Bir qop piyoz yoki maktab qorovulining oyligi barobarida...
Bugun millatimiz kelajagi uchun og‘riqli nuqtalardan biri haqida gaplashamiz. Ya’ni, yozuvchi-shoirlarga beriladigan qalam haqi — gonorar xususida. Buning nimasi muammo deyishga shoshilmang.
Xorijda qanday?
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniyada yozuvchi va shoirlar yaxshi daromad topishadi. Shu bois ularning ko‘pchiligi mamlakatimizdagi yozuvchi-shoirlar kabi boshqa sohalarda faoliyat yuritishmaydi. Ya’ni, faqat ijod bilan mashg‘ul bo‘lishadi.
Aksar davlatlarda qalam haqi yozuvchi-shoirlarning faoliyat staji va muvaffaqiyatiga bevosita bog‘liq holda to‘lanadi. Masalan, yangi ijodkorlar (1 yillik tajribaga egalar) yiliga 25-30 ming dollargacha qalam haqi olishi mumkin, bundan tashqari, bayramlarda qo‘shimcha haq va bonuslar to‘lab boriladi. Bu oyiga o‘rtacha 2-2,5 ming dollardan tushadi.
2-9 yillik tajribaga ega yozuvchi va shoirlar boshlang‘ich daromadi o‘rtacha 50 ming dollar miqdorida gonorar oladi. Oyiga taxminan 4,1 ming dollar.
10-19 yillik tajribaga ega tajribali adiblar 75 000 dollar miqdorida gonorar oladi. Bu oyiga 6250 dollar degani. 20 yil va undan yuqori tajribaga egalar o‘rtacha 84,500 dollar miqdorida gonorar oladilar. Bu oyiga salkam 7 ming dollardir.
Bunda, albatta, soliq xarajatlari ham bor. Masalan, "Forbes" talqini bo‘yicha eng boy yozuvchi hisoblangan Joann Rouling 2021 yilda 1 mlrd. dollar foyda ko‘rgan. U o‘z asarlari uchun 2019 yilda 48,6 million funt sterling soliq to‘lagan.
Rossiyalik yozuvchi va shoir Olli Vinget nashrdan chiqqan har bir kitobi uchun 150-200 ming rubl gonorar oladi. Bu taxminan 2500 dollar atrofida, o‘zbek so‘mida esa 30 millionga yaqin. Rossiyada bu an’ana azaldan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Pushkin ham o‘z asarlari uchun mo‘maygina haq olgan va o‘z davrining eng boy shoirlaridan bo‘lgan.
"Forbes" talqiniga ko‘ra, qozoq yozuvchilari yiliga 300-450 ming tenge miqdorida foyda ko‘rishlari mumkin. Bu taxminan 700-1000 dollarni tashkil qiladi. Ko‘rinib turibdiki, qardoshlarimiz bu borada maqtanadigan darajada emas. Lekin har holda kam bo‘lsa-da, bor ekan qalam haqi.
Bizda qanday?
Keling, avvalo, rasmiy hujjatlarga razm solib ko‘raylik. O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi «Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq kitob mualliflariga beriladigan qalam haqi 85 foizga ko‘paygan.
Misol uchun, maktabgacha va kichik yoshdagi bolalar uchun nasriy asarga buyurtma bergan nashriyot kitobni 20 ming nusxada chiqaradigan bo‘lsa, nashriyot muallifga tabog‘i uchun taxminan 2 million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda yozuvchiga qalam haqi belgilaydi. 20 ming nusxadan kam bo‘lmagan she’riy kitob muallifiga har bir satr uchun 8610 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda qalam haqi to‘lanadi.
Ilgari nashriyotlar tomonidan badiiy asarlar uchun 5 koeffitsiyentda gonorar berilgan bo‘lsa, endi mazkur ko‘rsatkich 8 ga oshirilgan. Ehtimol, bu barcha nashriyotlarga tegishli emasdir, lekin yuqoridagi gonorar miqdorlari aksariyat hollarda hozircha faqat qog‘ozda qolmoqda. Daromad solig‘i haqida gap bo‘lishi mumkinmas, chunki bu soliq daromad bor joyda undiriladi.
Biz boshida eslagan og‘riqli nuqtaga ham yetib keldik. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari orasidan O‘zbekistondagi yozuvchi va shoirlar qancha gonorar olishi haqida biror statistikani topa olmadik.
O‘zbek adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik intervyularining birida 100 minglab nusxada chop etilgan mashhur «Shaytanat» kitobining «qalam haqi – bir qop piyoz» qiymatiga teng bo‘lganini aytgan.
Yoki taniqli dramaturg Sharof Boshbekov 2020 yilda bergan intervyusida bu haqda shunday degan: «Charxpalak»ni yozishga to‘rt yil umrimni sarfladim (orada insult ham bo‘ldim). «O‘zbektelefilm» suratga olish uchun xarid qildi. Qalam haqimni erinmay cho‘tlab chiqdim, oyma-oyiga hisoblaganda bitta maktab qorovuli maoshidan ham kam bo‘larkan. Abdulla Qahhor «Ayajonlarim» pesasi uchun to‘langan qalam haqiga bitta «Pobeda» rusumli mashina olgan. Ilgari qalam haqining ko‘pligidan odamlarning hasadini keltirmaslik uchun bu haqda og‘iz ochmasdim. Bugunga kelib, qalam haqining ozligidan odamlarning rahmini keltirmaslik uchun jim yuribman», deya achchiq mutoyiba qilgan yozuvchi.
Ayb nashriyotlardami?
Gonorar belgilashdagi ushbu betartiblikda nashriyotlarni ayblash noo‘rin bo‘ladi. Chunki ularning aksariyati o‘z kunini zo‘rg‘a ko‘rib keladi. Davlat tasarrufidagi bosmaxonalarda ahvol yaxshiroq bo‘lishi mumkin, chunki ularning muntazam buyurtmalari bor har holda: o‘quv darsliklari, bolalar adabiyoti va shunga o‘xshash.
Avvalo kitob chiqarishning o‘zi azob, taniqli yozuvchilarniki-da hatto. Nashr qilinsayam, kamida bir yil kutishi kerak. Shundan keyin chop etilgan kitobidan xursand ijodkor qalam haqini o‘ylaydimi? Umid qilishi mumkin, lekin ko‘pga emas. Hatto qalam haqi o‘rniga o‘zining kitobidan nechtadir sotib olishga-da rozi bo‘ladi.
Aslida dunyo tajribasida unday emas. Taniqli yozuvchining asari nashr etiladigan bo‘lsa, avval shartnoma qilinadi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, adibga kitob adadi va sotuvidan tushgan daromadning 10 foizi, keyinchalik qayta nashr etilsa, yana qanchadir foizi berib boriladi. Shuning uchun chet el adiblari faqat shohasarlar, bestsellarlar yozishadi, chunki ular faqat shu ish bilan shug‘ullanadi, tirikchiligi haqida qayg‘urmaydi, turli mayda boshog‘riqlardan xoli ijod qilishadi.
«Asaxiy.uz» internet do‘koni asoschisi Firuz Allayev ana shu dunyo tajribasini qo‘llagan ilk tadbirkorlardan deyish mumkin. Uning o‘zi bizga bu haqda shunday deydi:
«Biz jahon standartini shundoq ko‘chirdik. Har bir sotilgan kitobdan ma’lum bir tirajgacha 10 foiz, o‘sha tirajdan oshsa, 15 foiz haq to‘laymiz. Bizda hamma narsa dasturlashtirilgani uchun raqamlarni yashirib bo‘lmaydi. Masalan, Yevropa va AQShda katta yozuvchilarga birlamchi gonorar ham bor. Aytaylik, Ayzekson kitob yozsa, bir nechta nashriyot raqobat qiladi. Ayzekson 10 foizdan boshqa yana birlamchi gonorar beradigan, kattaroq haq to‘laydigani bilan shartnoma tuzadi».
Kitob o‘qishdan asosiy maqsad...
Kitob o‘qishdan asosiy maqsad — o‘z savodxonligini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, fikrlash qobiliyati, erkin gapirish, nutq so‘zlash mahoratini oshirishdir. Kitobga oshno bo‘lgan odam hayotda kamdan-kam holatda qoqiladi.
Ilm-fanni, kitobxonlikni chinakamiga rag‘batlantirmoqchimisiz? Unda, marhamat, dunyoga chiqishga talpinayotgan yozuvchilarni toping, ularga yaxshi sharoit qilib bering, ijod qilsin. Yaxshi asarlar yozilib, odamlar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lsin.
Xulosa o‘rnida
Shuncha yildan beri biror marta ko‘zga ko‘rinarli foyda keltirmagan futbolga har yili milliardlab pullar ajratiladi. Hammasi havoga uchib ketadi, hatto so‘nggi yillarda o‘zbek futboli Osiyodagi avvalgi obro‘si va o‘rnini ham yo‘qotib ulgurdi.
Ayrim nashriyotlar so‘nggi yillarda mualliflarga pul berish uyoqda tursin, o‘z ishchilariga ham haq to‘lay olmay qoldi. Nashriyotlarni «otaliqqa olgan» oldingi Matbuot va axborot agentligi (hozirgi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) davrida har holda «jon saqlagan» bosmaxonalar nomi va vakolati o‘zgargach, sekin-asta o‘sha «jonni» bera boshladilar, deyish mumkin.
Xulosa shunday bo‘ladiki, davlat va hukumat qarorlari bilan gonorar miqdorlari belgilangan bo‘lsa-da, undagi tartibga deyarli hech kim amal qilmaydi. Chunki bunga nashriyotlarning imkoni ham, istagi ham yo‘q.
Haqli savol berishingiz mumkin: nega endi gonorar uchun davlat pul ajratishi kerak? To‘g‘ri, davlat bunga majbur emas aslida. Lekin millat sifatida dunyoga tanilishi uchun hozirgi kunda shunday chora qo‘llash kerak.
Yana bir savol tug‘ilishi mumkin: adabiyotimiz nega dunyoga chiqishi kerak? Bu savolga misollar juda ko‘p. Masalan, koreys, hind va turk seriallarini yotvolib ko‘ramiz. Ularni ham qaysidir yozuvchi yoki ssenariynavis yozgan. Yoki Vinni Pux, Smurflar haqidagi asarlarni olaylik, butun dunyo bolalari sevib o‘qiydi, tomosha qiladi. Yaqindagina Nobel mukofotiga ega chiqqan yozuvchining «Jannat» asari endi yanada katta qiziqish bilan qarshi olinadi. U Angliyada yashasa-da, kelib chiqishi afrikalik ekani barcha nashrlarda alohida ta’kidlandi.
Xo‘sh, aytaylik, endi biror o‘zbek yozuvchisi Nobel mukofotini olib qolsa, butun dunyo unga qiziqadimi? Qiziqishi ortidan o‘zbek adabiyoti va millati haqida tasavvurga ega bo‘ladi. Masalan, qirg‘iz millati haqida Chingiz Aytmatovning asarlari orqali juda ko‘p ma’lumot olish mumkin.
Shu o‘rinda o‘z takliflarimizni beramiz:
- davlat barcha turdagi nashriyotlarni boshdan oyoq qo‘llab-quvvatlashi, ularga katta mablag‘ ajratishi kerak;
- nashriyotlarga saviyali, so‘zi zalvorli yozuvchilarni bosh muharrir qilish, hech bo‘lmaganda ularning maslahatiga tayanilishi lozim. Shundagina oldi-qochdi kitoblar kamayadi, o‘quvchi salmoqli asarlarni yana o‘qiy boshlaydi;
Yuqoridagi takliflar amalga oshganda o‘quvchi yoshlar kitoblarni saralab, tanlab o‘qishga tushadi, yaxshi va yomon asarni o‘zi ajrata oladi. Ammo bunga yillar kerak bo‘ladi. Lekin agar kelajak uchun harakat hozirdan boshlansa, natija ham ko‘p kuttirmaydi...
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter