Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Аброр Зохидов

Ahmadboyga avtomobilini berganlar qaytarib olishdi. Pul berganlarning taqdiri nima bo‘ladi?

Ahmadboyga avtomobilini berganlar qaytarib olishdi. Pul berganlarning taqdiri nima bo‘ladi?

Foto: «Sputnik»

Ahmadboyni bilmaydigan odam oramizda qolmadi. O‘zbekistonda bunday katta hajmda moliyaviy ehrom yarata olgan chinozlik Ahmad Tursunboyev kimnidir boyitgandir, lekin juda ko‘pchilikni qaqshatib ketgani aniq. Chunki moliyaviy ehromning asl mohiyati ham shunda — ozchilik, juda ozchilik katta pul ishlashi uchun ko‘pchilik, juda ko‘pchilik boyligidan ayrilishi shart.

Ahmadjon Tursunboyev 2016-yilning iyulida Chinoz tumanida qo‘lga olingan edi. Tintuv chog‘ida uning uyidan 13,1 milliard so‘m va 7,9 million AQSh dollari miqdorida naqd pul topilgan. Hashamatli uylari garajida BMW, «Escalade», «Lexus» kabi qimmatbaho mashinalari saqlanishi ham aniqlandi.

Ahmadjon Tursunboyevga qarshi Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) «a», «b» bandlari, 188-modda (davlat ro‘yxatidan o‘tmay tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘ta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) «a», «v» bandlari bilan ayblov e’lon qilindi.

Unga tegishli «Chinoz avto hamkor» va «Chinoz halol chorva» firmalari faoliyatiga huquq-tartibot organlari tomonidan chek qo‘yildi, sud bo‘lib o‘tdi.

Katta foyda ilinjida Ahmadboyga topshirilgan pullarning, avtomashinalar va boshqa turdagi mol-mulklarning aniq miqdorini endi hech qachon aniqlab bo‘lmasa kerak. Chunki firmada aniq hisob-kitobning o‘zi yuritilmagan, buxgalteriya ishlari ham sirli ravishda olib borilgan. Xodimlar qancha hujjatlarni yo‘qotib yuborishgani, o‘zlari ham boshliqlaridan yashirib qancha tushumni jig‘ildonga urgani ham endi faqat Yaratganga ayon. Sud bo‘lib o‘tib, barcha pullar va boshqa turdagi mol-mulklar musodara qilinganidan keyin ko‘pchilik qisqa qilib aytganda «kuyib» qoldi.

Kuni kecha «Axborot» dasturida Ahmadboyga topshirgan avtomobillarini qaytarib olgan 105 nafar hamyurtimizni ko‘rsatishdi. Tabiiyki, ularning shodligining cheki yo‘q.

Endi ko‘pchilikni, ayniqsa pul topshirganlarni bir savol qiziqtirardi: «Pullarni ham qaytarisharmikan?».

Albatta, bu masalani faqat sud hal qiladi. Biz faqat taxminlarni ilgari surishimiz mumkin.
Javobimiz puliga kuyganlarning yarasiga tuz sepgandek bo‘lsa-da, aytishimiz lozim — qaytarilish ehtimoli juda kam.

Pul tikkanlarda umid uyg‘otgan holatga — avtomobillarning qaytarilishiga e’tibor qaratamiz. Bu yerda muhim bir jihat bor: faqat Ahmadboy ehromiga topshirilgan, ammo notarial rasmiylashtirilmagan avtomobillargina qaytarildi. Mamlakatimizda mulk huquqi daxlsizdir. Demak, bu o‘rinda adolat qaror topdi, mulk o‘zining rasmiy egasiga qaytdi. Ahmadboyga topshirilgan, qonun doirasida rasmiylashtirilgan, ammo puli kelajakda foyda bilan qaytishi kerak bo‘lgan avtomobillar allaqachon o‘zlarining yangi egalarini topgan.

Pullar bo‘yicha mulk huquqini aniqlash o‘ta mushkul. Pul qabul qilib olingani to‘g‘risida firma tomonidan asosan qo‘lyozma holida, aytarli yuridik kuchga ega bo‘lmagan tilxatlar berilgan, ko‘pchilikda shunday qog‘ozlar ham yo‘q bo‘lgan bir paytda pullarni qaytarish imkoniyati deyarli nolga tengligini tan olish lozim. Chunki u o‘z nomi bilan pul, aylanib yuruvchi muomala vositasi, jamlanganidan keyin ayni shu pulning kimga tegishliligini aniqlab bo‘lmaydi, musodara qilingan pullar esa, aniqki, hammaga yetmaydi. Chunki Ahmadboy ham o‘zini unutmagan!

Maqolamizni bu mavzu yuzasidan ko‘p qaytarilgan jumla bilan yakunlaymiz: aziz hamyurtlar, bu qadar sodda bo‘lmang. Aql bovar qilmas, olamshumul foyda keltiradigan takliflarga ishonmang!

Shunday deymizu, nafaqat oddiy insonlar, balki eng mashhur san’at yulduzlarining ham bu ehromga foyda olish ilinjida pul tikkanlari haqidagi xabarlar yaxshigina reklama bo‘lgani aniq. Demak, kelajakda ham «yangi Ahmadboylar» paydo bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Qolaversa, Ahmadboyga o‘z mulkini topshirganlarni ham ko‘pam sodda deb bo‘lmaydi. Harqalay, bir yildayoq pulini ikki barobar qilib qaytarib olishni xohlagan odam nimanidir ko‘zlagan, o‘zi foyda qilishi uchun kimdir zarar ko‘rishi kerakligini anglagan. Lekin nafs, shayton kabi bahonalar bor ekan, inson o‘zini oqlashga sabab topaveradi...

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети