Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Bizga shunday «Joyka»lar kerak yoxud erkinlik axloqsizlik degani emas

Bizga shunday «Joyka»lar kerak yoxud erkinlik axloqsizlik degani emas

foto: internet, ochiq manba

Tiktokda yoshgina, kelishgan qiz batl o‘ynayapti, juda xunuk va sharmandali shartlar. Tiktoker hamyurt yigitlar ularga tanbeh berayapti: ota-onang yo‘qmi, bunday holda batl o‘ynashdan uyalmaysanmi? Qizaloq esa men erkinman va hayot meniki, istaganimni qilaman, deb javob berdi.

Biz doim erkinlikdan chegaralanganmiz, erkinlik berilsa ko‘ngliga kelganini qiladi deb qo‘rqishgan, bu qizning tanbehga qaytarayotgan javobi esa isbotdek go‘yo.

Ijtimoiy tarmoqlar allaqachon bahs, munozara, fikr maydoniga aylangan, yaqinda ayollar guruhida bir post o‘qigandim. «O‘zimga yarasha husnim, qomatim bor, ota-onamdan uzoqda yashayman, alohida kvartirada turaman, demak mustaqilman, men hech kimning nazoratida emasman, lekin bu xohlaganimni qilaman degani emas...», xullas muallif anchagina erkinlik haqida mulohaza yuritgan, oxiridagi,  ha oxiridagi gap men nomlay olmayotgan fikr edi: «o‘zini hurmat qilgan va haqiqiy erkin inson tanasini va qalbini hech kimga toptashga qo‘ymaydi...» O‘shanda xursand bo‘lgandim bizda ham o‘zini shaxs deb biladigan ayollar ko‘pligi va ular o‘z so‘zini ayta boshlaganiga.

Bugun biz erkinlik deganda nimani tushunamiz? Yangi Zelandiya, Polsha va AQSh hamkorligida ishlangan «Joyka» kinosi menga erkinlik va g‘urur haqida ajoyib tahlilni taqdim qildi.

Joyka kim – demokratik davlatda tug‘ilib voyaga yetgan, uning erkinligi, bizning tilda aytganda o‘zboshimchaligi birinchi o‘rinda turadigan amerikalik qiz. Shu qadar erkinki Rossiya balet teatrida ishlash uchun 15 yoshida o‘zga odamlar, o‘zga mentalitetli davlatga tavakkal keladi.   

«Joyka» filmi  (Bolshoy teatr) Moskva Katta teatriga qabul qilingan amerikalik balerina Joy Uomakning haqiqiy hayotiy hikoyasiga asoslangan.

("Joyka: Amerikalik rus baletida", hujjatli film, suratda haqiqiy Joy Uomak)

Kino rejissyori Jeyms Nape Roberstson Joy bilan 2016-yilda tanishgan va uning boshidan o‘tganlarini kinoga aylantirgan. Joy haqida shunday deydi: «U aql bovar qilmaydigan inson, men ko‘pincha juda qattiq ishlaydigan va o‘z ishiga ishtiyoqi baland odamlar atrofida bo‘laman, lekin Joy o‘z san’atiga bo‘lgan sadoqatida boshqa darajada edi. Uning hikoyasidan hayratda qoldim. Men uning Katta teatrda o‘z o‘rnini egallashdan ham ko‘ra ko‘proq, kattaroq narsani his qildim».

«Amerika orzusi» degan termin bor, agar iqtidoring bo‘lsa yuksak pillapoyalarga erishasan, salohiyating bo‘lsa diningdan, millatingdan irqingdan qat’iy nazar barcha yulduzlik va muvaffaqiyat seniki bo‘ladi. Ammo Joyka muvaffaqiyat izlab borgan mamlakatda hammasi boshqacha.

Joyka (rolda aktrisa Taliya Rayder) yoshligidan baletga qiziqadi, yetti yoshidan Rossiyaning balet teatrida rol o‘ynash uning orzusiga aylanadi. Katta teatrga tanlov asosida olingan ilk amerikalik balerina rus tilini o‘rganishga ham qattiq kirishadi.  

Rossiyada amerikalik sifatida Joyning Akademiyaga kelib qolishi – kaptarni mushuklar orasiga qo‘yishga o‘xshaydi: uning tengdoshlari o‘tkir tirnoqli. Istashsa uning yuziga tuflashi, istasa balet oyoq kiyimining ichiga shisha siniqlarini solib qo‘yishi mumkin. Tatyana ya’ni ustozi esa shunchaki qattiqqo‘l va rahmsiz: «Fuyette! Fuyette! Fuyette!» – bu baletdagi texnik harakat turlaridan biri bo‘lib, raqqosa tezda osmonga qarab aylanib, juda yuqori va jiddiy burilishlar bilan ilgarilaydi. Bu so‘z qancha ko‘p va tez aytilsa harakat ham shuncha tez va chaqqon bo‘lishi kerak. Birinchi kundanoq Joykaning oyoqlari qonab ketadi. Oyoq kiyimidagi qonni yuvayotib Joy ko‘zguga qaraydi: uning ko‘zlarida charchoq va telbalardek nigohni ko‘rasiz. Balet qozonida «qaynayotgan» qahramonni ko‘rib muvofiqlashtirilgan tartibsizlik tuyg‘usini his qilasiz. Suyaklarning qarsillagan ovozi va yorilishi, oyoq kiyimlarning urilishi va cho‘zilishi, raqs zallarining sovuq aks-sadosi – bu tovushlar ushbu san’at turining nafisligiga qarshi turadi go‘yo.  

Ochiq manba.

Joy va uning ustozi Tatyana o‘rtasidagi mehr-nafrat dinamikasi kinoni yanada qiziqarli qiladi. Tatyana Joyning imkoniyatlarini tushunadi, ammo Katta teatrga amerikalikni taqdim etish uning karerasi uchun zarar bo‘lishi mumkin. 

Unga doimo shunday deyishadi: sen talantlisan, lekin rus baleti ruslar uchun, sen qanchalik tirishma va iqtidorli bo‘lma amerikalik bo‘lganing uchun ham bu teatrda ishlay olmaysan... Joyka uchun bu yorliq juda taajjublanarli, chunki uning mamlakati barcha dunyo talantlilari, barcha mamlakatlar xalqlari uchun. Rossiyada esa Amerika orzusi ishlamaydi.

Hatto u teatrda bosh rolni olish uchun rus yigitiga hujjat uchungina turmushga chiqadi, ammo bu ham yordam bermaydi.

U Katta teatrning rahbarlaridan biri Vitaliy Ivanovga shunday deydi:

– Bilasiz men bir yildan beri shu yerdaman, ammo bosh rolni hali berishgani yo‘q, shuncha mehnatim va talantimga qaramay haliyam kordabaletdaman...

– Bu yerda hamma talantli va hamma siz kabi qattiq mehnat qiladi. Sahnaga bosh rolda chiqish uchun o‘zingizga panohkor topishingizga to‘g‘ri keladi.

Joy bu gapdan hayratlanadi – o‘sha kuni ijara xonasiga ketayotganda qizlardan biri qimmat mashinaga o‘tirganini, o‘zidan ancha katta yosh erkak ehtirom ko‘rsatganini va mashina ichida quchoqlaganini ko‘radi.

Va bir kuni sahnada raqs tushayotganda ustozi Tatyana va Vitaliyning begona erkakka Joyni ko‘rsatib ma’noli qarayotganini ilg‘aydi. Raqsdan keyin o‘sha kishi Joyni restoranga taklif qiladi. Joyka ilk bor katta ayollardek kiyinadi – yelkasi ochiq, kalta qizil ko‘ylak.

Filmdan kadr

U erkakdan ayollar xonasiga borib kelishga ruxsat so‘raydi. Oynaga bir muddat tikilib turadi, go‘yoki o‘zini jazolaydi – yuziga bir necha bor shapaloq tortadi. Shu yerda Joykaning o‘zidan o‘zi nafratlanayotganini bilish mumkin. Joyka qaytib kelganida erkak unga bir dunyo pul uzatarkan shunday deydi: mana bu senga hadya, biz endi bemalol Odetta ("Oqqush ko‘li" baletidagi bosh rol)haqida ham kelishib olamiz. Xuddi balerina shu yerda taslim bo‘lgandek, lekin u pulni rad etadi, erkak g‘azablanadi, ertasiga esa uni Vitaliy teatrdan o‘z xohishiga ko‘ra ketishini talab qiladi. Ammo bu tez-tez uchrab turgan jamiyatda savol tug‘iladi: nahotki o‘ta erkin, ota-onasidan uzoqdagi qiz uchun bu yo‘l shunchalik qiyin? Shu o‘rinda Rossiya kinoijodkorlari tomonidan ishlangan «Meni sotib ol» kinosi yodga tushadi. Vadim Perelman ishlagan kino zamonaviy jamiyatdagi ayrim ayollarning omadli hayot haqidagi xom xayollari, materializm va axloqiy inqiroz haqida qattiq tanqidiy voqea. Asosiy qahramonlardan biri Katya bilim va mehnat bilan emas, boy odamlar orqali hayotda «ko‘tarilish»ni tanlaydi. Uning tanlovlari jamiyatda keng tarqalgan «omad formulasi»ga asoslangan: go‘zal bo‘l, o‘zingni boyga «sot» – hayotda o‘z o‘rningni top. Film shunchaki uch qiz haqida emas – u jamiyatdagi ma’naviy tanazzul, moddiyotga o‘zini almashtirgan avlod haqida.

Joyka esa mutlaqo teskari obraz. U ham yirik shaharga keldi, u ham jozibali edi, u ham imkoniyatlar «botqog‘ida» yurardi. Lekin u «omad formulasi»ni rad etdi.

Pul uchun, karera uchun, model bo‘lish uchun Emiratga borgan, o‘zlarini osongina taklif qilgan, mashina bu hamma narsa – omad degani, deya selfi qilgan bosh roldagi qizlar bilan Joykani taqqoslash biroz noo‘rindek.

"Meni sotib ol" filmidan

«Meni sotib ol» kinosini rus tomoshabinlari ham «hazm» qila olmagan. Bir paytning o‘zida bunday oson hayotni tanlagan ayollar ko‘pligini tan ham olishgan va bundaylarni ko‘rsatishdan maqsad nimaligini tushunishmaganini yozishgan. Ammo «Joyka» kabi kinolar, men erkinman, istaganimni qilaman degan har qanday insonni o‘ylashga chaqiradi.

Aynan mana shunday erkinlik tushunchasi Joykaning obrazida o‘z aksini topadi. U nafaqat sahnada erkin harakat qiladigan balerina, balki hayotda ham o‘z prinsiplariga sodiq qolgan, hech qanday moddiy yoki boshqa manfaatlar evaziga o‘z qadr-qimmatini toptamagan kuchli ayoldir. Uning erkinligi – bu jamiyatning unga tiqishtirmoqchi bo‘lgan qoidalarga bo‘ysunmaslik, o‘z tanlovini o‘zi qilish va o‘zligini saqlab qolishdir. Erkinlik faqatgina istagan ishni qilish emas, balki o‘z qarorlari uchun javobgarlikni his qilish, o‘z prinsiplariga sodiq qolish va tashqi bosimlarga qarshi tura olishdir. Joykaning erkinligi aynan mana shunday ichki mustaqillikda namoyon bo‘ladi.

Possovet mamlakatlarida kuzatadiganimiz «odob» va «uyat» degan tushunchalar ortiga ko‘p narsa yashiriladi: zo‘ravonlik, reproduktiv huquqlardan mahrumlik, hatto ayolning o‘z sog‘lig‘i ustidan qaror chiqarish huquqi.
Ko‘pchilikda tanani himoya qilish – buzuqlik, erkinlik so‘rash –   xohlagan ishini qilish deb tushuniladi. Lekin Joyka kabi obrazlar ko‘rsatadiki, ayolning tanasi – uning olami. U o‘z tanasi orqali nafaqat mukammallikni, balki og‘riq va ozodlikni ifoda qiladi. Joyka – juda kam gapiradigan qahramon. Uning tanasida so‘z bor. Tanasi baletda yurib, ruhi orqaga chekinadi. Joykaga ham takliflar bo‘ladi, sen yaxshi raqqosasan, lekin bu yo‘lda tanangni ham «ishga sol» degan ma’noda. Ammo u bunga rozi bo‘lmaydi. Undan asosiy rolni ijro etishi uchun pora so‘rashadi va bu xabar Amerikagacha yetib boradi. Qiz pul bilan ko‘tarilishni ham rad etadi. Gazetalarda u haqda balet teatrining sotqini degan maqolalar chop etiladi. Ishsiz qolgan Joyka yana qing‘ir yo‘ldan yurmaydi, o‘ziga boyvachcha yigit qidirmaydi, ota-onasining pulidan foydalanmaydi, balki farrosh bo‘lib ishlashni afzal ko‘radi.

Bu uning g‘ururli ekanidan dalolat. Afsuski g‘urur – qachonlardir erkaklarning xususiyati sifatidagina ko‘rilgan. Joyka esa kino orqali ayol g‘ururining yangi obrazini yaratadi. U xuddi shunday deb turganday: «Agar menga hech qanday yo‘l qoldirishmasa ham men tanlayman, meni tanlashlariga yo‘l qo‘ymayman».

Har kimning hayotida bir payt keladi – tanlov vaqti. Bir tomonda imkonlar, ammo ularning ichida og‘riq, poraxo‘rlik, o‘zini sotish yoki kimgadir «taqdim etish». Ikkinchi tomonda – tazyiq, kamsitish, lekin ozodlik. Ozodlik – hech kimniki bo‘lmaslik, faqat o‘ziniki bo‘lish.

Mana shunday qahramonlarni ko‘rganda, inson o‘ziga bir savol beradi: «Men o‘z g‘ururimni saqlab qolish uchun qanday tanlovlar qila olaman?»   

Joyka demokratik mamlakatda tug‘ilib, unda o‘zga qoida va qadriyatlarga asoslangan, erkinlik muhitida o‘sgan bo‘lsa ham, konservativ muhitda erkinligini saqlab qolgan.  

Rejissyor Liam Maguren bir intervyusida baletni «jozibali, ammo axloqiy botqoq» deb ta’riflagan edi. Bu ibora ortidagi achchiq haqiqatni Joykaning hayoti orqali yanada yaqqol his qilish mumkin.

Joyka baletni chin yurakdan sevardi. Sahnada u xuddi shamol kabi aylanar, har bir harakati juda katta ma’noni aks ettirardi. Lekin u bu san’atning qiymatini tanasining hisobidan emas, iste’dodi va mehnati bilan to‘lagan. Joykaning qadrli tomoni aynan shu edi: u botqoqqa botmasdan o‘zining jozibali dunyosida yashadi.

Afsuski jamiyatimizda ayrim qizlar «erkinlik» va «omad» niqobi ostida arzon aldovlarga uchmoqda. Ular uchun tashqi joziba hayotdagi barcha eshiklarni ochib beradi. Lekin u eshiklar ortida nima borligi haqida kamdan-kam o‘ylashadi. Joyka esa shu eshiklardan ehtiyot bo‘lib o‘tgan, har qadamda o‘z qadrini asragan, u yurish mumkin bo‘lgan yo‘ldan emas, yurish lozim bo‘lgan yo‘ldan bordi.

Balet undan qattiq tartib va intizom talab qilardi, lekin hayot yanada og‘ir sinovlar talab qildi. U ham «tavsiya»lar olgan, unda ham tanlov uchun qing‘ir yo‘llar bo‘lgan, ammo Joyka har gal «yo‘q»deyishni bilgan. Bu «yo‘q» deyishlar uning erkinligini cheklamadi – aksincha, uning haqiqiy qiymatini belgiladi. «Joyka» kabi kinolar, u kabi qahramonlar bizga saboq bo‘lishi mumkin: go‘zallik – bu tananing emas, tanlovning go‘zalligi. Qiz bolaning haqiqiy qiymati uning faqat tashqi ko‘rinishida emas, balki ichki go‘zalligidadir. U bizning hozirgi olatasir zamonamiz uchun juda kerakli va muhim obraz. U sizga  erkinlikni qaytadan shunday ta’riflayotgandek: erkinlik – bu hayot sizni tanlaganda emas, balki siz hayotni tanlaganingizda paydo bo‘ladi.

Barno Sultonova

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети