan.
Daxldorlik hissi va mahalla iqtisodiyoti
Yangi Choshtepa mahallasiga ko‘nikib borar ekanman, mahalla men uchun insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, mehr-oqibatni mustahkamlaydigan hayot maktabiga aylandi. Bu yerda inson qo‘shnichilik qadrini, o‘zaro yordamning ahamiyatini, bir-birining quvonchiga sherik, tashvishiga hamdard bo‘lish naqadar muhimligini his etadi.
Birgina misol: ertalab ishga ketayotganimda mahalla idorasiga kirib o‘tish, u yerdagi insonlar bilan samimiy salomlashish, bir piyola choy ustida hol-ahvol so‘rash kundalik odatlarimdan biriga aylandi. Bu oddiy holat hayotimga o‘zgacha iliqlik bag‘ishlaydi. Mahalla qanchalik ahil bo‘lsa, insonlar o‘rtasidagi ishonch shunchalik mustahkam bo‘ladi. Ishonch bor joyda esa hamkorlik va taraqqiyot bo‘ladi. Shu sababli mahallani rivojlantirish faqat mas’ul shaxslarning vazifasi emas, balki har bir fuqaroning mas’uliyati va faolligiga bog‘liq.
Bugun Yangi O‘zbekiston degan ulug‘vor tushuncha, avvalo, inson qadri, uning orzu-intilishlari va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarda namoyon bo‘lmoqda. Har qanday islohotning eng katta natijasi inson hayotida sezilishi bilan qadrlidir. Agar inson o‘z kelajagiga ishonch bilan qarasa, demak, yangilanish inson qalbiga ham yetib borgan bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Yangihayot tumani va Yangi Choshtepa mahallasidagi hayotim o‘rtasida o‘ziga xos ma’no uyg‘unligi bor. Yangi O‘zbekiston — katta maqsadlar va kelajakka ishonch timsoli, Yangihayot tumani — rivojlanish sari intilayotgan hudud ramzi, Yangi Choshtepa mahallasi esa mening hayotimda yangi sahifa ochgan qadrdon manzildir. Inson yashayotgan joyidan faqat foydalanishi emas, balki uning rivojiga o‘z hissasini qo‘shishi ham shart. Mahallaga daxldorlik hissi aynan shu nuqtada boshlanadi.
Mahallani rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishi — uning iqtisodiy salohiyatini ishga solishdir. Doimiy ish o‘rni, barqaror daromad va tadbirkorlik imkoniyati mavjud joyda oilalar farovonligi mustahkamlanib, ijtimoiy muammolar kamayadi. Bugun asosiy e’tibor «Qancha yordam berildi?» degan savolga emas, balki «Necha kishi doimiy daromadga ega bo‘ldi, qancha yangi ish o‘rni yaratildi?» degan mezonlarga qaratilmoqda.
Mahallamni tanib, yurtimni teranroq angladim
Men istiqomat qiladigan «Yangi Choshtepa» mahallasi 2019-yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda bu yerda ko‘plab tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda. Uyda o‘tirgan xotin-qizlarni daromadli qilish maqsadida kashtachilik va tikuvchilik kurslari bepul yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa sohalarda aholi bandligi ta’minlanmoqda.
Natijada joriy yil boshida mahallamizda ishsizlar soni 90 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 24 nafarga tushdi. Yil yakuniga qadar mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirishni maqsad qilganmiz.

Obodonlashtirish ishlari ham tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Har yili bahorgi va kuzgi mavsumda 300–500 tup ko‘chat ekiladi. Xususan, shu kecha-kunduzda 110 tup mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazildi. Shuningdek, mahallada adaptiv sport to‘garagi tashkil etilib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash tizimi yaratildi.
Infratuzilma sohasida ham dolzarb masalalar hal etilmoqda. Toshkent halqa avtomobil yo‘lida piyodalar xavfsizligini ta’minlash va qo‘shni «Yangi Darxon» mahallasi bilan aholi uzog‘ini yaqin qilish maqsadida, 1,5 milliard so‘mlik zamonaviy ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mahalla hududidagi 65-sonli oilaviy poliklinika 45 750 nafar aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatmoqda. Kasalliklarni erta tashxislash, laboratoriya xizmatlari, nogironligi bor bemorlarning uyiga borib tibbiy muolajalar o‘tkazish va ularni bepul dori vositalari bilan ta’minlash ishlari to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.
«Open budjet» loyihasining 2026-yil 1-mavsumida mahalladoshlarimiz faolligi bilan 1 milliard 600 million so‘mlik mablag‘ yutib olindi. Bu mablag‘ evaziga zamonaviy salomatlik yo‘lagi, mini-futbol maydonchasi, bolalar o‘yingohi va vorkaut maydonchasi barpo etildi.
Ma’naviy hayotimizni yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan kutubxona esa yoshlar va uy bekalarining sevimli maskaniga aylandi. Bu yerda o‘tkazilayotgan kitobxonlik kechalari va ma’rifiy uchrashuvlar aholining ma’naviy dunyosini boyitmoqda.
Keksalarning tajribasi, ziyolilarning bilimi va yoshlarning tashabbusi birlashgan muhitda jamiyat poydevori mustahkam bo‘ladi.
Mahallani rivojlantirish — faqat ko‘chalarni obod qilish emas, balki inson tafakkuri va hayot tarzini yuksaltirishdir. Yangi O‘zbekistonni anglash — yurtdagi o‘zgarishlarni o‘z hayotingda his etishdan boshlanadi. Men anglagan yangi hayot — taqdirimdagi yangi sahifa, mahallam esa shu yangilanishlarning hayotimdagi yorqin ifodasidir.
Dilnoza Haqberdiyeva,
Toshkent harbiy okrugi harbiy qismi
Madaniyat markazi boshlig‘i


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter