Aks-sado: predmet va fanning nima farqi bor?
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida 2018-yilning 23-mart kuni to‘rtko‘llik matematika fani o‘qituvchisi Murodjon Xo‘janiyozovning «Ta’lim muammolari darsliklardan boshlanmoqda» nomli maqolasi e’lon qilingan, unda muallimning 10-sinf matematika darsligi bilan bog‘liq e’tirozlari bayon etilgan edi. Oradan bir kun o‘tib ushbu darslik mualliflaridan biri Shuhrat Ismoilovning javobi taqdim etildi. Yuqoridagi ikki maqolani o‘qib, menda ham ushbu holat yuzasidan o‘z fikrimni bildirish istagi tug‘ildi.
Maktabda qaysi fandan dars berishimizdan qat’i nazar, u biologiya, kimyo, tarix, mehnat, matematika, fizika bo‘ladimi, biz universitetda ushbu fanni o‘qitish metodikasi degan fanni o‘qiganmiz, u yerda ushbu fanni o‘quvchilarga qay tartibda va qanday usullarda yetkazish mumkinligini atroflicha o‘rganganmiz. Avvalo maktab darsliklari haqida fikr yuritishdan oldin «predmet» va «fan» orasidagi farqni to‘g‘ri tushunib olishimiz lozim. Hech e’tibor berganmisiz, maktabdagi sinf jurnallariga yoki o‘quvchilarning kundalik daftarlariga odatda «fanning nomi» emas, balki «predmet nomi» deb yoziladi. Demak, maktablarda fan emas, predmet o‘qitilar ekan, xo‘sh, ular o‘rtasidagi farq nimadan iborat?
Men buni odatda birinchi kursga qabul qilingan talabalarga darsga kirganimda birinchi ma’ruzamda quyidagicha tushuntirishga harakat qilaman. «Butun boshli biologiya — okeanda suzib yurgan ulkan aysberg. Uning suvdan tashqariga chiqib turgan va biz ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan qismi — sizlar maktabda o‘qigan biologiya, ya’ni predmet. Oliy ta’limda esa biz siz bilan uning ostki, ko‘zga ko‘rinmas qismini o‘rganamiz, ya’ni haqiqiy fanni. Predmet ma’lum bir fanning aniq, o‘rganilganda mavhumlikka, oxiri yo‘q savollar qarshisiga olib bormaydigan qismidir. Haqiqiy fanning esa tubi mavjud emas, unga qancha chuqur kirib borilgan sari siz yanada tubsizlikni his qilib boraverasiz». Biz maktablarda har bir fanning ana shunday aniq va lo‘nda, o‘quvchilar uchun fundamental asosiy qismi haqida ma’lumot beramiz. Bu fikrlar har bir maktab predmetiga tegishli bo‘lib, ushbu predmet yuzasidan darslik yozayotgan mualliflar buni juda yaxshi bilishadi.
Xuddi mana shu nuqtada ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘layotgan bir jihat mavjud, ya’ni darsliklar chindan ham o‘quvchi tushuna olmaydigan darajada murakkab tilda yoki ayrim mavzularda boshi berk ko‘chaga olib kiradigan uslubda yozilmoqdami? Bu savolga aksariyat maktab o‘qituvchilari ha deb javob beradi. Bu masalani chuqur tahlil etmagan yoki sohaga aloqador bo‘lmagan kishi o‘qituvchi va soha vakillarining iddaolariga quloq tutar ekan, rostan ham darsliklarni soddalashtirish lozim deb o‘ylaydilar. Xuddi mana shu yerda men sizga vaziyatni narigi tarafdan kuzatish va xolis baholashni taklif qilaman.
Darsliklarga «murakkab», «bola yoshiga mos emas», «mujmal» kabi sifatlarni avvalo kim beradi? Ha, to‘g‘ri topdingiz – o‘qituvchi! Endi savol tug‘iladi: qanday o‘qituvchi? Mana shu savolga men o‘zim javob bera qolaman, o‘z fanini yoki dars o‘tadigan sohasini chuqur bilmaydigan o‘qituvchigina mana shunday fikrni beradi. Men doim takrorlaganman, agar o‘qituvchi o‘zi mavzuni yaxshi tushunmasa, uning mohiyatiga yetib bormasa, hech qachon ushbu mavzuni o‘quvchiga tushuntirib bera olmaydi. O‘qituvchida bilim, malaka va metodika bo‘lsa, har qanday yoshdagi o‘quvchiga istalgan mavzuni tushuntirib berish yo‘llarini izlab topadi, o‘quvchini darslikdagi mavzularning yoritilishidan qat’i nazar kerakli yo‘nalishga yo‘naltira oladi.
Gaplarim quruq bo‘lmasligi uchun sizga ikkita hayotiy voqeani misol qilib keltiraman. Ularning birinchisi bir kasbdoshim bilan yuz bergan. Kasbdoshim Farg‘ona viloyatidagi maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirish institutida biologiya o‘qituvchilari bilan suhbatlashganda aksariyat o‘qituvchilar 9-sinf biologiya darsligidagi «Oqsil biosintezi» mavzusi nihoyatda murakkab yozilganini, o‘quvchi uni tushunishga qiynalishini aytib, shu mavzuni qanday qilib bolaga oddiy qilib tushuntirish mumkinligini so‘rashadi. Shunda kasbdoshim aynan savol berganlarga «siz o‘zingiz mana shu mavzuni yaxshi bilmaysiz, mana shuning uchun ham uni o‘quvchilarga tushuntirishga qiynalasiz» deya javob qaytaradi. Savol bergan o‘qituvchilar rostan ushbu mavzuni yaxshi tushunmasliklarini aytib, uni tushuntirib berishni so‘rashadi.
Ikkinchi voqea esa o‘zim bilan sodir bo‘lgan. O‘tgan o‘quv yilida Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida kollej va litseylarning biologiya o‘qituvchilariga dars o‘tdim. Kurs avvalida guruhdagi viloyatdan yig‘ilgan o‘qituvchilar orasida kirish testi sifatida biologiyaning bazaviy qismiga aloqador, mustaqil fikrlab topsa bo‘ladigan va o‘z ustida ishlaydigan har bir o‘qituvchi topa oladigan qilib ochiq va yopiq tarzda test savollari tuzib imtihon o‘tkazdim. Natija esa hayratlanarli darajada edi, ya’ni o‘qituvchilarning umumiy bilish darajasi 11,5 foizga teng!
Bu nima ekanligini tasavvur qilayapsizmi? Xuddi mana shu guruhdagi aksariyat o‘qituvchilar ham darsliklarning murakkabligi, ayrim mavzularni o‘quvchilarga tushuntirish qiyinligi haqida gapirishgan edi. Endi insof bilan ayting-chi, bilish darajasi haminqadar bo‘lgan o‘qituvchi qanday qilib murakkab mavzularni o‘quvchiga tushuntirib bera oladi? Bu gapim bilan hamma o‘qituvchilar bilimsiz, o‘z fanini bilmaydi demoqchi emasman, ular orasida o‘z fanining haqiqiy mutaxassislari bor, lekin, afsuski, ular barmoq bilan sanarli darajada kam. Bunday holatni tuman olimpiadalarida ayrim o‘qituvchilarning oddiy bir savolning javobini izlash jarayonida ham kuzatish mumkin. Eng achinarlisi, ayrim holatlarda o‘quvchilar o‘qituvchilar yo‘l qo‘ygan xatolarni ko‘rsatib berishadi.
Aynan biologiya fanidan 10-sinf o‘quvchilari uchun yozilgan darslikning rus tilidagi nashri bilan batafsil tanishib chiqdim. Darslikda asosan 9-sinf biologiya darsligidagi hamda litsey va kollejlar uchun chop etilgan biologiya darsligidagi mavzular takroran berilibdi. Lekin e’tirof etishim lozimki, darslik yozayotganda mualliflar mavzularning ilgarigidan murakkabroq chiqishiga harakat qilishgan. Qo‘shimcha ilmiy ma’lumotlar, rasmlar, jadvallar berib o‘tilgan. Ayniqsa mualliflar orasida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori J.Tolipovaning borligi darslikdagi mavzular yoritilishida shundoqqina sezilib turibdi. Men mutaxassis sifatida darslikdagi mavzularning murakkabligi va yozilish uslubiga hech qanday e’tiroz bildirmayman. Aksincha, bu borada hurmatli maktab o‘qituvchilarimizga aytadigan bir-ikki og‘iz maslahatlarim bor.
Hurmatli kasbdoshlar, aziz ustozlar, maktabda o‘quvchilaringiz bilan dars jarayonini tashkil etar ekansiz, vazirlik tomonidan ushbu fan uchun tavsiya etilgan darslik sizning birlamchi manbangiz hisoblanadi, lekin aslo yagona emas!
Faqat maktab darsligi bilan cheklanib qolish o‘quvchilarning ushbu fanni o‘zlashtirishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Istalgan mavzu bo‘yicha dars o‘tishdan oldin ushbu mavzuga oid darslik va qo‘shimcha ma’lumotlar bilan avvalo o‘zingiz tanishib chiqsangiz, mavzuni o‘qitish metodikasiga oid adabiyotlarni ko‘zdan kechirsangiz foydadan xoli bo‘lmaydi. Bugungi kunda fan shu darajada ildamlik bilan rivojlanmoqdaki, o‘tgan yilgi ma’lumot bu yilga kelib eskirmoqda yoki mavjud muammolar o‘z yechimini topmoqda. Internet mavjud bo‘lgan joyda bunday ma’lumotlarni topish uchun qo‘l barmoqlarini harakatlantirishning o‘zi kifoya qiladi. Shu holatda ham darsliklar bo‘yicha fikr-mulohaza, e’tiroz va taklifingiz bo‘lsa, ularni albatta mualliflarga yetkazing, ular bundan faqat va faqat xursand bo‘lishadi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter