Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Biznes ombdusman tadbirkorni himoya qiladi – tadbirkor milliy brend yaratadi yoxud Sirdaryoda nimalarni ko‘rdik?

Biznes ombdusman tadbirkorni himoya qiladi – tadbirkor milliy brend yaratadi yoxud Sirdaryoda nimalarni ko‘rdik?

foto: Xabar.uz

Press-turda har doim yangi qahramonlarni kashf qilaman. Qolaversa, bunday tadbirlar yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatish va muammolar bilan yuzlashish imkoni ham beradi. Keyin ko‘rgan, eshitganlarimni taroziga qo‘yaman. Zamondoshim bosib o‘tgan yo‘llari: muammolar va  uzatilgan qo‘llar orqali erishgan yutuqlarini sarhisob qilaman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman devoni OAV vakillari uchun Sirdaryoga uyushtirgan press-tur kutganimdan ko‘ra ko‘proq taassurotlarga boy bo‘ldi. Mavzu «Milliy brendlar orqali global bozorga: Sirdaryoda tadbirkorlarning huquqlari va biznes imkoniyatlari».

His qilganim tadbirkorlik – shunchaki tadbirli va uddaburon bo‘lish degani emas ekan. Tadbirkor qonunni bilishi, huquqini himoya qilishi va davlat idoralari bilan teng munosabatda gaplasha olishi kerak bo‘lgan shaxs. Ammo, amaliyotda bu doim ham shunday bo‘lavermaydi. Joylarda tadbirkor huquqlari buzilayotgani, ba’zida esa uning qonundan bexabarligi oqibatida to‘siqqa uchrayotganini seminarda ishtirok etayotgan jonli guvohlar–tadbirkorlardan bilib oldik. Ular bizga Biznes ombudsmanning bu masalada qanday yordami tegayotganini aytib berishdi.  

Umuman olganda Biznes-ombudsman institutining butun faoliyati davomida (8 yilda) tadbirkorlarning qariyb 50 mingta murojaatlari ko‘rib chiqilgan. Aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha davlat organlariga nisbatan 14 mingdan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilgan.  

Davlat organlarining 1 300 dan ortiq qaror va hujjatlari bekor qilingan, 10 mingdan ortiq mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan, tadbirkorlarga noqonuniy olib qo‘yilgan 12,6 ming gektardan ortiq yer maydonlari qaytarilgan. To‘g‘ri tanqidni yaxshi ko‘radigan jurnalistlar uchun bu faktlar oddiy sonlardan iborat hisobot bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo har bir raqam ortida bir inson taqdiri turibdi. Va o‘sha raqamlar ortidagi har bir tadbirkor bugun yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqda.

Tadbirkorlardan talab qilinadigani esa yuqorida aytganimizdek, o‘z huquqini bilish va huquqi buzilganda Biznes-ombudsman kabi vakolatli tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilish. Bugungi texnologiya rivojlangan zamonda Biznes-ombudsman devoni tadbirkorlarni maksimal darajada qamrab olish uchun raqamlashtirishga alohida urg‘u bergan –  «Yagona davlat nazorati» hamda «Tadbirkor virtual ofisi» axborot tizimlari mavjud. Ushbu tizimlar orqali tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlarning qonuniyligi masofadan turib monitoring qilinadi hamda ularning murojaatlari bo‘yicha tezkor huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

Doim aholi orasida yoki ijtimoiy tarmoqlarda ilgarigi yopilib ketgan zavod-fabrikalarni qo‘msaydiganlarni uchrataman. Mana bunday press- turlar orqali esa o‘sha davrda bo‘lmagan sex va zavodlarni, korxonalarni kashf qilaman. Va beixtiyor biz ko‘nikkan bir paytlardagi zavod-fabrikalar yo‘qdir, lekin boshqacha, zamon talabi bilan bunyod bo‘layotgan tadbirkorlik korxonalari bor. Faqat farqi hozir ishchilarning mehnati yengillashgan, stanoklar avtomatlashtirilgan, kompyuterlar bilan boshqariladi... 

Biz borgan ilk manzil – «WANG DA GROUP» Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ilk ochiq muloqotida muammosi hal bo‘lgan korxona 2017-yildan buyon Sirdaryoda turli ishlab chiqarish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. 2020-yilda metalloprokat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihasini ishga tushirishi arafasida induksion pechlardan foydalanishga qo‘yilgan taqiq natijasida korxona iqtisodiy qiyin vaziyatga tushib qoladi. 2021-yilda Prezidentning tadbirkorlar bilan ilk ochiq muloqoti davomida korxona tomonidan ko‘tarilgan ushbu masala ijobiy hal etildi. Tegishli qarorga qo‘shimcha kiritilib, sanoat xavfsizligi talablarini bajargan holda qurilish uchun metall mahsulotlari ishlab chiqargan korxonalarga induksion pechlardan foydalanishga ruxsat berilgan.

Yana bir «EURASIA GAZ BETON» korxonasi 2019-yilda tashkil etilgan. Niderlandiyadan olib kelingan uskunalar gazablok ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, yiliga 450 ming kub gazabeton ishlab chiqarish va 6 mln. dollarlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatiga ega.

Avvalgiday hamma ish qo‘lda bajarilmaydi. Shu yerda ishlayotgan Durbek ismli yoshgina yigit mahsulotning qancha bosimga chidamli ekanligini o‘lchab ko‘rmoqda, kuch ishlatib emas, balki kompyuter yordamida...

Xo‘sh biznes ombudsman bu zavod bilan qanday tanishgan?

Shu korxona mutaxassisi A. Hamzayevning bizga ma’lumot berishicha, zavodni qurish jarayoni karantin paytiga to‘g‘ri kelgani sababli o‘z muddatida yakunlanmagan va soliq organlari tomonidan 3,3 mlrd so‘m mol-mulk solig‘i hisoblangan. Biznes-ombudsman tomonidan tegishli mas’ul tashkilotlar masalaga jalb qilinib, qayta hisob-kitob natijasida murojaatda qayd etilgan ortiqcha soliqlar bekor qilinishiga erishilgan!  

Press-turning navbatdagi manzillaridan biri «POLY TEX SIRDARYO» MChJ korxonasi bo‘ldi. O‘tmishning suratlariga qarasangiz zavod-fabrika ishchilari qanchalik og‘ir sharoitlarda ishlaganini ko‘rasiz. Har bir kalava oldida bir ishchi ishlayotganiga ko‘zingiz tushadi. Bugun unday emas. Kompyuterni boshqaradigan ishchilardan tashqari sexda  faqat uzilgan iplarni ulayotgan va tugagan kalavalarni almashtirayotgan ayollarni uchratasiz.

2011-yilda tashkil etilgan ushbu korxona Germaniya davlatidan olib kelingan uskunalar yordamida ip kalava mahsuloti ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yillik quvvati 6 ming tonna bo‘lib, 8 mln. dollarlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatiga ega. Korxona 1200 dan ziyod kishini ish bilan ta’minlagan.

Korxona rahbari gaz ta’minoti korxonasi tomonidan hisoblangan qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Biznes-ombudsman tomonidan masalaga tegishli mas’ul tashkilotlar jalb qilindi. «Hududgaz Sirdaryo» gaz ta’minoti filiali tomonidan MChJga qarashli paxtani qabul qilish va ip kalava ishlab chiqarish muassasasida sarflangan tabiiy gaz bo‘yicha hisoblangan qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.

Tayyor turing, press turning eng qiziqarli va qiziqarli sayohatiga guvoh bo‘lasiz.

Press-tur yakunida Sayxunobod tumanining aholini kambag‘allikdan chiqarish borasidagi muhim tajribasi bilan tanishildi. O‘tgan yili mart oyida davlat rahbarining Sayxunobodga tashrifida berilgan topshiriqlar asosida, bu yerda yangicha yondashuv joriy etildi, ya’ni Sayxun tajribasi: «1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad» mezoni asosida aholi uchun biznes rejalar ishlab chiqildi.

Bunda issiqxonalar tashkil etilib, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilishi, parrandachilik  va boshqa kichik biznes loyihalari ko‘zda tutilgan edi. Ko‘zda tutilgani boshqa amaliy ish boshqa-da. Faqatgina tinimsiz targ‘ibot, aholi orasida bo‘lish ijobiy samara berishi mumkin.

– Ba’zi odamlarni «uyg‘otish» kerakligi ma’lumi bo‘lib qoldi, – deydi biz bilan suhbatda, yurtimiz rahbari o‘zi ishonch bildirgan Sayxunobod tumani Savdo-sanoat palatasi boshlig‘i Shoira Shamatova. – Masalan ikki qo‘shnining ro‘zg‘orini olaylik, suvi bir, yeri bir, ishchi kuchi bir. Birining hovlisi obod, hayoti farovon, ikkinchisi esa qaysidir daftarda ro‘yxatda turadi. Shunda bildimki, qiynalgan odamlarga baliq emas qarmoq berish kerak ekan. 70 ga yaqin targ‘ibotchilarni, ya’ni «uyg‘otuvchi»larni tayyorladik, seminarlar o‘tkazdik. Ularning ishi tomorqasi bor xonadonlarga borib odamlarni ishlashga undash. Ularning bedasini o‘rdirib daromad keltiradigan ekin ekdirishning o‘zi bo‘lgani yo‘q...

 

– Doim odamlarga aytaman uyingga mehmon kelsa bir bog‘ bedani oldiga qo‘yolmaysan, daraxt  yoki uzum eksang kelgan mehmoningni meva bilan siylaysan, ortganini sotasan. Bo‘sh yotgan yeringni bog‘ qil, mana men 13 sotix joyda uzumzorim bor, hamma qatori hovlimda, yiligi 50 million so‘mgacha daromad olaman, undan tashqari deyarli hamma masjidlarga tarqataman, qo‘shnilarimga beraman, – deydi Turon mahallasida yashovchi  75 yoshli otaxon Tursunboy Aripov. – Dam olmaysizmi, qariganda ishlab nima qilasiz, deyishadi. Men dam olish uchun dunyoga kelmaganman. Mehnatlarim, odamlarni ishlashga da’vatim tufayli yurtimiz rahbari e’tiboriga tushdim – yer yumshatadigan traktor berishdi. Qayerda bo‘sh yotgan yerni ko‘rsam g‘ashib keladi, yerga ichim achiydi, ota-bobolarim vodiylik, turmush o‘rtog‘im, kelinim vodiylik. Bilasiz u tomonlarda bir qarich yer ham bo‘sh turmaydi.

Ha gap buyoqda ekanda. Men uzumlarning bunday ko‘tarilgan holatini faqat Farg‘onaning Oltiarig‘ida ko‘rgan edim. Rostdan ham vodiyliklar mehnatkash va bir parcha yerni ham quruq qo‘ymaydi degan gapning haqiqiy isbotini ko‘rdim. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak chetga eng kam ishlagani ketadiganlar bu vodiylik hamyurtlarimizdir.

Otaxonning o‘g‘li Sayhunobod tajribasidan keyin tadbirkorlarga yanayam keng imktiyozlar berilganini eshitib Rossiyadan qaytib keladi...

– Opa men Rossiyadan qaytsam nima ish qila olaman, qanday biznes boshlasam bo‘ladi, deb so‘radi Azamat bir telefonda gaplashganimizda, – deydi Shoira. – Qanday ish boshlayman desang yoningda turamiz, qayt uyingga dedim. Hech qancha o‘tmay Azamat oilasi bag‘riga qaytdi.

–Men o‘n yil oldin imkonsizlikdan Rossiyaga ketganman, o‘shanda ham shu parrandachilikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lib juda ko‘p to‘siqlarga uchraganman, – deydi, Azamatning o‘zi biz bilan suhbatda. – Hozir O‘zbekistonda imkoniyatlar kengayibdi, o‘tgan yili 500 ta tovuqdan tasavvur qiling har kuni 495 ta tuxum olardim. Hech qachon tuxumga talab pasaymagan.  Germaniyadan keltirilgan tuxumdan ochirilgan 2000 ta jo‘ja boqayapman. Har birini 10 ming so‘mdan olgan jo‘jalarim har ikki kunda ustiga ikki ming so‘mdan qo‘shilmoqda, o‘tgan kuni donasini 24 mingdan so‘rashgandi, mana bugun 26 ming so‘mga chiqdi. Keyinchalik ularning sonini 100-200 mingga yetkazish niyatim bor.

Hovlidan chiqib keatatyotganimda 10-12 yoshlardagi qizaloqqa ko‘zim tushdi. U bilan biroz suhbatlashdim, dadang uyda ekanligi yaxshimi deb so‘radim, tortinchoq qizaloq ko‘zi yoshga to‘lib birgina gap aytdi: endi dadamni sog‘inmayman (har kuni oldimda demoqchi bo‘ldi).

Ketayotganimizda Shoira faxr bilan mashinani ko‘rsatib dedi: «bu o‘tgan yili Prezidentimizning otaxonga qilgan hadyasi».

Azamat hamyurtlarimizga qarata bejiz xorijga ketmangsizlar, o‘zimizda ham imkoniyatlar kengaymoqda, qaytingsizlar, hatto uyoqlardan yaxshiroq pul topishingiz mumkin o‘z mehnatingiz bilan demadi. Chunki otasiga o‘z yurtida ko‘rsatilgan muruvvat, ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirish uning ham insoniy, ham vijdoniy burchi edi-da.

Yana bir xonadonga yo‘l oldik. Bu fayzli uyda «Ibratli oila» ko‘krak nishoni sohiblari yashashar ekan. Bu ibratli oilada 6 o‘g‘il voyaga yetgan... 86 yoshli ko‘p yillar o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Yo‘lchi ota Rahmonov faxrlanadi: «Yo‘lchiyevlar oilasida 17 nafar oliy ma’lumotlilar bor». Farzandlaringiz orasida Rossiyaga ketganlari yo‘qmi, deb so‘rayman, yo‘q deydi boshini sarak- sarak qilib otaxon, Amerikada yashayotgani bor...

Bu oilada bulg‘or qalampiri uchun issiqxona qurilgan.

– 7 sotix yerga o‘tgan yili 48 million kredit olib issiqxona qurdim, har yili ikki marta ekin ekib 40 mln. so‘mga yaqin daromad olardik, bu yil mart oyining boshida bulg‘or qalampirini ekkan bo‘lsam yozning boshidayoq 22 million daromad oldim, yana 4-5 oy uzluksiz bozorga yetkazib beramiz, – deydi Yo‘lchi otaning o‘g‘illaridan biri Akrom Rahmonov...

Har ikki xonadondagi yashillikni ko‘rib Sirdaryoda suv yo‘q, qurib qaqshab ketadi ekin ekilsa degan fikrlar dangasalar o‘ylab topgan gapmikan, deb o‘ylab qoldim.

Kichkinagina hovlida o‘rikning ikki uch xil navi, olmalar, pomidor bodringlar pishib yotibdi... hatto mashina balloni ichiga ham gul ekilgan...

Press-tur nihoyasiga yetdi. Yo‘lda ham uning taasurotlari meni tark etmadi: rostdan nima uchun hovlisi bir, tomorqasi bir, suvi bir, ishchi kuchi bor bir xil oilalar farovon, bir xil oilalar esa kambag‘al...

Shunda... Tursunboy otaning gaplari esimga tushdi: «Mening g‘ashim keladi tomorqasi bo‘lib ishlamay yotgan odamni ko‘rsam, urishib kelaman uyiga borib turib ishlanglar, men o‘rgatay, to‘kin yashanglar deyman, yoki bo‘lmasa bog‘cha bollarini, maktab bolalarini olib kelinglar, bog‘imni ko‘rsatay yoshligidan yerga mehr qo‘ysin deyman...»

Keyin Shoiraning gapini eslayman: «Ba’zilarni ishlatish oson emas, ularni uyg‘otish uchun mana shunaqa gullab-yashagan xondonlarga olib boraverishimiz, shunda ham harakat qilmasa eshigining tagida yotvolishimiz kerak va oz-ozdan bo‘lsayam natijaga erishayapmiz, shunday qilsa bo‘larkanda, menam endi ish boshlayman deydiganlar ko‘payayapti. Keyin telefonda gaplashadi: ha, yordam beraman, boraman, qachon boray opa... Savol nazari bilan qarayman, u: «Feruza opa telefon qilayapti, kelinim bilan o‘g‘limni Rossiyadan qaytarmoqchiman, mengayam ish o‘rgatinglar, yordam beringlar deyapti...»

Safar taassurotlariga so‘ngi nuqtani qo‘yarkanman, dilimda bir umid paydo bo‘ldi: albatta yozganlarimiz, aytayotganlarimiz birgina odamni bo‘lsa ham o‘zgartiradi. Yana bir oilaning oila boshi yoki farzandi muhojirlikdan qaytsa, shunda tajriba o‘zini oqlagan bo‘ladi...

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети