Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Аброр Зохидов

O‘zbekiston gerbidagi paxta va bug‘doy qurshovidan voz kechish vaqti kelmadimi?

O‘zbekiston gerbidagi paxta va bug‘doy qurshovidan voz kechish vaqti kelmadimi?

Bugun O‘zbekiston Respublikasi gerbi 30 yoshga to‘ldi. Ma’lumki gerbi mustabid tuzum davri deya ataladigan sobiq SSSRning gerbi bilan deyarli o‘xshash. Undagi paxta va bug‘doy xalqasi shu qadar mustahkam bo‘lganki, qolgan o‘zgarishlar dekorativ xarakterda ekanligi sezilib qoladi. Konstitutsiyaviy islohotlar fonida rivojlanishning o‘ziga xos va o‘ziga mos yo‘lidan borayotgan O‘zbekiston uchun yangi gerb haqida o‘ylab ko‘rilishi mumkinmi?

Gerb tarixi, mavhumlikdagi qaror va o‘xshashlik

O‘zbekiston SSR gerbi dastlab 1937 yilda qabul qilingan va unda lotin alifbosidagi yozuvlar bo‘lgan. 1947 yilda u kiril alifbosida va minimal o‘zgarishlar bilan yangilangan hamda shu bilan mustaqillikkacha respublika ramzi bo‘lib keldi.

Ittifoq respublikalari gerblariga razm solinsa, ular yaratilishida asosiy ikki jihatga e’tibor qaratilgani bilinadi: 1. SSSRning umumiy elementlari sezilib turishi shartligi; 2. Respublikalarning o‘zaro farqlari, eslatmalari ham aynan ittifoq miqiyosida ko‘rilishi, ya’ni jahonga namoyon qilish degan tushunchaning yo‘qligi.

SSSR tarqalib, O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin, 1992 yilning 2 iyulida alohida qonunga ko‘ra o‘z gerbini qabul qildi. Yaqinda bu sananing 30 yilligi ham nishonlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi gerbi va O‘zbekiston SSR gerbi

Gerb qabul qilinishi ham nisbiy mavhumlikda, hali ittifoq tarqalgani u qadar his qilinmagan, qabul qiluvchilarning o‘zlari ham bunday taloto‘plardan hayron bo‘lib turgan davrga to‘g‘ri kelgan. Garchi ittifoqning asosiy ramzi bo‘lgan qizil rang, doimiy og‘ir mehnatni zimmasiga olgan xalqni tamsil etadigan o‘roq-bolg‘alardan voz kechilgan bo‘lsada, O‘zbekiston uchun ma’lum ma’noda tamg‘aga aylangan, aholini deyarli qul qilib yuborgan paxta hamda g‘alla qurshovidan chiqib keta olinmadi.

Asosiy o‘zgarishlarni namoyon qilgan hurlik ramzi sifatidagi sakkizburchak hamda uning ichidagi yarim oy va yulduz, Humo qushi ham ana shu ramziy xalqa ichida qolib ketaverdi.

Paxta yoki bug‘doy yomonmi?

Insonning rizqini yetishtirib berayotgan dehqonchilikday ulug‘ kasb yo‘qdir balki. Lekin sobiq ittifoq gerbi mohiyatan xalqimiz hamisha qora mehnatda o‘tishini anglatib turgandek edi. Zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda, jismoniy mehnat ulug‘langan davrlar ortda qoldi. Dunyoni aql boshqaryapti va yoshgina bolakay ham katta-katta davlatlarning yillar davomida og‘ir mehnat bilan erishganini o‘zi ishlab topishi hamda milliarderlar reytingiga kirib olishi mumkin.

G‘alla va o‘roq uyg‘unligi hatto ittifoq davrida ham eskirib ulgurgandi. Paxta mafkurasidan nafaqat voz kechildi, balki uning zararli jihatlari haqida ham ochiq aytilmoqda. Albatta, paxta va bug‘doy ekilishi to‘xtab qolgani yo‘q, hanuz katta hajmda davom etyapti. Ammo davlat rahbarining o‘zi faqat manfaat bo‘lsagina ularga ustuvorlik berilishi kerakligini ta’kidlaydi.

Jahon tajribasi va chiroyli gerblar

Did borasida bahsalashib bo‘lmaydi albatta va hammaga davlati gerbi yoqadi. Lekin qator davlatlar bu masalaga jiddiy yondoshgan va davlat ramzidayoq o‘z so‘zini aytishga intilishgan. O‘zini SSSRning huquqiy vorisi sifatida taqdim etadigan va jahon hamjamiyati tomonidan ham shunday qabul qilinadigan Rossiyaning o‘zi ham gerbida ittifoqni eslatuvchi ramzlardan voz kechgan. Na qizil yulduz, na bug‘doy va na yer shari ustini egallagan o‘roq-bolg‘a qolgan.

Rossiya gerbi

Zamonaviy gerbdagi markaziy ramz bo‘lgan ikki boshli burgut yengilmaslik bilan birga imperiyaning ikki tomonga qarab turishini anglatishi ko‘p ta’kidlanadi.

AQSh o‘z gerbini gerb emas, muhr hisoblaydi va unda ham erk hamda mardlik timsoli sifatida oqbosh burgut bor.

AQSh gerbi

Angliya, Shvetsiya va yana qator davlatlar gerbida jasorat ramzi sifatida arslon ko‘rsatilgan.

Shvetsiya gerbi

Hatto qo‘shnimiz Qozog‘iston ham o‘z gerbini tanlashda ittifoq elementlaridan to‘la-to‘kis voz kechgan va ramziga milliy an’analarini singdirgan. Gerbida sobiq ittifoq an’analarini Belarus, Tojikiston kabi davlatlar yaqqol saqlab qolganlar.

Belarus va Tojikiston gerblari

Qirg‘iz respublikasining gerbida esa bug‘doy juda ramziy ma’noda, ittifoq davridagi elementlardan deyarli butunlay voz kechilgan va erk ramzi bo‘lgan qush markaziy planga olib chiqilgan.

Qirg‘iz Respublikasi gerbi

Milliy sayqalni eng boplagan davlat Turkmaniston. Sakkiz burchak ichidagi har bir element, eng markazdagi Axaltaka oti bu davlatning asl ramziga aylangan.

Turkmaniston gerbi

Albatta, bu shunchaki taklif. Uning iqtisodiy tomonlari tahlil qilib ko‘rilmagan, tabiiyki bunday jarayonlar budjetga yaxshigina yuk bo‘ladi. Taklif shuki, mutaxassislarni jalb qilgan va jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda biz ham o‘z tariximiz, an’analarimiz hamda kelajagimiz timsolini qamrab oluvchi yangi gerb haqida o‘ylashimiz vaqti kelgan. Hech bo‘lmasa Humo qushini paxta va g‘alla qurshovidan chiqarib, tom ma’nodagi parvozga yo‘llashimiz lozim. Bu o‘zgarish konstitutsion islohotlarga o‘ziga xos rangdor bo‘yoq berardi.

Albatta, buning o‘ziga yarasha salbiy tomonlari bor. Eng asosiysi chalkashliklar keltirib chiqaradi, barcha tashkilotlardagi gerblarni almashtirish milliardlab xarajatga olib keladi. Shu jihatdan pandemiya va Ukrainadagi urush oqibatlarini yengillashtirish bilan ovora bo‘lib turgan hukumatga bu ortiqchalik qilishi ham mumkin. Ammo konstitutsion islohotlar fonida yana takliflar qabul qilinishi aniq, shular bilan birga bu masala ham o‘ylab ko‘rishga arziydi.

Abror Zohidov

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети