Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Анвар Намозов

Muallaq turuvchi darvesh Rossiyada gastarbayterlik qilmoqda

Muallaq turuvchi darvesh Rossiyada gastarbayterlik qilmoqda

Suratdagi yigit – Baxtiyor Ashurov. 1990 yili Buxoro viloyati Jondor tumanida tug‘ilgan. 2008 yili Buxoro san’at kollejini tamomlagan. O‘sha yilning sentyabr oyida viloyat teatriga ishga qabul qilingan. U teatrda rejissyor assistenti va aktyor bo‘lib ishladi.

Baxtiyor yaqin yillarda Buxoroning eski shahar qismida muallaq turuvchi darvesh sifatida mashhur bo‘lgan edi. Ko‘plab sayyohlaru mehmonlar bunga qiziqish bildirgan, uning yonida rasmga tushardilar. Fotosuratlari OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgandi. Bu haqda xabar.uzda maqola berilgandi

U teatrda birinchi darajali artist sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Davlat tadbirlarida ishtirok etdi. Ishini judayam yaxshi ko‘rardi. Biroq moddiy qiyinchilik...

Baxtiyor Ashurov oila a’zolari bilan ijara uyda yashardi. Pensioner ota-onasi qishloqda qolgan. Buxoro va Jondor tumani orasi 45 kilometrlik yo‘l. Baxtiyor tez-tez borib, ulardan xabar olib turdi. 12 yil shu zaylda o‘tdi. U uy-joy so‘rab kerakli joylarga, prezident qabulxonasigacha murojaat qildi. Arizasi viloyat uy-joy masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosariga jo‘natildi. Baxtiyorga 25 foizlik boshlang‘ich to‘lovsiz uy-joy berishini aytishdi. Ijara uyda yashaydigan, oylik maoshi haminqadar bo‘lgan aktyor bu pulni qanday to‘lashi mumkin? Moddiy jihatdan qiynalgani bois, o‘zi shundoq ham u gohida tushlikka chiqmasdi. Buning ustiga kasalmand otasi... Oqil farzand sifatida qarashishi kerak!

Ijara uy to‘lovlaridan qiynalib ketgan Baxtiyor prezident qabulxonasiga qayta murojaat qildi, javob yana o‘shanday bo‘ldi. 12 yil oilasi bilan ijarada yashab charchagan aktyor shahardan qishloqqa qaytib ketdi. Teatrga 45 kilometr masofadan qatnab ishladi. Bu haqda ham xabar.uzda uning ismini keltirmay maqola berildi

Yo‘q, bo‘lmadi. Baxtiyor ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi.

– Rahbarimiz Rossiyaga ishga ketishimni eshitgach, hang-mang bo‘lib qoldi, – deydi Baxtiyor Ashurov. – U meni o‘z o‘g‘lidek ko‘rardi. O‘ylab ko‘rishim uchun ancha vaqt ham, imkoniyat ham berdi. Mening qiynalib qolganimdan yaxshi xabardor, gohida kechki tadbirlardan so‘ng uyiga yetaklab borib, non, tuz bergan. Bu insonga mehrim baland, bir rahbar bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da! Ammo ishdan bo‘shamasam bo‘lmasdi. Men shunga majbur edim. Qadrdon va mehribon jamoam, men uchun qadrli ishxonam bilan xayrlashdim. Hamkasblarim qattiq ranjishdi. Ular meni kechirishlarini, xafa búlish o‘rniga duoda búlishlarini xohlardim. Alloh sizlardan rozi bo‘lsin, boshim yerga tekkuncha sizlarga ta’zimdaman.

Xullas, Baxtiyor shu yilning 19 sentyabr kuni Buxoro aeroportidan Moskva tomonga yo‘l oldi. Ko‘z o‘ngidan to‘shakda yotgan kasalmand otasi, shirindan-shakar farzandlari, ikkinchi uyi hisoblangan qadrdon ishxonasi ketmasdi.

Rossiyaning Astraxan shahriga borib, hujjatlarini tayyorlab, tibbiy ko‘riklardan o‘tdi. Ishni boshlab yubordi: qayta ishlash zavodida ishdan chiqqan texnikalarni tuzatish va ta’mirlash! Yotoqxonaga joylashdi. Sharoiti juda yaxshi, uch mahal ovqat beriladi. Oylik maoshi yomon emas, 1000 AQSh dollari miqdorida ish haqi oladi. Dam olish kunlarida ishlasa, ikki baravar ko‘proq ish haqi berishadi. Baxtiyor jon deb ishlaydi.

Muallaq darvesh Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi paytida ko‘rsatilgandi.

Uning maqsadi: otasini davolatish, Buxoro shahridan oilasiga mosroq ikki yoki uch xonali uy olish! Sevimli ishini davom ettirishni, farzandlarini nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishni xohlaydi.

– Men, yarimta non – rohati jon, deb yuraversam ham bo‘lardi, – deydi Baxtiyor. – Lekin uch yildan buyon to‘shakka mixlangan otamga qarab vijdonim qiynaldi. Qolaversa, yozning jaziramasi, qishning qahraton sovug‘ida uzoqqa qatnab ishlash ham o‘zimni ezib yubordi. Farzandlarim shahar maktabida o‘qishni, to‘garaklarga qatnashni xohlaydi. O‘zingiz bilasiz, qishloqda esa oddiygina gaz bir o‘chib, bir pirillab turadi.

Baxtiyor Ashurovning Buxorodagi darveshi haliyam xorijdan keladigan mehmonlarni kutib olishda xizmatda. Faqat endi boshqa aktyor ijrosida.

Baxtiyorning teatrdagi maoshi 1.500.000 so‘m edi. Keyinroq 2.300.000 so‘mga chiqdi. Hozir esa, u Astraxandagi zavodda o‘zimizning pulda 10.000.000 so‘mdan ham ko‘p pul olyapti. Qandini ursin!

O‘ylab ko‘ring, o‘zimizda sohibqiron Amir Temur rolini o‘ynagan aktyor Rossiyaga borib, gastarbayter bo‘lib ishlasa alam qilmaydimi? Madaniyat vazirligidagi mutasaddilar shu haqda ozgina bo‘lsayam o‘ylab ko‘risharmikan? Jon kuydirisharmikan? To‘g‘ri, aktyorlaru boshqalarning moddiy ahvolini yaxshilash, oylik maoshlarini ko‘tarish bu tizimga to‘la-to‘kis bog‘liq emasdir, ammo harakat shu tizimdan boshlanishi kerak-ku? Og‘riqli mavzularni «teparoq»qa olib chiqish, hal qilishga urinish shart-ku!

Bilmadim, bilolmadim...

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети